Betob qizchaning nomiga soxta akkaunt ochib, “pul ishlayotgan” firibgar qoʻlga olindi

17:43 04 Iyun 2024 Jamiyat
421 0

“Betob qizning operatsiyasi uchun” deb oʻzganing nomidan soxta akkaunt ochib, pullarni oʻzlashtirib kelgan firibgar qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpogʻiston respublikasida yashovchi ayol A.Z. ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs uning qizi Z.T.ning fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarga joylagani va unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi M.M. sodir etganligi aniqlangan.

Unga koʻra, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.M. qoraqalpogʻistonlik betob qizaloq Z.T.ning nomidan akkaunt ochib olgani maʼlum boʻlgan.

“U qizchaning foto va video tasvirlarini hamda oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartalarini uning nomidan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarga joylagani va operatsiya uchun xalqdan yordam puli soʻrab, fuqarolarning xayriya tariqasida oʻtkazgan pullarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib kelgan”, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Maʼlumot uchun, JKning 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?