Befarqlikning adogʻi bormi? Yoxud “qimmatbaho” koʻrinmas qaror, yoʻqolib qolgan xat va gazeta oʻqimaydigan rahbarlar haqida

16:02 15 Aprel 2021 Jamiyat
1507 0

Qaror topilmayapti, mahalla ahli lolu hayron, tuman mutasaddilari bir chetda tomoshabin, Xotira maydoni qiyofasini buzayotgan noqonuniy qurilish esa davom etmoqda...

Eski hammom, eski tos...

Fargʻonalik taniqli yozuvchi, lafzidan “yaxshi-yaxshi”dan boshqa soʻz chiqmaydigan dilbar inson Yoʻldosh Sulaymon (Alloh rahmat qilsin), bir gal bahonai sabab kaminaning qulogʻiga “esingda boʻlsin, oʻz tugʻilib oʻsgan yurting haqida tanqidiy maqola yozma”, degandi.

Shunga ham ellik yildan oshibdi. “Qirq yilda qozon yangi, ellik yilda el yangi...”, deydilar. Qarangki, oradan shuncha vaqt ketib, qancha suvlar oqib oʻtibdi. Tuzumu tutumlar oʻzgaribdi. Odamlar oʻzgaribdi.

Ammo koʻpchilikning, ayniqsa, quyi tizimdagi rahbaru amaldorlarning dunyoqarashi, ish tutumlari oʻzgarmabdi, yon-atroflarida roʻy berayotgan voqea-hodisalarga, oddiy xalqqa muomala-munosabatlari, qonunu qarorlarga qarashlari, ish uslublari deyarli eskicha qolibdi, oʻzgarmabdi.

Qarangki, oʻzim ham oʻzgarmabman. Yoʻqsa yoshim bir joyga borganda yana qoʻlimga qalam olib, oʻzim har bir qarich tuprogʻini, dala-tuzini, sodda mehnatkash odamlarini jonimdan-da ortiq koʻradiganim — ona qishlogʻim haqidagi tanqidiy bitigimni yozib oʻtirarmidim. Tagʻin, bu birinchisi emas, ikkinchisi ham emas — uchinchisi!

Odamning har narsa boʻlgani yaxshi, deysiz-da? Siz haqsiz.

Endi buyogʻini, gapning boʻlganu boʻladiganini eshiting.

Birinchi maqola xabaringiz boʻlsa, “Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 11-fevral sonida “Yaxshidir achchiq haqiqat” rukni ostida yoritilgandi. “Tiriklik... tirikchilikmi?” deb nomlangan mazkur bitikda yigirma mingdan ziyod aholi yashaydigan, shundan teng yarmi oʻttiz yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarni tashkil etadigan tumandagi eng katta va koʻhna Sang qishlogʻida na birorta madaniyat uyi, na birorta klub, na birorta kutubxona, jillaqursa, chogʻroq boʻlsa-da sport majmuasi yoʻqligi haqida, ishsiz yoshlar, bekorchilikdan nima qilarini bilmay yurgan ukalarim, jigarbandlarim haqida yozgandim.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay darvozamiz turumi taqilladi. Ochsam, qatorlashib chamasi oʻn besh nafar biri-biridan kelishgan yigitlar turibdi. Salom-alikdan keyin mehmonlarning maqsad-muddaolari oydinlashdi. Bular tanqidiy maqolani joyida tekshirish uchun tuman hokimligi tomonidan tuzilgan komissiya aʼzolari boʻlib chiqdi.

— Yaxshi, — dedim maqolam rahbarlarga taʼsir qilganidan koʻnglim yorishib. — Bizdan nima xizmat?

— Xizmat yoʻq, — dedi oʻzini tuman Kengashi kotibiyati mudiri Iqbol Holiqov deb tanishtirgan yigit. — Kichik bir eʼtiroz... “Bogʻkoʻcha” mahalla fuqarolar yigʻinida kutubxona bor.

...Shu gapning ertasi yoʻlim oʻsha mahallaga tushdiyu, mahalla faoli Toʻxtaboy Mahmudovdan kutubxonani koʻrsatib yuborishini iltimos qildim.

— Kutubxona yoʻq, — dedi Toʻxtaboy. — Nafaqat bizning mahallada, boshqa birortasidayam yoʻq...

Xullas desangiz, “nufuzli” komissiya suvga tushgan toshdek ketdi. Bu orada bodomlar, hatto, oʻrik va shaftolilar allaqachon gulini toʻkib, meva tugdi. Dov-daraxtlar kurtak ochib, yaproq yozdi. Oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramay Pop tumani hokimiyatidagi masʼullar tahririyatga javob yoʻllashganicha yoʻq. Hatto, bu orada gazetamiz chiqishlariga beeʼtibor rahbarlar haqida alohida material ham chop etildi. Poplik mutasaddilar esa hamon sukutda. Bir oydan oshdiki, na “ha”, na “hu” degan javob yoʻq. Ishlar esa oʻsha-oʻsha — eski hammom, eski tos.

Kuni kecha qishloqda gap oraladi. Muhammadjon degan bemor yotgan birodarimizning yetilgan novvosini oʻgʻri urib ketibdi...

— Yaqinda bir kishining molini, yana bir yigitning qoʻyini oʻgʻirlab ketishgandi, — deydi hamqishloqlarimdan biri. — Hammasi bekorchilikdan. Togʻni talqon qilishga qodir yigitlar koʻchada pista chaqib, sigaret tutatib oʻtirsa. Axir nimayam qilsin shoʻrliklar? Tayinli ish boʻlmasa, bundoq dam olib hordiq yozadigan biror maskan boʻlmasa?! Boz ustiga tumandagi katta-katta korxonalar allaqachon yopilib ketgan boʻlsa, hech joydan daromad boʻlmasa, bola-chaqasi chugʻurchuqdek ogʻzini ochib tursa, koʻz oldi tumanlashib, oʻzini duch kelgan teshikka uradi-da!..

Erkinjon kimning erkatoyi?

Ikkinchi maqola yodingizda boʻlsa “Xalq soʻzi”ning 30-mart sonida eʼlon qilindi. “Qiyofasi buzilayotgan Xotira maydoni, keksayu yoshni zaharlayotgan korxona...” deb nomlangan bu maqola yana oʻsha Sang qishlogʻidagi Bogʻkoʻcha mahallasi faollarining tahririyatimizga yoʻllagan shikoyat xati asosida yozilgandi.

Mahalla faollari shikoyat xatini tahririyatga yoʻllash bilan birga tuman hokimiga ham murojaat qilishgan ekan.

— Mahalla kengashi aʼzolari, faollarimizning shikoyat yozishiga sabab qoʻshni Oybek nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisining huquqiy targʻibot boʻyicha oʻrinbosari Erkinjon Rustamovning mahalla ahli bilan hisoblashmay, oʻzboshimchalik ila Xotira maydoni burchiga muzqaymoq doʻkoni qurishga kirishgani boʻldi, — deydi “Bogʻkoʻcha” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Qahramon Ochildiyev.

Raisning aytishicha, u Rustamovdan qarordan bir nusxa berishini soʻragan.

— Qarorni koʻrsatish ham, nusxa berish ham mumkin emas, — degan bunga javoban huquq targʻibotchisi. — Ammo raqami, sanasini aytishim mumkin. 2019-yil 18-sentyabr. 45/37-sonli qaror...

Mahalla raisi tuman hokimiyatiga chiqib boradi. Devonxona mudiri Abduqahhor Alixonovdan yuqoridagi qarordan nusxa berishini soʻraydi.

— Bugun komissiya bor, ertaga keling, — deydi Alixonov.

Rais ertasiga ertalab boradi.

— Hokimdan topshiriq boʻlmaguncha berolmayman, — deydi bu gal devonxona mudiri.

Shundan keyin rais “Faollarimizning arizasi chiqdimikan?” deb hokimlik qurilish boʻlimiga bosh suqadi. Bu yerda Madina degan qiz:

— Xatingiz chiqqan, mana roʻyxatda turibdi, — deydi. — Men uni arxitektura boʻlimidagi Ahadjon degan yigitga topshirganman, hozir bilib beraman, — deya boʻlimga tushib ketadi. Bir ozdan keyin chiqib:

— Ahadjon yoʻq ekan. Men aniqlab sizga telefon qilaman, — deydi.

Ertasiga telefon qiladi.

— Negadir men topshirgan xatni topib berisholmadi, — deydi Madina. — Yoʻqolib qolganmish. Menga nusxasini tashlavoring, qaytadan topshiraman.

Mahalla raisi 8-aprel kuni xat nusxasini hokimiyatga qaytadan joʻnatadi...

Tuman hokimi Aʼzamjon Sultonov na shikoyat yozgan mahalla faollariga, na “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyatiga javob yoʻllaganicha yoʻq. Hokim ham, qurilish boʻlimidagilar ham, uchinchi sektor boshligʻi Sanjarbek Abdullayev ham bir chetda jimgina tomoshabin boʻlib turishibdi. Erkinjon Rustamov boʻlsa qurilishni bahuzur davom ettiryapti.

— Oʻshanda hokimlikdan qaror nusxasini ololmagach arxitektura boʻlimidagilarga uchrashdim, — deydi mahalla raisi. — Ajab, oʻsha raqamli qaror borlikka bor ekanu, ammo butunlay boshqa odam nomiga berilgan, bizning Xotira maydonimizga hech qanday aloqasi yoʻq boʻlib chiqdi.

Bu demak, qarorda qandaydir ishkallik bor. U yo soxta va yo...

Mahalla raisi kunda-kun osha qoʻngʻiroq qiladi.

— Erkinjon betonni qoʻyib boʻlib, tuproq olib kelib “zasipka” qilyapti, — deydi u.

Ertasi yana qoʻngʻiroq:

— Erkinjon bir mashina qum agʻdarib ketdi...

—...Tuman markazi bilan Sang qishlogʻi orasi nari borsa oʻn kilometr. Yengil mashinada oʻn daqiqalik yoʻl. Shuncha kundan beri tumanning biror masʼul rahbari, qurilish, arxitektura boʻlimidagilar kelib voqeani oʻzi koʻzi bilan koʻrib, xulosa chiqarmayotgani, bir qarorga kelmayotgani qiziq, — deydi mahalla faoli Ahmadjon Botirov. — Kun oʻtyapti, qurilish davom etyapti. Hokimiyatdagilar esa xuddi atayin qilgan kabi xatimizga ham, tahririyat maqolasiga ham munosabat bildirmay “Qani senlarni qoʻllaringdan nima keladi?” degandek Erkinjonni otlantirib, uzoqdan gij-gijlab turganday.

—...Qurilish tezlashib ketdi, — deydi mahalla raisi. — Ustalar kecha gʻisht urishga tushdi. Buyogʻini soʻrasangiz, bundan toʻrt-besh kun burun, men ish bilan chiqib ketgandim, mahallamiz idorasida yangi ochilgan tikuvchilik sexini koʻrgani tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Mahmudjon Imomnazarov kelgan ekan. Xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarim Nasiba Ermatova birga aylanibdi. Xotira xiyoboni burchidagi yangi qurilish hokim oʻrinbosari diqqatini tortmasdan qolmabdi.

— Bu yerni nima qilyapsizlar? — qiziqib soʻrabdi.

— Shu yerni obod qilmoqchimiz, — debdi Erkinjon. — Lekin bir-ikkitasi oyoq tirab, qarshilik qilyapti.

— Obod qilasizlarmi? — qayta soʻrabdi hokim oʻrinbosari.

— Obod qilamiz.

— Unday boʻlsa, quraveringlar!..

Bu gapdan oʻzida yoʻq darajada xursand boʻlib ketgan Erkinjon Rustamov oʻsha kunning oʻzida gʻisht toʻktirdi, ustalarni chorladi. Bino devorini urdirishga tushdi.

Bu gapni eshitib taajjubimiz oshdi. Nahot, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Mahmudjon Imomnazarov Xotira maydoni atrofida boʻlayotgan gap-soʻzlardan, mahalla ahli, faollari bu ishdan qattiq norozi boʻlib hokim nomiga ariza yozganidan bexabar boʻlsa? Jilla qursa “Xalq soʻzi”dagi tanqidiy maqolaga koʻzi tushmaganmikan?

Hokim ham, uning oʻrinbosarlari ham gazeta oʻqishmaydi, deyishardi. Shu gap haqqul rostga oʻxshab qoldi... Viloyat mutasaddilarichi?!

Ortiqali NOMOZOV (“Xalq soʻzi”)

Soʻngsoʻz oʻrnida: maqola bilan tanishar ekansiz, yana ogʻriqli savollarga duch kelasiz. Joylardagi nuqsonlarni matbuot koʻtarib chiqayotgan bir paytda, nega katta-kichik rahbarlar bu masalaga panja orasidan qaramoqda? Befarqlikning adogʻi bormi? Qachongacha mahalla, tuman miqyosidagi kamchiliklar, aholini qiynab kelayotgan muammolarni faqatgina davlat rahbari aytishi kerak?

Hududlardagi holatni bilaturib bilmaganlikka olish, xoʻjakoʻrsinga yurishlar muddati qachon tugaydi? Umuman, toʻgʻri soʻzni oʻqishni, koʻrishni  istamayotgan  mudroq koʻzlarni ochishning yana qanday yoʻllari bor ekan? Hozircha bularga javob topish qiyin boʻlyapti. Lekin bu holatlar uzoq davom etmasligiga ishongimiz keladi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер