Bolani voyaga yetkazish va tarbiyalash boʻyicha majburiyat aniq belgilanishi zarur

19:22 22 Avgust 2022 Jamiyat
526 0

Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak, degan ezgu maqsad jamiyat hayotining barcha jabhasini qamrab olmoqda. Yurtimizda kechayotgan tub oʻzgarishlar va yangilanishlar jarayonida islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashni esa hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, belgilangan ezgu maqsad va vazifalarga erishish uchun qonunchilikni qayta koʻrib chiqish zarurati bor, desak ayni haqiqat. Parlament, xususan, Senat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ana shu jihat senatorlarning doimiy eʼtiborida boʻlib kelayotir.

Boz ustiga toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida ham belgilab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 5-avgust kuni boʻlib oʻtgan yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida qonunlar ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari atroflicha muhokama qilinishidan koʻzlangan asosiy maqsad ham oldimizga qoʻyilgan vazifalarga erishishdan iboratdir.

Aytish lozimki, monitoring oʻtkazishga bir qancha omillar sabab boʻldi. Yaʼni senatorlarning joylardagi oʻrganishlari, aholi bilan bevosita muloqotlari hamda qonunlar ijrosining holati yuzasidan oʻtkazilgan tahlillar ushbu masalani kun tartibiga olib chiqdi.

Xususan, qoʻmitamiz tomonidan amaldagi qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoringlar natijalari boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida ham bu borada muayyan kamchiliklar mavjudligi maʼlum boʻldi. Masalan, ayrim qonunlarni amalga oshirish mexanizmi aniq belgilanmagan, koʻplab havolaki normalar mavjudligi bois sohalar asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinmoqda, shuningdek, ayrim qonunlardagi normalar boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan normalarga zid. Bu esa fuqarolarimizning ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab boʻlmoqda.

“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun xususida ham ayni shu fikrni aytish mumkin.

Gap shundaki, ushbu hujjat qabul qilinganiga 15 yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlib, unda 10 dan ortiq havolaki normalar mavjud. Kamiga, bu yoʻnalishni tartibga solishga qaratilgan qonunchilik hujjatlaridagi normalar bir-birini takrorlaydi. Bu esa mazkur sohadagi munosabatlar asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishiga olib kelmoqda.

Qolaversa, Qonunda bolada huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan boʻlsa-da, uning mexanizmlari aniq belgilanmagan.

Ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxsning bolani voyaga yetkazish va tarbiyalash boʻyicha majburiyatlari nazarda tutilmagan, ota-onalar yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola sogʻligʻi va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborot yoki maʼlumotdan himoya qilinishiga oid normalar ham mavjud emas.

Yana bir muhim jihat – doʻkonlar, savdo markazlari va bozorlarda sotuvga qoʻyilgan mahsulotlarning hamda ular reklamalarining vakolatli davlat organi tomonidan bolag sogʻligʻi va dunyoqarashiga zarari yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatishi bilan bogʻliq masala ham ochiq turibdi.

Endi xalqaro huquqiy hujjatlar va tajribaga yuzlanadigan boʻlsak, BMTning “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyasida ham ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi vakillar bolalar ularning sogʻligʻi yoki dunyo qarashiga zarar yetkazmaydigan axborot yoki maʼlumotdan foydalanishiga javobgar ekanligi belgilangan.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasining qonunchiligida bolaning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bola yoshini hisobga olgan holda va bolaning muomala layoqati doirasida, uning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash va himoya qilishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishda yordamlashishi, Gruziya Respublikasi qonunchiligida vakolatli davlat organlari oʻsmirlarga oʻz huquqlarini roʻyobga chiqarishga, tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga, ularni mustaqil hayotga tayyorlashga koʻmak koʻrsatishi, Finlyandiya qonunchiligida esa ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolani voyaga yetkazish va unga gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekanligiga oid normalar belgilab qoʻyilgan.

Biz soʻz yuritayotgan Qonunda yuqorida qayd etilgan masalalar nazarda tutilmaganligi amaliyotda koʻplab muammolarni keltirib chiqarishidan tashqari, aholining ortiqcha ovoragarchiligiga ham sabab boʻlmoqda. Shu bois mazkur Qonunni manfaatdor idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlar, amaliyotchilar, mutaxassislar hamda xorijiy ekspertlar bilan birgalikda toʻliq oʻrganib chiqqan holda takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz. Zero, maqsadimiz har jihatdan yetuk avlodni kamolga yetkazish ekan, uning huquqiy asosini bugungi kun talabi darajasiga takomillashtirish nihoyatda dolzarb.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер