Boqimandalik kayfiyatidan voz kechaylik

12:17 01 Noyabr 2024 Jamiyat
186 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Kambagʻal oilalar hayotini oʻzgartirish, turmush tarzini yaxshilash uchun mamlakatimizda yangi harakat boshlandi. Hozirda barcha hududlarda bu boradagi amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Samarqandda ham.

Bulungʻur tumanidagi 55 ta mahallada 201 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 505 oiladagi 2107 nafar fuqaro kambagʻal deb topilgan. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 101 nafar masʼulga 5 tadan oila biriktirgan.

– Masʼullarning vazifasi oilalarning kambagʻallik holatiga tushish sabablarini oʻrganib, muammolarni bartaraf qilish, – deydi tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sherzod Ibragimov. – Mutaxassislarni jalb qilgan holda oilalarning oʻz tomorqasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishi, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishi hamda oila aʼzolari, ayniqsa, xotin-qizlarning kasb-hunar va xorijiy tilni oʻrganishi, ishga joylashishiga koʻmaklashishimiz kerak. Koʻpchilik buni tushunmayapti. Bizga biriktirilgan rahbarlar moddiy taʼminotimizga ham masʼul deb oʻylamoqda. Shu vaqtgacha kam taʼminlanganlarga barcha turdagi moddiy yordamlarni berib boʻldik. Natija oʻzini oqlamadi. Endi boqimandalikni yoʻqotishimiz, fuqarolarni ishlab, mustaqil pul topishga oʻrgatishimiz kerak. Ayni maqsadda ishsizlarni ishga joylashtirish uchun tumandagi 8 ta yirik tadbirkorlik subyekti bilan kelishuvga erishdik. Hunar oʻrganaman, deganlar 3-6 oylik kasbga oʻrgatish kurslariga yoʻnaltirilmoqda.

Tumandagi har bir mahallada oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual reja ishlab chiqilgan. Unda oilaga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, uy-joy, bandlik, taʼlim, hatto xulq-atvor yoʻnalishlari ham qamrab olingan. Mazkur rejalarning ijrosi oilalarga biriktirilgan masʼullar tomonidan tahlil qilib borilishi belgilangan.

– Oʻrganish maqsadida koʻp oilalarga kirdik, – deydi Sherzod Ibragimov. – Kambagʻal deyilayotganlarning aksariyatida 20-25 sotixdan boʻsh yotgan tomorqa bor. U yerga faqat kam daromadli beda yoki joʻxori ekib olingan. Toʻqsonbosti ekin ekkanlar, issiqxona tashkil qilganlar juda kam. Holbuki, yerdan unumli foydalanilganda, hech kim kambagʻal boʻlmaydi. Lekin bu endi yerga ekinni biz ekib beramiz, hosilini ular oladi, degani emas. Biz faqat jarayonga mutaxassislarni jalb qilib, ularga nima ekish, qanday parvarishlashni oʻrgatishimiz mumkin. Mehnat qilgan yaxshi yashaydi. Ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarmay, bersang yeyman, deganlarga yordam berilmaydi. Subsidiya boqimandalarni koʻpaytiradi. Kredit kambagʻalni yanada faqir, qarzdor qiladi. Harakatda barakat. Buni tushunishimiz kerak.

Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi Sarvinoz Sattorova tikuvchilik bilan shugʻullanadi. Turmush oʻrtogʻi shu kungacha mavsumiy ishlar bilan band boʻlgan. Yaqinda ishlash uchun xorijga ketibdi. Uyda 3 nafar farzandi bilan qolgan ona hunari ortidan roʻzgʻor tebratmoqda.

– Uyimizga hokim oʻrinbosari bir necha marotaba keldi, – deydi Sarvinoz Sattorova. – Oxirgi kelganida kitoblar sovgʻa qildi. Daromadimiz, yashash tarzimizga qiziqdi. Tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, yerdan unumli foydalanish boʻyicha maslahatlar berdi. Erim qaytib kelsa, bu imkoniyatlardan, albatta, foydalanamiz.

Masʼullar fuqaro va uning eriga 3 million soʻm atrofidagi maoshli ish taklif qilyapti. Farzandlarini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish boʻyicha koʻmak beriladi. Uyidan chiqmay dehqonchilik yoki hunarmandchilik qilib, yaxshi daromad qilish ham oʻrgatiladi. Lekin tekinga hech nima berilmaydi.

Sherzod Ibragimovning aytishicha, kambagʻal oilalar bilan yaqindan tanishish davomida asl sharoitini yashirib, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kirib olgan. Amalda “tagi”da mashinasi va ikki qavatli imorati bor fuqarolar ham aniqlanmoqda. Ular hech bir xijolatsiz haqiqiy ehtiyojmandlarning haqiga koʻz olaytirmoqda. Eng achinarlisi, shundaylar orasida davlat xizmatchilari ham bor. Maʼlumotga koʻra, sentyabr oyida tumandan 6088 ta oila tegishli reyestrga kiritilgan boʻlib, dastlabki oʻrganishlar xulosasiga muvofiq, 1121 ta oila undan chiqarilgan.

Ammo joylarda ayrim “haybarakallachi” masʼullarning xatti-harakati, odamlar hayotini emas, raqamlarni oʻzgartirishga intilishi ortidan muammolar yuzaga kelmoqda.

Koʻp joyda subsidiya asosida tikuv mashinasi, pishiriq pishirish pechi, motokultivator va yana shu kabi ishlatib daromad topish mumkin boʻlgan vositalar berilmoqda. Toʻgʻri, bu vositalardan samarali foydalanganlar turmushi biroz boʻlsa-da oʻzgaryapti, daromad topyapti. Lekin shu “yordam”ning oʻzi bilan qogʻozda chiqsa ham amalda kambagʻallikdan chiqmayotgan oilalar koʻp. Ayrim rahbarlar kredit berib, oʻzi kambagʻal insonni yanada qarz botqogʻiga botiryapti.

Davlatimiz rahbari boshlagan ushbu xayrli tashabbus hayotga toʻgʻri tatbiq qilinsa, masʼullar xoʻjakoʻrsinga, deb raqamlar uchun kirishmasa odamlarning hayoti yaxshi tomonga oʻzgaradi. Kambagʻal oilalarning xonadoniga yorugʻlik, dasturxoniga qut-baraka kirib, yurtimiz farovonlik sari yuz tutadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?