Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro tajribaga ega malakali jarroh tibbiy koʻrik oʻtkazmoqda — SSV
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har 1000-1500 nafar boladan bittasi tugʻma tanglay va lab kemtigi bilan tugʻiladi. Bu xastaliklar kelib chiqishining sabablari koʻp, lekin asosiy omil – irsiy moyillikdir.
Yurtimizda ham tanglay va lab kemtigi bolalarda eng koʻp uchraydigan tugʻma anomaliyalardan hisoblanadi. Shuning uchun davlatimiz tomonidan ushbu xastaliklarga chalingan jajji bemorlarni davolash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Muhimi, deyarli barcha muolajalar bepul amalga oshirilyapti.
Mana bugun yana bir shunday xayrli tashabbusga start berildi.
Aniqrogʻi, “Operatsiya Ulыbka” xayriya aksiyasi doirasida mashhur plastik jarroh, doktor Hasan Baiyev tugʻma tanglay va lab kemtigi boʻlgan bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlarini bajarish maqsadida tibbiy koʻrik oʻtkazish uchun yurtimizga tashrif buyurdi.
Hasan Baiyev — 40 yillik tajribaga ega rossiyalik va amerikalik plastik jarroh. Turli yillarda AQSH, Yaponiya va Angliyada yil odami deb tan olingan mashhur shifokor 20 yildan buyon xayriya ishlari bilan shugʻullanib keladi. Ushbu davr mobaynida u 2000 nafarga yaqin bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlarini bajardi.
Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida oʻtkazilayotgan mazkur aksiya avvalida Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, doktor Hasan Baiyev va markaz rahbariyati ishtirokida bemorlarning ota-onalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda taʼkidlanganidek, hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, har bir bemorga tegishli tavsiyalar berilib, operatsiyaga muhtoj bolalarda yuqori texnologiyaga asoslangan amaliyotlar bajariladi.
Shundan soʻng, Hasan Baiyev bemorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga kirishdi. Aksiyaga respublikamizning barcha hududlaridan turli yoshdagi bemorlar tashrif buyurdi.
Masalan, Namangan viloyatidan kelgan Gulnoza Turgʻunpoʻlatova – 13 yoshda. Shifokor bemorni koʻzdan kechirib, unda suyak plastik operatsiyasini oʻtkazish uchun ortodontik tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berdi.
Yana bir bemor – 10 yoshli Oybek Gʻanisherovda lab kemtigi tufayli fistula paydo boʻlgan. Uni bartaraf etish uchun bolakayda jarrohlik amaliyoti bajariladigan boʻldi.
Operatsiya oʻtkaziladigan bemorlarning roʻyxatiga sirdaryolik Farizoda Gʻaybullayeva ham kiritildi. Yaqindagina 1 yoshni qarshi olgan bu qizaloqqa lab kemtigi va chap tomonlama tanglay kengayishi tashxisi qoʻyilib, u ham jarrohlik amaliyotiga tavsiya etildi.
Umuman olganda, operatsiyalar uchun bemorlar qatʼiy mezonlar asosida saralab olinmoqda.
Birinchidan, amaliyot uchun, eng avvalo, ijtimoiy muhtoj, kam taʼminlangan oilalar farzandlari tavsiya etiladi.
Ikkinchidan, operatsiyadan keyin asoratlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qarshi koʻrsatmalar boʻlgan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari bajarilmaydi. Chunki bunday koʻrsatmalar bemorning reabilitatsiya jarayoniga taʼsir qilishi mumkin.
Bu – bemorlarni tanlab olishning dastlabki bosqichi. Shifokorning keyingi tashrifida operatsiya oʻtkaziladigan bemorlarning yakuniy roʻyxati tuzilib, ularda tegishli amaliyotlar bajariladi.
Eʼtiborlisi, kam invaziv usuldagi operatsiyalarda mahalliy mutaxassislar ham ishtirok etib, bu ularning malakasini oshirish va yangi davo usullarini oʻzlashtirish imkonini beradi.
Tibbiy koʻrik ertaga ham davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring