“Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bogʻim...” — 2020 yil yoʻqotishlari (2-qism)
2020-yil vafot etgan insonlar soni boshqa yillarga qaraganda anchayin koʻp boʻldi.
Kuni kecha saytimiz orqali 2020-yilda vafot etgan taniqli ilm-fan, madaniyat, adabiyot, sanʼat vakillarini yodga olgan edik.
Bugun esa mazkur yilda hayotdan ko‘z yumgan davlat va jamoat arboblari hamda davlat xizmatchilarini yodga olamiz. Zero, koronavirus balosi davlatimiz va xalqimiz xizmatida boʻlgan ayrim vatandoshlarimizni ham bu yorugʻ olamdan olib ketdi...
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Senat Raisining oʻrinbosari Musa Yerniyazov
Iyul oyining oxirgi kunlarida Nukusda taniqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni Yerniyazov Musa Tajetdinovich 73 yoshida vafot etdi.
Musa Yerniyazovda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanganidan beri u Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpogʻiston filiali klinikasida davolanayotgan edi.
Musa Yerniyazov vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham taʼziya bildirdi. Marhum Nukus shahridagi “Shorsha baba” qabristoniga dafn etildi. Davlat rahbari 1-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Musa Yerniyazov qabrini ziyorat qildi. Marhum haqiga Qurʼon tilovat qilindi.
“Rahmatli Musa ogʻa elni yaxshi koʻrgan, halol, pok, or-nomusli inson edi. U kishiga juda ishonardim, Qoraqalpogʻistondan koʻnglim toʻq edi. Tili, dini, taqdiri, tashvishlari bir boʻlgan oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining ogʻzibirchiligini qadrlardi. Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish, odamlarning birini ikki qilish boʻyicha koʻp ishlarni boshlagan edik. Endi bu ishlarni, rejalarimizni doʻstlari bilan birga albatta davom ettiramiz”, dedi davlat rahbari.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻktam Barnoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Oʻktam Barnoyev 20-sentyabr kuni ogʻir xastalik tufayli vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni taʼziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari bugun marhumning onasi, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.
“Oʻktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, oʻrnak olishga arzigulik inson edi. Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi. Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr boʻlib yetishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar ogʻir sohani berib, koʻnglim tinchib, koʻp ishlarni boshlagan edik. Bu ofat butun dunyoga keldi. Qoʻlimizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin oʻlim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda boʻlsin!”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident marhumning oilasi, farzandlari doimiy eʼtiborda boʻlishini taʼkidladi.
Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov
2020-yil 22-avgust kuni davlat va jamoat arbobi, Buxoro viloyati hokimi v.b. Kamalov Karim Djamalovich 66 yoshida vafot etdi. Marhum Buxoro shahridagi “Hazrati Imom” qabristoniga dafn etildi.
Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi.
Marhum haqiga Qurʼon tilovat qilindi.
Oʻzining 47 yillik faoliyati davomida Karim Kamolov chinakam rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan ulkan hurmat qozongani, Buxoroning har tomonlama rivojlanishi va obod boʻlishiga katta hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
Karim Kamolov 1955-yil Buxoro shahrida tugʻilgan. 1994-2007-yillarda Buxoro shahri hokimi sifatida samarali mehnat qilgan. Mazkur davrda bu yerda mislsiz bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar izchil rivojlandi. Shaharning 2500-yilligi keng nishonlandi, xalqaro festivallar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Qadimiy obidalar obod qilinib, turizm infratuzilmasi yaxshilandi.
U 2017-yildan Buxoro shahri hokimi, 2020-yil fevraldan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakatimizdagi islohotlarni amalga oshirishda fidokorona mehnat qildi. Xalq deputatlari viloyat va shahar kengashlari aʼzolari qatorida hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim qarorlarni ishlab chiqishga ham hissa qoʻshdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining birinchi raisi Anvar Sharapov
Joriy yilning 15-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining birinchi raisi (2016 — 2017-yillar) Anvar Kurbanovich Sharapov vafot etdi.
A. Sharapov oʻz xizmat faoliyati davomida qator davlat idoralarida mehnat qilgan. Xususan, uzoq yillar mobaynida Vatanimiz tinchligi, farovonligi yoʻlida huquqni muhofaza qilish organlarida (1993 — 2014-yillar), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida (2014 — 2016-yillar) masʼul lavozimlarda, xususan, Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan. Anvar Kurbanovich Sharapov 2016-yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi etib tayinlangan va bir yil davomida ushbu lavozimda faoliyat yuritgan. Oʻzbekiston turizm sohasidagi islohotlar aynan oʻsha davrda boshlangan boʻlib, Anvar Kurbanovich ularga bosh-qosh boʻlgan.
Qonlikoʻl tumani hokimi Daulet Tolibayev
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani hokimi Daulet Ayapbergenovich Tolibayev 24-iyulda olamdan oʻtdi.
D. Tolibayev bir necha kun oldin koronavirusga chalinib, kasalxonaga yotqizilgan edi. Biroq, koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan bemor vafot etdi.
D. Tolibayev 1983-yil 18-oktyabrda Nukus shahrida tugʻilgan. Marhum mehnat faoliyatini 2004-yilida boshlab, uzoq yillar irrigatsiya sohasida turli tashkilotlarda, jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. D. Tolibayev 2019-yildan buyon Qonlikoʻl tumani hokimi edi.
Moliya vaziri oʻrinbosari Yorqin Tursunov
2020-yilning 29-iyul kuni Moliya vaziri oʻrinbosari Yorqin Tursunov vafot etdi.
“20 yildan ortiq vaqt mobaynida Yorqin Ergashevich Moliya vazirligi tizimida ishlagan, u yerda har doim oʻzining mehnatsevarligi, xar bir ishga yuqori masʼuliyat va puxtalik bilan yondashishi, har kimni tushunish qobiliyati bilan ajralib turar edi”, — deyilgan edi vazirlik tarqatgan xabarda.
Yorqin Tursunov 1965-yilda Samarqand viloyating Xatirchi tumanida tugʻilgan. Moliya vaziri oʻrinbosari lavozimiga qadar, Yorqin Tursunov Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori lavozimini egallagan.
Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, ularni moliyalashtirish boʻyicha samarali faoliyat olib borgan.
“Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruv raisi Sergey Vyunenko
“Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruv raisi Sergey Anatolevich Vyunenko 2020-yil 8-sentyabr kuni qisqa davom etgan kasallik tufayli vafot etdi.
Sergey Anatolevich 1978-yilda Qozogʻistonning Pavlodar shahrida tugʻilgan.
2017-yildan boshlab Sergey Anatolevich Vyunenko “Oʻzmetkombinat” AJda ish boshlagan. Dastlab u kombinat bosh muhandisi, boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari, boshqaruv raisining ishlab chiqarish boʻyicha birinchi oʻrinbosari, 2020-yildan esa “Oʻzmetkombinat” AJning boshqaruv raisi vazifalarida mehnat qilib kelgan.
Mirishkor tumani hokimi Gʻayrat Begaliyev
Xuddi shu sanada Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi Gʻayrat Begaliyev vafot etdi. Marhumda koronavirus infeksiyasi aniqlanib, davolanishda boʻlgan.
Gʻayrat Begaliyev 2020-yil 4-mart kuni Mirishkor tumani hokimi etib tayinlangan edi.
Shuningdek, 6-sentyabr kuni Mirishkor tumani hokimining oʻrinbosari Mansur Rahmonov ham vafot etgan.
Oliy Majlis Senati aʼzosi Sharap Usnatdinov
Oliy Majlis Senati aʼzosi, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi, fidoyi jurnalist, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Sharap Usnatdinov 9-sentyabr kuni, 78 yoshida vafot etdi.
Jurnalist, siyosatchi Sh.Usnatdinov 1942-yil Kegeyli tumanida tugʻilgan. Marhum Nuroniy jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi sifatida uzoq yillar mamlakatimizning rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan inson. Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetini tugatgan yozuvchi, jamoat arbobi xalqimizga “Kimga kech, kimga tong sahar”, “Soʻnggi ovchi”, “Koʻrganlarim, koʻngildagilarim”, “Birinchi qoraqalpoq baletmeysteri”, “Shoirning yoshligi” kabi roman va qissalarini meros qilib qoldirdi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov 16-sentyabrda vafot etdi.
Rahmatli Xayrulloh domla Turmatov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida taʼlim olgan, mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyatidagi “Chetsuv”, “Qorabogʻ”, “Zangiota” jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
Deputat Muhayyo Gafarova
2020-yil 18-sentyabr kuni OʻzLiDeP Namangan shahar kengashi Partiyaning ayollar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, mahalliy kengash deputati Muhayyo Gafarova Abdulboqiyevnani bevaqt oʻlim oramizdan olib ketdi.
Samarqand shahar bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islomov
Samarqand shahar bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islomov ham sentyabr oyida, 73 yoshida hayotdan koʻz yumdi.
Nurriddinxon Islomov 1970-yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xodimi vazifasida ish faoliyatini boshlagan. 1980−2008-yillar davomida Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat olib borgan.
2017-yilgacha Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasida ishlagan.
Oʻzbekistonning sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov
Oʻzbekistonning birinchi va oxirgi davlat kotibi, sobiq bosh vazir Rahim Rajabovich Rajabov 28-sentyabr kuni 83 yoshida vafot etdi.
Rahim Rajabov 1937-yilda Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida tugʻilgan.
U Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari (1990−1992) boʻlib ishlagan va 1992-yil may oyida prezident huzuridagi birinchi va oxirgi davlat kotibi boʻlgan. 1992-yil dekabrda davlat kotibi lavozimining bekor qilinishi munosabati bilan u Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari etib tayinlangan.
Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev
2020-yilning 29-sentyabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev pnevmoniyadan vafot etdi.
Marhumning oʻlimiga oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sabab boʻlgani maʼlum qilingan edi.
Deputat Oʻktam Xoʻjayorov
1-oktyabr sanasida OʻzLiDeP partiyasi Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi deputati Xoʻjayorov Oʻktam Saidovich vafot etdi.
Oltinkoʻl tumani hokimi Nazirjon Oʻrinboyev
Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani hokimi Nazirjon Oʻrinboyev 7-oktyabr kuni 54 yoshida vafot etdi. Marhum pnevmoniya kasalligi asoratlari va oʻtkir qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Oʻrinboyev Oltinkoʻl tumaniga hokim etib tayinlanguniga qadar Andijon viloyati “Agroservis MTP” kompaniyasi raisining oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan. U 2018-yil 20-oktyabrda Oltinkoʻl tumaniga hokim etib tayinlangan edi.
Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari Bahromjon Nurmatov
Xuddi shu sanada Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari Bahromjon Nurmatov ogʻir xastalikdan soʻng hayotdan koʻz yumdi. Marhum “Covid-19” asoratlaridan vafot etgan.
U 2017-yildan buyon Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Sirojiddin Odilov
Qashqadaryo viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi — OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi va viloyat kengashi deputati Odilov Sirojiddin Turdiyevich 9-oktyabr kuni 40 yoshida vafot etdi.
S. Odilov 1980-yil Shahrisabz tumanida tugʻilgan. Yosh boʻlsa-da, millionlab shogirdlari bor ustoz edi. 2019-yil “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni, joriy yilda xalqimiz boshiga tushgan ogʻir damlardagi fidoyiligi va saxovati uchun “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangandi.
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Abrayev
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisining investitsiya, eksport va iqtisodiyot boʻyicha oʻrinbosari Ulugʻbek Abrayev 2020-yil 14-oktyabr kuni ogʻir xastalik oqibatida 39 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Ulugʻbek Abrayev Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida tugʻilgan. Marhum 2019-yildan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruvi raisining investitsiya, eksport va iqtisodiyot boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.
Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi Aʼzamxon Bahramov
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi Aʼzamxon Bahramov 2020-yilning 19-oktyabrda, 60 yoshida vafot etdi.
Marhum Toshkent shahrida dafn etildi.
Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Bahodirbek Mullaxonov
Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Bahodirbek Mullaxonov joriy yilning 21-oktyabr sanasida vafot etdi.
Deputat Islom Tayrbayev
Oradan bir kun oʻtib, Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati Islom Tayrbayev 22-oktyabrda vafot etdi.
“Xalq soʻzi” tahririyati yil yakunida 2020-yil davomida vafot etgan davlat va jamoat arboblari nomini yana bir bor yodga oldi. Oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin!
Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring