Bir nihol ekdingmi Vatan bogʻiga...

10:42 15 May 2022 Madaniyat
1470 0

Foto: Arxiv surat

15-may — Abdusaid Koʻchimov tavallud topgan kun

Taniqli shoir va yozuvchi, jurnalist Abdusaid Koʻchimov bugun umrining 71 bahorini kutib oldi. Hayot dovonlaridan omon-eson oshib kelayotgan ijodkor bugun qadrdonlari, yaqinlari va shogirdlari ardogʻida, eng asosiysi soʻz bilan, ijod bilan birga.

Shoir sheʼrlari oʻziga xos ohang, xalqona ruh va latif kompozitsiyaga ega, falsafiy mushohadalarga boy. Ijodkor qaysi mavzuni qalamga olmasin, boshqalardan farqli fikr aytishga, hech kimnikiga oʻxshamagan nozik tashbehlar topishga — soʻzdan muhtasham binolar tiklashga intiladi.

Ijodkorga uzoq umr, mustahkam sogʻliq-salomatlik hamda barakali ijod tilaymiz!

JAVOB

Bir nihol ekdingmi Vatan bogʻiga,

Mehringni toʻkdingmi choʻl, yantogʻiga,

Gullarga chang-gʻubor qoʻngan chogʻida

Arta biloldingmi changu gʻuborni —

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Bitta gʻisht qoʻydingmi maydonlariga,

Bir vassa oʻydingmi ayvonlariga,

Bir misra qoʻshdingmi dostonlariga,

Kurab tashladingmi tomlardan qorni —

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,

Kimdir buzib ketsa sarvar yoʻllarni,

Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,

Duosin oldingmi mehrga zorni —

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Urush-janjallarga xamirturushlar,

Illatfurushlaru millatfurushlar,

Afif osmoningga qilsa xurujlar,

Hosud haqirlarga tikdingmi dorni —

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Javobing boʻlmasa mumtoz-mukammal:

Qoʻlingda zulfiqor, belingda kamar,

Duldul tulporingga yor boʻlsa qamar —

Yoʻldoshing sabʼai sayyor boʻladi,

Muqaddas javobing tayyor boʻladi.

ETYUD

Zangor togʻlar orasida

Nurkapalak galasiday,

Oy nurida jilolanar

Oqqushlarning bolasiday.

Sadafmi yo shakar qaymoq,

Yo jom toʻla kumush tanga.

Yo bir etak, yo bir quchoq

Oʻrik guli — oq alanga.

Patir-putir qilar goʻyo

Toʻrga tushgan baliqchalar.

Ipakmi, oqilonmi yo

Mildiragan ariqchalar.

Taqsimchada chosh balxitut,

Qaynab toshgan bir kosa sut;

Toʻdasidan ajrabmi yo

Chopayotgan nuqra bulut.

Oyisiga solmay quloq

Tepalikdan misli yelday

Uchayotgan shoʻx qizaloq

Emasmi bu — mitti buloq?

Yugurganda qiqir-qiqir,

Qiqirlaydi qoyayu qir.

Yoʻllariga toʻshaladi

Yashil dala, oʻru adir.

Oh, buloqcham, oq buloqcham,

Kokillaring taram-taram,

Nurga toʻlsin oydin yoʻling,

Aslo koʻrma tashvish, alam.

Sinovlarning oʻchogʻidan

Sogʻ-salomat oʻtib olgin.

Nahru ummon quchogʻiga

Oʻynab-kulib yetib olgin.

Abdusaid KOʻCHIMOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?