Bogʻistonliklar tashabbusi bilan kutubxona tashkil etildi

16:56 04 Fevral 2025 Jamiyat
138 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanidagi “Bogʻiston” mahalla fuqarolar yigʻini ahli oʻzaro uyushqoqlik koʻrsatib, soʻnggi yillarda “Tashabbusli byudjet” loyihasida 4 marotaba gʻolib boʻlgan. Natijada hududdagi maktab va oilaviy poliklinika mukammal taʼmirdan chiqarildi. Ijtimoiy soha muassasalariga quyosh panellari oʻrnatildi. Ichki koʻchalar asfalt qilindi va elektr tarmoqlari yangilandi. Yaqin kunlarda zamonaviy stadion qurilishi yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshiriladi.

Bu mahalla markazida chevarxona, sartaroshxona tashkil etildi. Shu kunlarda esa bogʻistonliklar tashabbusi bilan MFY binosida moʻjazgina kutubxona ish boshladi. Hozirda kutubxona fondini yanada boyitish maqsadida mahalladagi 680 ta oila kamida bittadan kitob sovgʻa qilishi boʻyicha aksiya oʻtkazmoqda.

— Qariyb 2,5 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi mahallamiz giloslari, qandak oʻrigi, limoni butun mamlakatimizda mashhur, — deydi “Bogʻiston” MFY raisi Abdusalom Yoʻldoshev. — Mahallamiz aholisining 800 nafarga yaqini yoshlardan iborat. Shu bois barkamol avlod vakillariga zamonaviy sharoitlar yaratib berishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganmiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?