Bolalarda boʻy oʻsishining sekinlashishi kalsiy yetishmasligidanmi?

16:13 18 May 2023 Jamiyat
765 0

Inson sogʻlom boʻlishi uchun tanada barcha vitamin va mineral moddalar meʼyorda boʻlishi lozim. Xususan, organizmning toʻla qonli rivojlanishida kalsiy alohida oʻringa ega. Uning yetishmasligi esa turli xastaliklarni keltirib chiqaradi.

— Ushbu elementning biologik rolini ortiqcha baholashga hojat yoʻq, — deydi tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova. — Biroq pandemiya davrida antibiotik, gormon preparatlari va tomchi ukollarini uy sharoitida palapartish qoʻllash oqibatida bemorlarda keyinchalik kalsiyning soʻrilishi va suyaklarga yetkazilishining pasayishi kuzatildi. Bu esa suyaklarning moʻrtlashishiga olib keldi.

Shuningdek, ushbu element yetishmasligining yana bir necha salbiy oqibatlari bor. Xususan, uyqusizlik, koʻp terlash, yurak urishining buzilishi, tirnoqlar moʻrtligi, oyoq-qoʻllar uvishishi, tez-tez va kuchli bosh aylanishi, soch toʻkilishi, mushak va boʻgʻimlarda ogʻriqlar, bolalarda boʻy oʻsishining sekinlashuvi, tajanglik, tirnoqlar, tishlar va sochlar zaifligi hamda ayollarda homiladorlik asoratlari kabi belgilar ham uning alomati boʻlishi mumkin.

Shu bois mutaxassislar bu kabi bemorlarga ushbu elementni qoʻshimcha tarzda qabul qilishni tavsiya etadi.

Tavsiya etilgan kunlik kalsiy miqdori:

— 0-3 oylik chaqaloqlar uchun 400 mg.;

— 4-6 oylik goʻdaklar uchun 500 mg.;

— 7-12 oylik oʻgʻil-qizlar uchun 600 mg.;

— 1-3 yoshli kichkintoylar uchun 800 mg.;

— 7-11 yoshdagi bolalar uchun 1100 mg.;

— 11-18 yoshdagi oʻsmirlar uchun 1200 mg.;

— 18-59 yoshdagi kattalar uchun 1000 mg.;

— 60 yoshdan yuqori kishilar uchun 1200 mg.;

— homilador ayollar uchun 1300 mg.;

— emizikli onalar uchun 1400 mg.

Kalsiy yetishmovchiligini bemorlar vitamin va minerallar kompleksini qabul qilish orqali bartaraf etishi mumkin. Biroq ularni faqat shifokor tavsiya etadi.

Mazkur muammoni bartaraf etishda toʻgʻri taomlanishga ham eʼtibor qaratish kerak. Jumladan, kunlik taomnomada sut mahsulotlari (tvorog, yogurt, kefir, pishloq, qatiq, suzma) boʻlishi maqsadga muvofiq. Dengiz mahsulotlari, turli meva-sabzavot va koʻkatlar — karam, salat bargi, selderey, petrushka, kunjut urugʻi, yongʻoqlar tarkibida ham kalsiy koʻp.

Shuningdek, organizm ushbu elementni oʻzlashtirishida D vitaminining oʻrni beqiyos. Uning eng koʻp manbai esa quyosh nurlarida mavjud. Ayni sababdan quyosh chiqqandan boshlab soat 11:00 gacha va kechki 17:00 dan keyin ochiq havoda sayr etish tavsiya etiladi. Chunki bu paytda uning ultrabinafsha nurlari taʼsiri ostida organizmda D vitamini hosil boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер