Bobur shahrida rassomlar festivali oʻtkaziladi

14:17 16 Aprel 2025 Siyosat
203 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xabaringiz bor, kecha, 15-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shahrini Bobur shahri deb nomlash boʻyicha katta tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbari raisligida bugun, boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda Bobur bobomiz siymosini abadiylashtirish maqsadida ulugʻ ajdodimiz va uning avlodlari bunyod qilgan tarixiy obidalarning kichiklashtirilgan nusxalaridan iborat tematik park barpo etilishi qayd etildi.

Shuningdek, Prezident har yili Bobur shahrida rassomlar festivalini oʻtkazishni taklif qildi. Gʻoliblarga avtomobil beriladi.

Umuman, mutasaddilarga shaharni maʼrifat va madaniyat markaziga aylantirish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

“Ikki kun davomida Andijondagi boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan tanishdim. Shu bilan birga, viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, obodonlashtirish va infratuzilmasi uchun misli koʻrilmagan miqdorda mablagʻ ajratilyapti. Bunaqasi hech qachon boʻlmagan”, dedi davlatimiz rahbari.

Aytilgan barcha tashabbuslar Andijondagi har bir xonadongacha kirib borishi, ajratilayotgan har bir soʻm mablagʻ kamida oʻn soʻm boʻlib qaytishi uchun mutlaqo yangi nazorat tizimi joriy qilinishi belgilandi.

Tegishli idoralarga har bir topshiriq ijrosidan tortib, rahbarlarning aholi va tadbirkorlar bilan muomalasigacha qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

Har bir mahallada huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi, Andijonga yangi tayinlangan viloyat prokurori va ichki ishlar boshligʻining bu boradagi masʼuliyati belgilandi.

“Biz boshlagan islohotlar, bu – faqat raqamlar yoki hisobotlar emas. Bu – har bir oila, har inson hayotida seziladigan, farovonlik va taraqqiyot sari yoʻnaltirilgan haqiqiy oʻzgarishlardir.

Bugun ham Andijonda keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik. Aholi va tadbirkorlar kayfiyatiga taʼsir koʻrsatadigan barcha masalalarga toʻxtalib, viloyat uchun zarur mablagʻlarni ham hal etdik.

Agar barchamiz bir boʻlib, hamjihat boʻlib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada koʻpayadi, biz zabt etolmaydigan marraning oʻzi boʻlmaydi, Andijon yanada obod boʻladi, men bunga ishonaman!”, dedi davlatimiz rahbari soʻzining yakunida.

Yigʻilishda viloyat va respublika mutasaddilarining hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер