Bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan kishining elektron hamyoniga 3 ming soʻm oʻtkaziladi — Prezident qarori loyihasi

14:47 06 Oktyabr 2020 Sport
6667 0

AOKAda Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi Otabek Eshmamatov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish, kasallikdan keyingi davrda tiklash va reabilitatsiya ishlarini tashkil etish hamda aholining sogʻlom turmush tarzi garovi sifatida toʻgʻri ovqatlanish targʻibotini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Qaror loyihasiga muvofiq, sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

birinchidan, har bir oila, mahalla, tuman (shahar), maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish;

ikkinchidan, ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha aholi orasida, xususan, oʻquvchilar, talabalar, yoshlar, ayollar, keksalar oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish;

uchinchidan, aholining turli guruhlarini sogʻlom ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishni taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratish, jismoniy faollik hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni qisqartirish yoʻli bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etishni kamaytirish;

toʻrtinchidan, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, oilalar, mahallalar, maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim muassasalari darajasida sogʻlom turmush tarzining ajralmas qismi sifatida targʻib qilish;

beshinchidan, maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim, oʻrta-maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida, korxona, tashkilot va boshqa turdagi barcha muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish.

Taʼkidlash kerak, ushbu masalalar oʻz yechimini topmasdan turib aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ommaviylikni taʼminlash oson emas.

Shuningdek, loyihaga muvofiq Respublikada aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” — mahalla (koʻcha) fitnesi turlari belgilanishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Adliya, Sogʻliqni saqlash hamda Moliya vazirliklari tomonidan aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom hayot” platformasini yaratish taklifi ilgari surilgan boʻlib, unga koʻra:

Bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan shaxsning platformadagi elektron hamyoniga 3 ming soʻm oʻtkaziladi.

“Sogʻlom hayot” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat koʻrsatish, texnik qoʻllab-quvvatlash va keyinchalik modernizatsiyalash boʻyicha buyurtmachining funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatilishi belgilangan.

“Sogʻlom hayot” platformasini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IT-park direksiyasi rezidentlari bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvargacha Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Qaror loyihasining yana bir muhim bandi sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar har bir tuman markazi va shaharlarda piyodalar va velosiped yoʻlaklarini tashkil etish boʻyicha tegishli loyihalarni ishlab chiqib, keng jamoatchilik muhokamasiga joylashtirishi va 2021-yil 1-yanvardan boshlab qurilish ishlarini boshlab, 2021-yil 1-mayga qadar tugatishi belgilangan. Bunda, quyidagilar nazarda tutilgan:

piyodalar va velosiped yoʻlaklarining umumiy uzunligi 3-5 kilometrni tashkil etishi hamda oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlishi;

zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorugʻlik qaytaruvchi yoʻl belgilari bilan toʻliq taʼminlanishi;

piyodalar va velosiped yoʻlaklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “toʻsiqsiz muhit” tashkil etish.

Xoʻsh, bu nima beradi? Avvalo biz aholini sogʻlom turmush tarziga jalb etar ekanmiz, ularga sharoit yaratib berishimiz kerak. Ayni paytda nafaqat shaharlar, hatto qishloqlarda ham piyodalar yurishi yoki aholining turli qatlami, bolalar va kattalar velosipedda uchishi yoki sayr qilishi uchun sharoit deyarli yoʻq. Shunday ekan, aholi qayerda sayr qiladi va sogʻlom turmush tarziga oshno tutinadi. Mazkur masala oʻz yechimini topishi asnosida oʻz oʻzidan yurtdoshlarimiz orasida piyoda yurish va velosipedda sayr qilishga boʻlgan qiziqish ortadi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda barcha tuman (shahar)larda har chorakda har bir mahalla fuqarolar yigʻinida “Eng faol sportchi mahalla” musobaqalarini tashkil etishi, bir oy muddatda musobaqalarni oʻtkazish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlashi, musobaqada 1-oʻrinni egallagan mahallaga 10 mln., 2-oʻrin uchun 5 mln. va 3-oʻringa 3 mln. soʻm miqdorida pul mukofoti “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirilishini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Gʻoliblarga beriladigan pul mukofoti mablagʻlari mahalla fuqarolar yigʻinlarining tijorat bankida ochilgan hisob raqamiga oʻtkazilib, mahalla hududini obodonlashtirish, sport maydonchalarini tashkil etish va ularni jihozlash, sport tadbirlarini oʻtkazish maqsadlariga yoʻnaltirilishi ham belgilab qoʻyilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2021-2023-yillarga moʻljallangan umumtaʼlim maktablarini toʻliq sport zallari bilan taʼminlash,har bir tuman(shahar)da toʻliq moddiy-texnika bazasiga ega bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlarini qurish va jihozlash dasturini ishlab chiqishi, jumladan, 2021-yil davomida umumtaʼlim maktablari uchun 50ta sport zal, 48ta sport taʼlim muassasalari uchun sport inshootlarini qurish koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 2021-yil 1-yanvargacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda yangidan barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylar qurish boʻyicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishi, yaʼni aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport maydonchalarini (shu jumladan Workout) tashkil etish, mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bogʻlovchi avtomobil yoʻllari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun moʻljallangan yoʻlaklar qurish, avtomobil harakati yuqori boʻlgan va katta yoʻl kesishmalarida yer osti yoki yer usti oʻtish joylarini barpo etish ham belgilangan.

Sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya), yoshlar orasida sportni ommalashtirishda yuqori natijalarga erishish maqsadida hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablarini kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan milliy sport turlariga ixtisoslashtirish;

umumtaʼlim maktablarining sport turlariga ixtisoslashuvidan kelib chiqib, har birida har oyda kamida bitta sport turi boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazilishini taʼminlash vazifalari Xalq taʼlimi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari zimmasiga yuklatilgan.

Unga koʻra, musobaqalarning quyi, yaʼni umumtaʼlim maktablari hamda tuman (shahar) bosqichlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Oʻzbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati mablagʻlari hisobidan, hududiy va respublika bosqichi tegishlicha Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy va respublika kalendar rejalarida nazarda tutilgan byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilgan.

Qaror loyihasidagi muhim band sifatida 2021-yil 1-yanvardan davlat organlari va tashkilotlarida sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga qoʻshimcha 20 foiz miqdorda ustama belgilash yoʻlga qoʻyilishi nazarda tutilganligini aytish mumkin. “Sport targʻibotchisi” mehnat jamoasida sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar, jumladan trenajyor zali, “Workout” maydonchasi, sport maydonchalari va xonalarini tashkil etish ishlari bilan shugʻullanadi. Mehnat jamoalarida xodimlarning sport bilan shugʻullanishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari hamda ish beruvchilar oʻrtasidagi jamoa shartnomalarida ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari, haftaga kamida bir marta xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar, xususan yugurish, suzish, futbol, badminton, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”ni joriy etish, muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari boʻyicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar oʻtkazib borilishi hamda texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash tartibi joriy etilishi ham belgilangan.

Qaror loyihasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻquv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada 2 soatdan oʻqitishni tashkil etish vazifasi belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari milliy standart va meʼyorlarga muvofiqligini hamda mahsulot oʻramidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini xolis oʻrganuvchi “Sifat nazorati” televizion koʻrsatuvi namoyish etib borilishini yoʻlga qoʻyishi ham belgilab qoʻyilgan.

Yana bir muhim masala, “Sogʻlom hayot” platformasi shunchaki yaratib qoʻyilmaydi, balki Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ushbu platformada roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga va ularning sport natijalariga qarab vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining ishiga yil yakunida baho beriladi.

Qaror loyihasida mahalliy ommaviy axborot vositalari, jumladan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ham qator vazifalar yuklangan. Xususan, 2021-yil 1-martdan boshlab, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga quyidagi cheklovlar oʻrnatiladi:

— taʼlim muassasalari hududida va jamoat transporti vositalarida;

— animatsion personajlar va bolalar koʻrsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama roliklarini namoyish qilish;

— ommaviy axborot vositalarida mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 23:00gacha namoyish qilishga cheklovlar joriy qilinadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda muntazam ravishda yoshlarni, xususan bogʻcha yoshidagi bolalarda jismoniy tarbiya va sport tushunchasini paydo qilish va ularni qiziqtirish maqsadida “Bolalikdan sportga” sport mashgʻulotlarini telekanallarda namoyish etilishini, ayollar va keksalar uchun sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha “Sogʻlom turmush” koʻrsatuvi namoyish etilishini taʼminlash belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida Vazirlar Mahkamasining maxsus Qarori qabul qilinadi. Mazkur qaror loyihasida bitta band borki, unga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Maʼlumki, har yili 22-sentyabr – “Xalqaro avtomobilsiz kun” sifatida keng nishonlanib keladi. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ushbu sanaga alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, 2021-yildan boshlab 22-sentyabr kuni respublika boʻyicha “Avtomobilsiz kun” deb eʼlon qilinishi hamda shu kuni shaxsiy avtomobilda harakatlanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechish, maxsus texnikalar, taksi va yetkazib berish hamda tibbiy tez yordam uchun xizmat koʻrsatadigan texnikalar, jamoat transportlari, zarur hollarda foydalaniladigan shaxsiy avtomobillar bundan mustasno, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida tumanlar va shaharlarda ham “Avtomobilsiz kun” tadbirlarini oʻtkazish belgilanishi kutilmoqda. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?