“Barqaror rivojlanish maqsadlari va Konstitutsiya: ShHT mamlakatlari tajribasi”

15:56 06 Aprel 2023 Jamiyat
711 0

Toshkentda anu shu mavzuda xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Barqaror rivojlanish markazi tomonidan bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda uyushtirilgan ushbu tadbir SHHT makonini konstitutsiyaviy rivojlantirishning umumiy qonuniyatlarini, shuningdek, SHHT mamlakatlarining konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda BMTning global Barqaror rivojlanish maqsadlarini hisobga olish sohasidagi tajribasini aniqlashga bagʻishlandi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz tarixida noyob tajriba va muhim siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi oʻtkazilib, uni referendum orqali tasdiqlash uchun izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Mazkur jarayonlarda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, tahliliy markazlar faol ishtirok etishyapti. Ushbu muassasalar Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini yaqindan qoʻllab-quvvatlab, hamkorlikda ishlab kelishmoqda.

Shu bilan birga, oʻzaro hamkorlikda BMT, YEXHT, SHHT, YEI, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa koʻplab xalqaro tashkilotlar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq global va mintaqaviy konvensiyalar, deklaratsiyalar, qarorlar hamda konstitutsiyaviy rivojlanishning xalqaro tajribasi oʻrganildi. Shuningdek, dunyoning 193 dan ortiq mamlakatlari konstitutsiyalari hamda konstitutsiyaviy islohotlari tizimli tahlil qilindi.

Xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil qilish va oʻrganish asosida oʻndan ortiq fundamental ishlar amalga oshirildi. Ular doirasida bir qator tegishli kitoblar nashr etildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, umuman, konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha xulosalar, takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.

Konstitutsiyaviy islohotlar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati, yangiliklariga bagʻishlangan 60 dan ortiq xalqaro forumlar, shu jumladan, xorij (AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston)da oʻtkazildi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, SHHT makonining konstitutsiyaviy rivojlanishi maʼlum bir umumiylik, mintaqa mamlakatlari konstitutsiyalarining dinamik rivojlanishi bilan ajralib turadi. “Katta SHHT oilasi” bu davrda konstitutsiyaviy tuzum asoslarini tubdan yangilash, suverenitetni mustahkamlash, davlatlarning konstitutsiyaviy va milliy oʻziga xosligini mustahkamlash boʻyicha soʻnggi 30 yil ichida ikkitadan oʻntagacha konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, har bir davlat SHHT makonida konstitutsiyaviy va huquqiy plyuralizmni oldindan belgilab beradigan konstitutsiyaviy oʻziga xoslik va betakrorlikka ega boʻlsa-da, SHHT davlatlari namunaviy demokratiyaga xos boʻlgan konstitutsiyaviy tuzumning umumiy asoslari — xalq hokimiyati, respublika boshqaruv shakli, davlatning ijtimoiy va dunyoviy tabiati, inson huquqlari hamda erkinliklari ustuvorligi, hokimiyatlar boʻlinishi, mulkchilik shakllarining xilma-xilligi va tengligi, hududiy yaxlitlik kabi xususiyatlarga ega.

Bundan tashqari, SHHT mamlakatlarining konstitutsiyaviy rivojlanishi bir qator umumiy tendensiyalarni ochib berdi. Jumladan, islohotlarni shaxsga yoʻnaltirish, uning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, inson va tabiatning uygʻunligini taʼminlash, mol-mulk va xususiy mulkni himoya qilish, ijtimoiy davlat tamoyillari va normalarini belgilash, oila, onalik va otalik institutini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va fundamental ilmiy kashfiyotlarni moliyalashtirish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish shular jumlasidandir.

SHHT konstitutsiyalaridagi ushbu qoidalar SHHT mamlakatlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish va tizimli amalga oshirish bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

SHHT faoliyati kambagʻallikka qarshi kurashish, yoshlar va gender siyosati, sogʻliqni saqlash, ekologiya, elektron tijorat va iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport, savdo va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlik masalalariga ham qaratilgan. SHHTni 2025-yilgacha rivojlantirish strategiyasida belgilangan maqsad hamda vazifalar koʻp jihatdan BRMga hamohang, desak, ayni haqiqatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?