Bir burda non qadri

17:45 15 Aprel 2024 Jamiyat
1137 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Peshku tumanidagi Talisobun qishlogʻida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Nazar Sherov yaqinda yurakni zir titratadigan voqealardan birini aytib berdi.

— Shahar, qishloqlarni dushmandan ozod qilayotganimizda yertoʻlalarda jon saqlagan, koʻzlari ich-ichiga botib ketgan, choʻpday ozgʻin bolajonlarga duch kelar edik, — deydi 98 yoshda boʻlishiga qaramay xotirasi hali-hanuz tiniq otaxon. — Ular bizni koʻra solib oldimizga yugurishar, bir burda non ilinjida “Dyadya, day xleb” deya jajji qoʻllarini choʻzishardi.

Toshkent shahridagi koʻp qavatli uylar yaqinidagi chiqindi yigʻish maydonchalaridan birining oldidan oʻtayotib beixtiyor Nazar otaning shu soʻzlari yodimizga tushdi. Gap shundaki, maydoncha chetida chamasi bir qop non uyulib yotar, ular orasida bus-butun qolipli non (buxanka)larni ham koʻrish mumkin edi.

— Afsuski, ayrim odamlar nonning qadru qimmatini unutib qoʻyishmoqda, — deydi chiqindi yigʻish maydonchasida ishlayotgan ayol. — Mogʻorlagan, ushatilganu shu koʻyi yeyilmagan nonlarni tashlab ketishadi. Koʻrib turganingizdek, ularni oftobda quritamiz. Keyin qopga solamiz. Qoramol yoki qoʻy boqadiganlarga beramiz. Bir haftada olti qop non boʻladi. Narigi chiqindixonada bundan ham koʻp toʻplanadi.

Narigi chiqindi yigʻish maydonchasida mehnat qilayotgan ishchi ham bu fikrni tasdiqladi.

— Aytgani ham istihola qilasan, kishi, ayrimlar non boʻlaklarini changyutgichdan chiqqan chiqindiga va yana allanimabalolarga aralashtirib tashlab ketishadi, — deydi u. — Ularni tozalab, birma-bir saralaymiz. Essiz, shu nonlar qanchadan qancha kambagʻal oilalarning roʻzgʻor tashvishini yengillashtirishi mumkin edi. Uy bekalari, ayniqsa, yoshlarimiz nonning qadriga yetishlari kerak.

Maʼlumotlarga qaraganda, Toshkent shahrida birgina “Yashnobod maxsustrans” korxonasiga qarashli 93 ta chiqindi yigʻish maydonchasi bor. Ularning har birida haftasiga oʻrtacha uch-toʻrt qopdan non boʻlaklari toʻplanganida ham bu aziz neʼmatning qanchadan-qanchasi isrof boʻlayotganini tasavvur etish qiyin emas.

— Yaqinda Toshkent shahrida qolipli nonning narxi xiyla qimmatladi, — deydi piru badavlat otaxonlardan biri Shodiqul Toʻxtayev. — Tabiiyki, buni turlicha talqin qilish hollari kuzatildi. Bugʻdoy yetishtirishdan tortib, uni non holiga keltirishgacha boʻlgan jarayon juda katta mehnat, kuch-gʻayrat, mablagʻni talab qiladi. Shunday ekan, nonning qadriga yetaylik.

Qaysi bir taomni olib koʻrmang, dasturxonda non boʻlmasa u kishiga tatimaydi. Dunyoda non oʻrnini bosa oladigan neʼmatning oʻzi yoʻq. Jahonning qay bir goʻshasida odamlarning toʻyib ovqatlanmayotgani, goʻdaklarning och-nahor, bir burda nonga zor yurganini-ku aytmay qoʻya qolaylik.

Maqolamiz boshida tilga olganimiz Nazar otaga kelsak, u salkam 79-yil oʻtibdi hamki, noming oʻchgur urush yillarida begunoh goʻdaklarning non soʻrab qilgan iltijolarini unutolmaydi. Mabodo, non uvogʻi yerda yotganiga koʻzi tushsa, nevara-evaralariga dakki beradi. Kelinlariga nonni uvol qilmaslik kerakligini uqtiradi. Shunday farovon kunlarga yetkazganiga shukrona aytadi. Koshkiydi, otaxon berayotgan bu hayotiy saboq nuroniylaru murabbiylar tomonidan har bir oila davrasida, bogʻcha-yu maktablarda yoʻlga qoʻyilsa, shunda yoshlarimiz non, tinch va farovon hayot qadrini yanada chuqurroq anglab yetisharmidi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?