Biz suv ichgan ariqlar qani?

14:19 23 Avgust 2024 Jamiyat
75 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni pishiqchilik mavsumida qizlarning kokillaridek uzun-uzun suv oʻtlari zarif qoʻshiqlar kuylab oqadigan tiniq suvli ariqlarda chanqoqni qondirish, tandirda yopilgan issiq non, mevalarni oqizib yeyish naqadar maroqli edi. U kunlar endi shirin xotiraga aylandi.

Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasining miroblar brigadasi ishchisi Yuriy Stannikov har kuni erta tongda, kechqurun koʻchalarni aylanib, chiqindiga toʻlgan ariqlarni tozalab yuradi. Obodonlashtirish sohasining u kabi xodimlari aslo tinim bilmasligi uchun hamyurtlar beton ariqlarga chiqindi tashlashini toʻxtatmaydi. Kun boʻyi qora terga botib, uzun armaturani sudrab yuradigan bu inson aslida barchamizga tutilgan koʻzgu boʻlsa, ne ajab! Ammo koʻzguga qarashga xushimiz yoʻq, chunki bir-birimizdan uyalmay, xijolat boʻlmay qoʻyganimizga ancha boʻldi.

Oʻzbekiston tumani markazi Yaypan shahrining markaziy koʻchalaridagi ariqlar chiqindi uyumlariga toʻlib ketavergani uchun yaqinda onlayn kuzatuv kameralari oʻrnatildi. “Oqtepa”, “Turkiston” mahalla fuqarolar yigʻini chorrahalariga oʻrnatilgan ana shunday kameralar dastlabki kunlarning oʻzida bir necha huquqbuzarliklarni qayd etdi. Maʼlum boʻlishicha, ariq suvlarini ifloslantiruvchilar begona emas. Shu mahallada yashovchi baʼzi insonlar tong sahar yoki kechqurun maxsus chiqindi tashlash joylariga borish oʻrniga koʻcha boshidagi ariqlarga uyidan chiqqan axlatni tashlab ketadi.

Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi mutaxassislari viloyatdagi 14 ta ochiq suv havzalari ifloslanishining oldini olish maqsadida muntazam ravishda nazorat tadbirlari olib boradi. Boshqarmaning ekologik nazorat inspeksiyasi hamda suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish shoʻbasi xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida reydlar natijasida ochiq suv havzalarini iflos qilgani uchun 120 nafar fuqaroga maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

— Tiriklik manbai boʻlgan suvdan foydalanish, uni toza saqlash borasida hamyurtlarimizda isteʼmolchilik madaniyati yetishmaydi, — deydi Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Dilfuza Xoʻjayeva. — Mutaxassislarimiz tomonidan Isfayramsoy, Margʻilonsoy, Janubiy Fargʻona kanali, Soʻx va Shohimardon soydan doimo suv namunalari olib kelinib, tarkibidagi (erimaydigan choʻkmalar, quruq quyqa, azot nitrit, fosfat va hokazo) kimyoviy moddalar miqdori boʻyicha laboratoriya tahlillari amalga oshirib boriladi. Joriy yilda 10 ta ochiq suv havzasidan namunalar olinib, 200 ga yaqin tahlil ishlari amalga oshirildi. Natijada deyarli barcha holatlarda suv tarkibidagi zararli moddalar meʼyoridan ortiqcha ekanligi aniqlandi. Afsuski, aksariyat holatda suvni ifloslantirish orqali bunga oʻzimiz sababchi boʻlmoqdamiz.

Har kuni saharda 671 nafar farroshlarimiz hududlarni qoʻlda tozalaydi. 430 nafar xodimlarimiz koʻkalamzorlashtirish yumushlariga jalb etiladi. Ammo tushlikka borib-bormay ariqlar, yoʻl chetlari yana chiqindilar bilan toʻladi.

Tasavvur qiling, shahardan kuniga oʻrtacha 85 tonna chiqindi yigʻishtirib olinadi. Shahar koʻchalari boʻylab sugʻoriladigan beton ariqlar 140 km ekaniga eʼtibor qaratsak, soha xodimlari ishi qanchalik mashaqqatli ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Milliy gvardiya tizimida ekopatrullar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Xizmat xodimlari ona tabiatga bepisand munosabatda boʻlish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash, suvni ifloslantirish singari holatlar boʻyicha tezkor choralar koʻrmoqda. Bunday holatlar aniqlanganda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga asosan bazaviy hisoblash miqdorining tegishli hajmida jarima qoʻllanadi. Lekin jazolash, jarima qoʻllash bilan toʻliq maqsadga erishib boʻlmaydi. Tabiat neʼmatlariga mehr, avaylab–asrash, kelajak avlodlar oldidagi daxldorlik hissi qalbimizda boʻlishi zarur.

Suvga tupurmaslik, axlat tashlamaslik ota–bobolarimizdan meros eng goʻzal qadriyatlar sirasiga kiradi. Bugun nega bunday milliy anʼanalarimiz unutib qoʻyilmoqda? Bunga befarq boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер