Bir baliqning yetti moʻjizasi

13:52 11 Yanvar 2023 Jamiyat
739 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun insoniyat oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga roʻbaroʻ kelib turgan bir paytda tabiat inʼom etgan har bir imkoniyatdan samarali foydalanishni hayotning oʻzi taqozo qilmoqda. Chunonchi, baliqchilik tarmogʻining dunyo miqyosida rivojlanishi nafaqat toʻyimli ozuqa, balki millionlab odamlarning daromad manbai hamdir.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-mayda qabul qilingan “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlayotir.

— Baliq chavoqlari ishlab chiqarish hamda tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllardan samarasiz foydalanish uzoq yillar baliqchilik tarmogʻining eng zaif boʻgʻini sifatida qolib ketgan edi,  — deydi «Navoiybaliqsanoat» MCHJ rahbari Panji Roʻziqulov. — Natijada sunʼiy koʻllarning hosildorligi bir gektarda 20 sentnerdan oshmasdi. Bu jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ham past natija. Misol uchun, Navoiy viloyatida intensiv usulda baliqchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarda bugun gektaridan 30-35 tonnagacha baliq olinmoqda. Unga qadar bu havzalarda hosildorlik 2 tonnadan ham oshmagan.

Mamlakatimizdagi baliqchilik bilan shugʻullanish mumkin boʻlgan 800 ming gektarlik koʻl va suv omborlari sathining 175 ming 609 gektari Navoiy viloyati hududiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari Zarafshon daryosi viloyatning Xatirchi, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlaridan oʻtib, oʻng va soʻl sohillarida baliqchilikni sunʼiy havzalarda qafas usulida rivojlantirishning ham qulay imkoniyatlari mavjud Biroq mavjud suv sathining 22 ming 500 gektaridagina viloyatning 250 ta baliqchilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritib, shundan yetmish gektari toʻligʻicha intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirilgan.

Viloyat hududidagi yirik suv havzalaridan biri — Toʻdakoʻl qariyb yigirma bir ming gektar maydonni egallab, asosan sugʻorish maqsadlarini nazarda tutadi. Shunga qaramasdan, uzoq yillar undan baliqchilik havzasi sifatida ham foydalanilib, koʻlda baliq koʻpaytirish, taqsimlash va ovlash hamda turli kasalliklardan himoya qilish vazifalari turli idoralar zimmasiga yuklangan edi. Bu esa boshboshdoqlik va tabiiy neʼmatlardan xoʻjasizlarcha foydalanishlarga yoʻl ochib, uning oqibatlari yillar oʻtib, oʻzini koʻrsatdi. Birgina raqamda ifodalasak, yangi ming yillik arafasida havza hosildorligi gektariga toʻrt yarim kilogrammga qadar tushib ketdi.

Bugun Toʻdakoʻl suv havzasida faoliyat yuritayotgan birgina «Golden layk fish» MCHJ tomonidan 2019-yilda Vengriya davlatidan 390 dona “venger karpi” zotli baliqlar toʻdasi olib kelinib, ishlab chiqarish ilmiy asosda yoʻlga qoʻyildi. Vengriya genetika instituti olimlari bilan yaqin hamkorlik baliq turini koʻpaytirish, zotini yaxshilash, iqlim oʻzgarishiga chidamli, jahon bozorida xaridorgir baliq mahsulotlari tayyorlash imkonini yaratdi. Natijada 20 mln. dona baliq chavoqlari, jumladan, 6 ming dona ota-ona “venger karpi” baliqlari yetishtirildi. Bundan tashqari eronlik investorlar bilan hamkorlikda baliqlarni qafas usulida boqishga moʻljallangan, xitoylik ishbilarmonlar bilan esa 10 ming donadan baliq yetishtiriladigan uskunalar keltirib oʻrnatildi. Ushbu choralar samarasi oʻlaroq baliq yetishtirish hajmi oʻtgan yili 5,5 ming tonnadan oshirildi. Eng muhimi, tadbirkorlik subyekti tomonidan aholiga sifatli parhezbop mahsulot yetkazib berish bilan birga, intensiv usulda baliq yetishtirish tajribasi ommalashib, respublikamizning turli hududlaridan aynan Toʻdakoʻlda yetishtirilayotgan baliq chavoqlarini xarid qilish uchun kelayotgan ishbilarmonlar soni kun sayin koʻpaymoqda.

Xususan, Xatirchi erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan baliqchilik kompleksi shulardan biri boʻlib, bu yerda klaster asoschisi tadbirkor Ilhom Abdullayev intensiv baliqchilikni yangicha, zamonaviy Xitoy texnologiyasi asosida tashkil etgan. Yaʼni xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda 43 gektar maydonda 24 ta 1 - 1,5 gektarlik sunʼiy hovuzlarda intensiv usulda baliq koʻpaytirish yoʻlga qoʻyilgan.

— Baliqlarni asosan proteinga boy ozuqa bilan oziqlantiramiz, — deydi xitoylik mutaxassis Re Amin. — Avtomatik ravishda ozuqa tarqatgichlar va suvni kislorod bilan boyitadigan aerator moslamalari esa intensiv usulda kichik hovuzlardan 45 tonnagacha baliq yetishtirish imkonini beradi. Bu, shubhasiz, baliqchilikdagi eng samarali usullardan hisoblanadi.

Xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻygan xoʻjaliklarga viloyatning Navbahor va Karmana tumanlaridan ham qator misollar keltirish mumkin.

— Muximi, baliq yetishtirish hajmi ortmoqda, — deydi «Navoiybaliqsanoat» MCHJ rahbari Panji Roʻziqulov. —Viloyat boʻyicha 2021-yilda 23 ming tonna baliq yetishtirilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 50 ming tonnadan oshirildi. Shuningdek, qoʻshni mamlakatlar, xususan Tojikiston Respublikasiga baliq chavoqlari eksporti yoʻlga qoʻyilib, Vengriyaga sudak baligʻi eksporti boʻyicha shartnoma tuzildi.

Endi baliqchilikning ijtimoiy ahamiyatiga ham qisqagina toʻxtalsak. Masalan, yuqorida keltirganimiz «Golden layk fish» MCHJ tomonidan 100 nafardan ortiq mahalliy aholining bandligi taʼminlangan. Ular masʼuliyati cheklangan jamiyat tizimidagi baliqlar uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi uchta kichik korxona hamda yiliga 100 million dona baliq uvildiriqlari ishlab chiqarish quvvatiga teng inkubatsiya sexlarida mehnat qilishadi.Muxtasar qilsak, sohada kreativ yondashuvlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Davlatimiz tomonidan baliqchilik korxonalarini zarur texnika vositalari hamda ozuqa bilan taʼminlash choralari koʻrilib, koʻl va suv havzalarining tadbirkorlarga uzoq muddatga ijaraga berilishi, imtiyozli shartlar asosida lizing va kreditlar ajratilishi Navoiy viloyatida ham oʻz samarasini berib, bozorlarda baliq va baliq mahsulotlari narxi oshishining oldi olinmoqda. Biroq taʼkidlaganimizdek, viloyatda baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan 70 gektar maydondagina intensiv usulda baliqchilikning yoʻlga qoʻyilgani hali tarmoqda ishlarni yanada jonlantirish zarurligini taqozo etadi.

— Shu maqsadda yaqin kelajakda qiymati 264 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ hisobiga 42 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, — deya davom etadi P. Roʻziqulov. — Bu esa oʻz navbatida aholi dasturxoniga sifatli, hamyonbop baliq mahsulotlari yetkazib berish barobarida baliq isteʼmoli koʻlamini kengaytirish hamda talabdan oshigʻini eksportga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joiz, baliqchilik tarmogʻining ravnaq, iqtisodiyotimiz samaradorligi uchungina emas, balki parhezbop hamda vitaminlarga boyligi va shifobaxshligi bilan tibbiy nuqtayi nazardan ham ahamiyatli. Qolaversa, ushbu tarmoq har bir hudud uchun turizm jozibadorligini oshirishda muhim oʻrin tutishi bor gap.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?