Namangan — gullar vodiysi

09:54 30 Sentyabr 2025 Jamiyat
102 0

Qay mahal Fargʻona tomonlarga yoʻl olar boʻlsam, xalqimizning ardoqli va daryodil shoiri Hamid Olimjonning “Vodiylarni yayov kezganda, bir ajib his bor edi manda...” degan muanbar satrlari esimga tushadi. Tushadi-yu, beixtiyor ustozning jarangdor ovozi yer-u samoni muattar nasimlarga toʻldirib, togʻlar orasida aks sado berayotgandek tuyulaveradi. Xayolot osmonida esa kamalak qanotlarini pirpiratib gul-u chechaklarni maftun-mahliyo qilayotgan million-million kapalaklar bazmi paydo boʻladi, goʻyo…

Mana, hozir ham Qamchiq dovonidan oʻtib boryapmiz-u xuddi shoir ulugʻ togʻlarning eng baland choʻqqisida turib: “Koʻm-koʻk, koʻm-koʻk, koʻm-koʻk!” deya hayqirayotgandek tuyuladi. Bunchalar ilhomni qayerdan, nimadan olgan ekan otashqalb ustoz Hamid Olimjon deyman ichimda. Deyman-u oʻsha zahotiyoq, Fargʻona vodiysi haqida bundan boshqacha yozish mumkinmi, axir degan bir nido jaranglagandek boʻladi dasht-u dalalarda.

Rost-da, shoirman degan odam bu diyor haqida boshqacha yozishi, fikrlashi mumkin emas-da… Toʻgʻrimi?

Fargʻona vodiysi mintaqaviy manzili va goʻzal tabiatiga koʻra azal-azaldan abadiy yashilliklar-u mangu bahor timsoliga aylanib ketgan. Bu makonning har goʻshasida Bobur-u Mashrab, Furqat-u Muqimiy, Nodira-yu Uvaysiy gʻazallarini oʻqib, baxtiyor va xurram yashayotgan choʻponlar bilan dehqonlarga, Usmon Nosir yoxud Muhammad Yusufdan sheʼrlar aytayotgan yigit-qizlarga, har qadamda mumtoz bunyodkorliklar yaratayotgan sherdil insonlarga duch kelasiz.

1

Bitmas-tuganmas ilhom manbai boʻlmish vohada qoʻnim topgan uch viloyat — Fargʻona, Andijon va Namangan soʻnggi yillarda chiroy ochib, rivojlanib, yuksalib, yanayam dilbar boʻlib borayotgani esa avvalgilardan ham samimiyroq tashbehlar izlashga chorlaydi shoir-u shuarolarni. Vodiy ahlining bir azim daryo kabi toʻlib-toshib oldinga intilayotgani, ularning kuchi bilan asrlar boʻyi changib yotgan qir-u adirlarda yangi shaharlar qurilayotgani, osmonoʻpar binolar bunyod etilayotgani bu xalq qudrati-yu kamolini yana bir karra namoyon etmoqda. Yuksalishlarda har bir viloyatning alohida-alohida oʻrni bor. Maqolamiz uch pahlavon — “uch ogʻayni botirlar”ning birinchisi — Namangan haqida boʻlgani bois “Shohi Mashrab” yurtdoshlari davrasiga shoshamiz.

Bilaman, Namanganga nisbatan qoʻllanilgan “birinchi” iborasi qolgan ikki viloyatga judayam yoqib tushavermaydi. Zotan, vodiyda “ikkinchi” degan viloyatning oʻzi yoʻq — uchovlon ham birinchi! Birontasiga “ikkinchisan”, deb koʻring-chi? “Men birinchiman!” — mana shu soʻzlar faxr-u iftixor, kuch-quvvat, otash-alanga bagʻishlaydi har bir vodiylikning qalb qoʻriga.

Qamchiq dovonidan oshib oʻtilgach, vohaga qoʻyiladigan ilk qadam Namangan zaminidan boshlangani sabab “birinchi” sifati qoʻllanildi hozir.

Alqissa, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yil 16-17-sentyabr kunlari mana shu zaminda boʻldi. Namanganliklarning hayoti, ishlari bilan yana bir marta atroflicha tanishdi, ular bilan chin dildan, samimiy suhbatlar oʻtkazdi. Soʻngra kelgusidagi rejalar batafsil tahlil qilindi.

Tashrifni Namangan aeroportidan boshlagan Prezident, bu yerda amalga oshirilayotgan yumushlar bilan tanishgach, Chustdagi “Megaton” korxonasida, Yangi Namangan tumanidagi “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasida, Chortoqdagi “Ayqiron-1” nasos stansiyasida, Namangan shahridagi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazida boʻldi. Soʻngra Norindagi “Fishvel Norin” korxonasi, “Rasulov Gʻofurjon oʻgʻli Bahodir” fermer xoʻjaligi va Shoʻrariq mahallasida qilinayotgan ishlarni koʻrib, Norin GESlar kaskadining ishga tushgan dastlabki bosqichi bilan tanishgach, shu yerda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda davlat rahbari qalbini toʻlqinlantirgan tuygʻularni bayon etayotib, bunday dedi:

— Har safar bu viloyatga kelganimda, odamlardagi koʻtarinki kayfiyatni, katta-kichik doim harakatda, izlanishda yurganini koʻrib quvonaman. Bugun ham hududdagi ijobiy oʻzgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz toʻgʻri yoʻldan borayotganiga yana bir bor amin boʻldim.

Xalqimiz yaxshi biladiki, Prezidentning talabi, baholash va oʻlchov meʼyori behad katta. Talabchan rahbarning eʼtiboriga sazovor boʻlish, u kishini mamnun va rozi qilish oson emas. Hamisha tilga olinavermaydi yuqoridagi singari mehr nurlariga yoʻgʻrilgan soʻzlar.

Xoʻsh, Prezidentni suyuntirgan omillar nima edi? Bu savolga javob berish uchun, avvalo, viloyatning bundan oʻn yillar oldingi ahvolini eslash kerak boʻladi.

Namangan zamini qadimdan hunarmandlar, tadbirkorlar oʻlkasi boʻlib kelganiga qaramay, oʻsha yillari Qarib va nochor qiyofaga tushib qolgandi. Hunarmandlarning qoʻli ishdan sovigan, oldi-sotdi ishlari izdan chiqqan, eplaganlar xorijiy mamlakatlarda, kim-kimlarning eshigida mardikorlik qilardi. Bir million kishidan ortiq edi shundan boshqa iloj topolmaganlar soni.

Mavjud korxonalarning ayrimlarigina zoʻrgʻa nafas olar, yoʻllar chang-loy, ichimlik suvi tanqis, uysizlarning sanogʻi yoʻq, qishda gaz, elektr muammosi hammani qiynagan... 2016-2017-yillarda viloyat boʻyicha bor-yoʻQi 142 kilometr yoʻl asfaltlangan, aholining qariyb teng yarmi toza ichimlik suvidan bebahra edi. Bugun 38,5 mingtani tashkil qilgan kichik va oʻrta biznes subyektlari soni 18 mingtaga ham yetmasdi oʻsha paytda. Bugun 37,5 trln. soʻmga yetgan sanoat hajmi esa 3,4 trln. atrofida edi.

Soʻnggi 8-yil davomida viloyatga 5,2 mlrd. dollar miqdorida investitsiya kirib keldi. Bu 2017-yildagiga nisbatan oʻsish 150 barobar oshdi, deganidir.

Bundan 8 yil oldin “Namangandagi “Iftixor kiyim sanoati” korxonasiga Germaniyaning “Helaba” banki 198 mln. dollar investitsiya kiritadi, Turkiya investorlari ishtirokida “Coca-Cola lchimligi Namangan” korxonasi 60 mln. dollar, Xitoy investorlari ishtirokida “Megaton” korxonasi 40 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni oʻzlashtiradi”, desangiz, birov ishonmas, aksincha, “Tushingni borib suvga ayt, xorijliklar shuncha pulini namanganliklarga beradigan afandi emas”, degan javobni olar edingiz.

Oʻsha paytda maktabgacha taʼlim qamrovi 24 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich 77,5 foizdan oshdi. Oliy taʼlim qamrovi esa 9,2 foizdan 50 foizga yetdi. Kambagʻallik darajasi 2025-yil boshidan buyon 7,6 foizdan 6,7 foizga pasaydi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu koʻrsatkich yil adogʻigacha 5,3 foizgacha kamayadi. Kambagʻallik darajasi esa... Garchand, rasman taqiqlanmagan boʻlsa-da, bu haqda ogʻiz ochish mumkin emas edi, yopiq hisoblanardi bu mavzu.

Shu joyda ushbu mavzuga ozroq toʻxtalib, yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish siyosatining amaliy samarasi Namanganda yaqqol koʻrinayotganiga nigoh tashlash oʻrinli boʻladi, deb oʻylayman. Zero, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” mavzuidagi 3-xalqaro forum aynan Namanganda oʻtkazilganida ham oʻziga xos katta maʼno bor. Prezidentimizning “Inson qadrini ulugʻlash orqali odamlar uchun munosib sharoit yaratish, bu borada kambagʻallikni qisqartirish — Yangi Oʻzbekistondagi barcha islohotlar zamiridagi bosh maqsaddir”, degan soʻzlari mazkur anjumanda qatnashgan xorijlik mutaxassislarning ham eʼtiroflariga sazovor boʻldi.

— Oʻzbekiston kambagʻallikka qarshi kurashishda oʻzini jahonda yetakchi sifatida namoyon qildi, — dedi Jahon bankining global direktori Luis Filepe Lopes-Kalva. — Uning yutuqlaridan boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida foydalanish mumkin.

Bunday eʼtirofni eshitayotib, Prezidentimizning yana bir soʻzi esimga tushdi: “Biz oʻz mehnatimiz bilan boshqalarni tan olishga, bizni hurmat qilishga majbur qilishimiz kerak”.

2

Biz ham gʻurur bilan taʼkidlasak arziydi: bugun oʻzining salohiyati, qadim tarixi, xirmon-u xazinalari bilan nom qozongan oʻzbekning qadim vohasi Namanganda ajdodlarimiz, hatto xayol ham qilolmagan moʻjizalar roʻy bermoqda.

— Shu yerda bir oz orqaga qaytib, Prezidentimizning avvalgi tashriflarini eslash oʻrinli, — deydi tajribali jurnalist Hotam Mamadaliyev. — Hammamizga ayon, Prezidentimiz yurtimizning qay goʻshasiga bormasin, oʻsha yerda muammolar hal qilinadi, jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻladi, odamlar hayotini farovonlashtirish imkoniyatlari topiladi, badiiy tashbehga oʻrab aytganda, yoʻllarini chim-loy bosib yotgan daryolar ravon oʻzaniga tushadi, odamlar hayajonlanadi, xalq birlashadi. Birlikda esa baraka bor, birlashganlar togʻni talqon qiladi.

Kasbim yuzasidan Yurtboshimizning viloyatimizga tashriflarini doimo diqqat bilan kuzataman, bergan topshiriqlaridan keyingi oʻzgarishlarni yondaftarimga yozib boraman. Oʻrni kelgani uchun qaydlarimdan bir-ikkita misol keltirmoqchiman.

2019-yil 28-fevral. Shu kuni davlatimiz rahbari Namanganga keldi. Shaharlarni, tumanlarni borib koʻrdi. Viloyat iqtisodiyotida yalpi hududiy mahsulot hajmi 107 foiz oʻsganidan, 170,9 mln. dollar qiymatga teng eksport amaliyoti toʻliq bajarilganidan, 5,4 trln. soʻm investitsiyalar oʻzlashtirilib, 831 ta loyiha ishga tushirilgani va 11 540 ta ish oʻrni yaratilganidan mamnun boʻldi. Kelgusi — 2020-yilda umumiy qiymati 7,2 trln. soʻmlik 1 170 ta loyihani amalga oshirish, 20 800 ta yangi ish oʻrni ochish kerakligi belgilab berildi.

Eng muhimi, rejadagi vazifalarning birontasi chala qolgan yoki bajarilmagan emas — hammasi yil davomida oshigʻi bilan ado etildi.

— Shunday, — suhbatdoshim yana qaydlariga murojaat etadi. — Mana, qarang: Prezident tashriflaridan keyin odamlarning uy-joyga boʻlgan talabini qondirish uchun 1 078 ta xonadondan iborat 40 ta koʻp qavatli turarjoy binosi qurib bitkazildi. Shuningdek, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmandlarga ajratilgan 829 ta subsidiyaga qoʻshimcha tarzda yana 500 ta, jami 1 329 ta subsidiya ajratib berildi. Yana bir muhim gap shuki, “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Namangan viloyatida namunaviy maskan etib Davlatobod, Norin va Toʻraqoʻrgʻon tumanlari belgilangan. Ushbu tumanlarning taʼlim, ijtimoiy soha, turizm, obodonlashtirish, qishloq xoʻjaligi, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish yoʻnalishlariga umumiy miqdori 67,8 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 57 ta loyiha va tadbirni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Agar suhbatni shu tarzda davom ettirib, Prezidentimizning har bir tashrifi haqida gapiraversak, dostonlarga sigʻmaydi, shoirlar tili bilan ifodalamoqchi boʻlsak, Namangan moʻjizalarini tasvirlamoq uchun nechta Firdavsiy kerak?!

3

Xuddi shunday.

Barcha jabhalarda yuksak salohiyati va beadoq imkoniyatlarini namoyish qilayotgan Namanganda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlarni, goʻzal evrilishlarni taʼrif-tavsiflash yozuvchiga ham, jurnalistga ham, moʻyqalam sohiblariga oson emas.

Yer maydoniga koʻra respublikada toʻqqizinchi, aholi soni boʻyicha yettinchi, aholi zichligi borasida toʻrtinchi, iqtisodiyotda kichik biznes ulushi boʻyicha uchinchi oʻrinni egallovchi viloyatda soʻnggi yillarda aholining real daromadi 3 baravar oʻsdi, 7 mlrd. dollardan ortiq xorijiy investitsiya kiritildi, 8 mingga yaqin yangi korxonalar ishga tushirildi. Qanday erishildi bunday yutuqlarga? Yaqin-yaqinlargacha kichkina tepalikdan oshib oʻtishga chogʻi kelmay, boshini qashib oʻtirgan Namangan qanday qilib zabt etyapti baland choʻqqilarni? Bunday yuksalishlar sirini ochish, tasvirlab berish, albatta, oson emas. Buning uchun, avvalo, ona Vataniga, xalqiga beadoq mehr va oʻz kasbiga cheksiz muhabbat joʻsh urishi lozim har bir ijodkor qalbida.

Yoki viloyat tarixi... Kim biladi Namangan qachon paydo boʻlganini?.. Kitoblarda u viloyat sifatida 1941-yilda tashkil etilgan, deyiladi. Aslida-chi? Aslida eramizdan avvalgi olis-olis zamonlarga borib taqalmaydimi uning tarixi! Mamlakatimizning eng qadimgi shaharlaridan boʻlgan Axsikat — Axsikent 1620-yilgacha Fargʻona vodiysining poytaxti boʻlgan-ku?! Oʻsha yili yuz bergan qattiq zilziladan keyin shahar aholisi hozirgi Namangan zaminiga koʻchib oʻtgan. Dunyodagi balo-qazolarning hammasini boshidan oʻtkazgan. Kim yozadi yelkasi yagʻir, qoʻllari qadoq boʻlib ketgan Namangan oʻtmishini?.. Mustaqillikkacha kun koʻrmagan, biri ikki boʻlmagan, ip topsa, igna, kovush topsa, mahsi topolmagan, bir ogʻiz iliq soʻzga zor boʻlgan xalqning ahvolini-chi? Hatto, mustaqillikdan keyin ham...

Xoʻsh, asrlar boʻyi kosasi oqarmagan Namangan keyingi 8-9-yilda qanday qilib moʻjizalar diyori — “Afsonalar mamlakati”ga aylana boshladi?

— Jahonshumul yuksalishlarning guvohi boʻlyapmiz, — deydi shoir va publitsist Jamoliddin Muslim. — Men ham ancha-muncha voqealarni boshidan oʻtkazgan avlod qatorida turaman. Shoʻrolarni koʻrdik, mustaqillikning dastlabki qadamlarida ishtirok etdik, ammo keyingi yillardagi voqealar, vijdonan aytaman, tasavvurga sigʻmaydigan darajada ulkan va salmoqli. Qiziq-da, mundoq qarasangiz, yer oʻsha, xalq oʻsha, quyosh oʻsha... Hamma zamonlardagi kabi oʻsha paytlarda ham katta-kichik bor edi, rahbarlar bor edi. Hamma narsa boru hammayoq muammo, hamma kambagʻal, hamma xomush. Demak, hamma gap, eng birinchi navbatda, yetakchiga, elparvar, jonkuyar, fidoyi sardorga bogʻliq ekan. Tarixdagi buyuk oʻzgarishlar ham jasur yoʻlboshchilar, oqil sarkorlar tufayli sodir boʻlgan. Hatto zaminimizdagi har ikki Renessansning yaratuvchilari ham, eng avvalo, ulugʻ shaxslar boʻlishgan. Mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevoriga birinchi gʻishtlar qoʻyilayotgani, yangi Oʻzbekiston bogʻlarining gurkurab borayotgani — hamma-hammasida elsevar Prezidentimizning oʻtli nafasi bor. Yana bir gapni eslaydigan boʻlsam, Prezidentimiz uchinchi Renessans poydevorlarini bunyod etishdek qutlugʻ vazifa sizu bizning zimmamizga tushdi, deganida, ancha oʻylanib qolgan, ishongimiz kelmagan edi. Har turli havoyi shiorlardan zerikkan edik-da hammamiz ham. Shubhalarimiz nooʻrin ekanini mana endi oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz. Shavkat Miromonovich toliqqan dillarda umid gulxanlarini alangalatib yubordi. “El boshiga kun tushsa, el yaratgan er kelar”, degan hikmat bekor kelmagan ekan dunyoga. Viloyatimiz tamomila yangi qiyofaga kirdi, yangi Oʻzbekiston bagʻrida “Yangi Namangan” paydo boʻlyapti.

Shavkat Miromonovichning daʼvatlari yuragimizga singdi. Prezident boshlagan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, undagi vazifalarni oʻrinlatish uchun fidokorlik koʻrsatish har bir namanganlikning vatanparvarlik burchiga aylandi. Bu gaplarimda zigʻirchayam ortiqcha ehtiros yoʻq. Odamzod yaxshi yashash mumkinligini koʻrib tursa, bola-chaqasi ertaga boshqalardan kam boʻlmay oʻsayotganidan koʻngli toʻlsa, hamma narsaga tayyor boʻladi.

8-9-yil avval uy, ichimlik suvi, gaz kabilar viloyatimizning eng ogʻriqli dardlari edi. Abgor holatda edi ahvolimiz. Keyingi yillarda 638 ta koʻp qavatli uy barpo qilinib, 23 ming oila yangi, zamonaviy xonadonlarga koʻchib oʻtdi. 2016-yilga qadar viloyat aholisining qariyb yarmi toza ichimlik suvidan bebahra boʻlgan boʻlsa, oxirgi yillarda 5,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari tortilib, markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 59,5 foizdan 87 foizga yetdi. Bu yuz minglab oila hayotida tub oʻzgarish yasagan koʻrsatkichdir.

Xullas, bir paytlar iqtisodiy qiyinchiliklar girdobida qolgan, davlat dotatsiyasi hisobidan kun kechirgan Namangan viloyati mamlakatimizning yirik sanoat va eksport markaziga aylanib boryapti.

Shoir doʻstimizning fikrini davom ettirib, viloyatda joriy yilning birinchi yarmida qilingan yumushlarga nigoh tashlaydigan boʻlsak, bu diyorda yuz berayotgan moʻjizalar, hech qanday mubolagʻasiz, mumtoz salobati, goʻzal tovlanishlari bilan koʻzlarni qamashtirib yuboradi.

Bir yilga yetar-yetmas vaqt orasida yalpi hududiy mahsulot hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 7,3 foizga oʻsdi. Jumladan, sanoat — 9,1, qurilish ishlari — 12,7, xizmatlar koʻrsatish — 12, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish 4,4 foizga koʻpaydi. Investitsiya dasturlari doirasida 248,6 mln. dollarlik 445 ta loyiha ishga tushirilib, 11 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Shu kunlarda namanganliklar qariyb 500 ga yaqin turdagi oʻz mahsulotlarini dunyoning ellikka yaqin davlatlariga chiqarayotgani esa alohida mavzu.

Umuman, misollar raqamlardan, raqamlar misollardan koʻrkam va serjilo — aytib ado qilib boʻlmaydi.

4

“Aytib ado qilib boʻlmaydi”ganlar ichida Namangan shahri oʻzining benazir jamoli bilan oʻzgacha oʻrin egallaydi. Shahar bundan bor-yoʻQi 8-9-yil avval koʻrimsiz va gʻaribona koʻrinishda edi. Mehmon kelsa, uyiga taklif qilishdan iymanardi odamlar. Ana-mana deguncha koʻrimsiz mahallalar, koʻchalar oʻrnida keng va ravon yoʻllar, pastqam uylar oʻrnida koʻp qavatli imoratlar, hatto ertaklarda ham taʼrifini topish qiyin boʻlgan “Afsonalar vodiysi” qad koʻtardiki, koʻzlaringga ishonging kelmaydi.

Yana bir qiziq tomoni, shahar qiyofasiga qarab, aholi soni ham koʻpayib bormoqda. Yiliga 25 ming kishiga oʻsayotgan Namangan shahri bir yildan soʻng, yaʼni 2026-yilda aholisi milliondan oshgan shaharlar safidan joy egallashi mumkin. Shaharga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni esa undan ham koʻp.

Koʻpchilik yaxshi biladi, sayyoh deganning koʻngli nozik, qiziqishi katta boʻladi, hamma joyga ham kelavermaydi. Tarixi ulugʻ, bogʻlari chaman, odamlari saxovatpesha manzillarga intiladi sayyoh degani. Namanganni esa bemalol sayyohlarni mahliyo qiluvchi manzillar makoni, deyish mumkin.

274 ta moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyekti davlat muhofazasiga olingan bu oʻlkada.

Sulton Uvays Qaraniy, Maxdumi Aʼzam Kosoniy, Mavlono Lutfulloh Chustiy, Mulla Bozor Oxund, Boborahim Mashrab, Mavlaviy Namangoniy, Majzub Namangoniy, Otaullixon, Mulla Qirgʻiz ziyoratgohlari, Bibi Naima ona (Sutli buloq), Xoʻja Amin maqbarasi, Mulla Qirgʻiz, Gʻoyibnazar qozi madrasalari hamisha sayyohlar bilan gavjum.

Chortoqdagi “Baliqli koʻl” ziyoratgohi shunday aziz manzillarning biridir. Bu joyni koʻpchilik yaxshi biladi. “Baliqli koʻl”ni suv bilan taʼminlab turuvchi manba bu koʻlni tashkil qilgan “sirli” buloqlar hisoblanadi.

Rivoyatlarga qaraganda, Baliqli koʻlning paydo boʻlishi Uvays Qaraniy nomli avliyo kishining karomati yoki sharofati bilan bunyod boʻlgan.

Ana shu buloqlardan har daqiqada 140 litrga yaqin suv otilib chiqadi va viloyatning Chortoq tumanidagi suv omboriga yetib keladi. Quyuq daraxtlarning soya-salqinligi koʻngilga huzur bagʻishlovchi “Baliqli koʻl” ziyoratgohidagi buloq suvi nafaqat chanqoqni bosadi, balki kuchingizga kuch qoʻshadi, ruhingizni koʻtaradi. Koʻpni koʻrgan oqsoqollarning gapiga qaraganda, buloqdan bir piyola zilol suv ichgan odam ming bir darddan forigʻ boʻlarkan.

“Sutli buloq” suvi Chortoq tumanidagi 12 mingdan ortiq aholining tomorqasini, bogʻ-rogʻlarini obihayot bilan taʼminlaydi. Aytishlaricha, “Sutli buloq”dan chiqayotgan suv ichki xastaliklarga davo, balchigʻi badandagi turli yaralarni, dogʻlarni davolashda malham. Buloqning moʻjizaviy xususiyatlaridan yana biri — chashma haftaning juma kuni tong boʻzarmay sut rangiga kiradi va shomgacha shunday tusda turadi. Bu oʻzgarishning sababini hech kim bilmaydi.

“Baliqli koʻl” Namangan viloyatidagina emas, balki respublikamizdagi eng qadimiy va muqaddas ziyoratgohlardan biri ekanini alohida taʼkidlash lozim.

Viloyatning Chodak, Gʻova, Nanay qishloqlari ham oʻzining soʻlim tabiati va toza havosi tufayli doimo sayyohlar diqqat markazidan tushmay kelmoqda.

Chustning “Chust oshi”, Nanayning “Beshbarmoq”, Chortoqning “Qotirma” kabi anʼanaviy taomlari esa viloyatga boʻlgan qiziqishni yana ham kuchaytiradi.

Namanganda har yili oʻtkaziladigan Xalqaro gullar festivaliga kelgan sayyohlar ham vohaning milliy urf-odatlari qatori uning noyob taomlariga oshigʻ-u beqaror boʻlib qoladi. Bu festival viloyatning kamalakdek tabiati, madaniyati va mangu anʼanalarini butun dunyoga tanishtiradi, gulchilik va bogʻdorchilikda yetakchi boʻlgan viloyatning shonini ziyoda qilishga, turizmni yanada rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Bu yilgi festival ilk bor 50 kun davom etib, dunyo miqyosidagi muhim voqelikka aylandi. Mazkur tadbir doirasida Namanganga 7 mln.dan ziyod mehmonlar tashrif buyurdi. Ularning 800 ming nafari xorijlik sayyohlar edi. Shu kunlarda 8 trln. soʻmlik savdo va xizmatlar koʻrsatildi.

Umuman, yil boshidan buyon viloyatga 1 mln. 200 ming xorijiy, 2 mln. mahalliy sayyoh keldi, turizm eksporti 204 mln. dollardan oshdi.

Bunday imkoniyatlar, albatta, tadbirkorman deganni ruhlantiradi, ilhomlantiradi-da. Shunday emasmi?

5

— Yoshlar bizning kelajagimizdir, — deydi mehnat faxriysi Bahodir Yusupov. — Prezidentimiz qachon viloyatimizga kelsa, albatta, yoshlar bilan uchrashadi. Men shunday uchrashuvlarning koʻpida qatnashganman. Soxta maqtovlardan yiroq odam sifatida aytamanki, davlatimiz rahbarining sodda va tushunarli tilda bayon qilgan fikrlarini har safar eshitganimda yoshlar-ku — yoshlar, mening ham ichim toʻlib, koʻzlarimga yosh keladi.

Prezidentimizning suhbatlarida nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy taraqqiyot yoʻllari ham ayon koʻrsatib beriladi. Millat gʻururi toʻla shakllanayotgan paytlarda axloq, odob, iymon, shaxsga hurmat, or-nomus degan fazilatlar katta-yu kichikka qanchalar muhimligi toʻgʻrisidagi soʻzlarini eshitayotib, xalqimizning Prezidentga Xudo bergan, deyishlari bekor emasligiga imonim komil boʻladi. “Togʻ qoyasi uxlamas”. Hamisha bedor Prezidentimiz bilan har qancha iftixor qilsak, arziydi.

6

Arziydi.

Ammo erishilayotgan yutuqlar qanchalar yirik boʻlmasin, baribir, talabchan Prezidentimizning koʻngliga taskin berolmaydi. Zero, daryolar joʻsh urib oqayotgan, odamlar toʻlib-toshib mehnat qilayotgan boʻlsa-da, hali qiyomiga yetmagan yumushlar, tuzatishga, tiklanishga muhtoj goʻshalar, shirin suv yetib bormagan ovul-u xonadonlar borligi ham davlat rahbariga besh qoʻlday ayon. Yuz yillar davomida qamish-u karrak bosib ketgan daryo oʻzanlarini tozalash, minglab ishsizlarga yumush topib berish, bola-chaqasidan uzoqlarda mardikorlik qilib yurgan qora koʻzlarimizni oilasi bagʻriga qaytarish, qahraton qish kunlarida gaz va chiroq bilan bogʻliq muammolarga chek qoʻyish... Bular — shunchaki, kichkina tashvishlar emas. Bular odamlarni rozi qilish, bugun kechagidan yaxshiroq yashashini taʼminlash bilan bogʻliq ulkan va kechiktirib boʻlmas vazifalardir.

— Prezidentning maqsadi, mening nazarimda, bitta, u ham boʻlsa oʻzbek xalqini hech kimdan kam boʻlmaydigan darajaga yetkazish, — deydi “Namangan sadosi” gazetasi bosh muharriri Ulugʻbek Roʻzimatov. — Har safar — televizordami, majlislardami Prezidentimizning ayrim rahbarlar masʼuliyatsizligi haqida kuyib-yonib aytayotgan soʻzlarini eshitganimda ich-ichimdan: “Qachongacha oʻzgalardan ortda qolamiz, nega endi faqat Yurtboshi yonishi, kuyishi kerak? Axir, xalq boʻlsa, millat boʻlsa, amal, egallab turgan mavqeimizdan qatʼi nazar, shu yurtning obodligi, farovonligi uchun birday hamjihat, masʼul boʻlishimiz kerak emasmi?! Bironta odamning koriga yaramasang, bironta gʻaribning koʻnglini ovlashga yaramasang, Vatan oʻmganini koʻtarishga qanday yaraysan?!” degan bir nido kelayotgandek boʻladi.

Ulugʻbek haq. Ayrim idoralarda haligacha ishing porasiz bitmasa, atrofda oshno-ogʻaynigarchilik illatlari yashab turgan boʻlsa. Buning ustiga, “Charxi kajraftorning bir shevasidin dogʻman”, degandek kurrai zaminda qonli urushlar davom etayotgan boʻlsa! Kechagi doʻstlar bugun Qanim. Kechagi qoʻshnilar bugun jiqqamusht. Ertaga nima boʻlishi yolgʻiz Yaratganning oʻziga ayon. Shunday olagʻovur zamonda mening uyim tinch, mening tomimdan tomchi oʻtmayapti, deyish nodonlikdan boshqa narsa emas. Toʻzonlar toʻfonlarga aylanib turganda karvoningni ochkoʻz qaroqchilar toʻdasidan eson-omon olib chiqish naqadar mushkul. Qancha aql, fikr, diplomatiya, mehnat, azob... Ustiga-ustak, zoʻravonlarning kurakda turmas talablari, tahdidlari, tulkiliklari. Bular ham yetmaganday ichimizdan chiqqan baʼzi alamzadalar, ularning gʻingshishlari...

Shularni oʻylaganda, oʻylab xayolga tolganda yana Prezidentning soʻzlari vujudingga shaloladek oqib kiradi, bilagingga kuch, orzularingga qanot bagʻishlaydi:

— Katta oʻzgarishlar natijasini Namangan ahli oʻzining kundalik hayotida his qilyapti. Agar biz birlashsak, bundan ham katta natijalarga erisha olamiz. Ishning koʻzini biladigan, tadbirkor va mehnatsevar namanganliklar bilan viloyatni yurtimizning eng obod va farovon hududlaridan biriga aylantiramiz.

7

Aylantiramiz.

Aylantirmoq uchun eshiklar-u derazalarning hammasi lang ochiq. Oʻzbekiston shiddat bilan baland choʻqqilar sari dadil odimlamoqda. Jahondagi koʻpgina davlatlar havas bilan qaramoqda ISLOHOT deb atalgan Oʻzbekiston bogʻlariga. Kechagina Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etgan Prezidentimiz dunyoda tinchlik va osoyishtalikni asrashga oid yana oʻnlab tashabbuslarni oʻrtaga tashladi. Sessiya tadbirlari doirasida bir qator nufuzli delegatsiyalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va yirik kompaniyalar yetakchilarini qabul qildi. Ming yoki million emas, milliard-milliard dollarlardan iborat yirik shartnomalarga, kelishuvlarga, bitimlarga erishildi. Birgina “Boeing” kompaniyasi bilan 8 mlrd. dollarlik shartnoma imzolandi. Amerika Prezidenti Donald Tramp Oʻzbekiston Prezidenti soʻzi va ishi bir rahbar ekanini tan oldi. Hazilakam gaplar emas bular, albatta. Bu — dunyodagi eng badavlat, eng obroʻli davlatning Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqiga boʻlgan hurmati. Bu — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bundan 9-yil avval boshlagan islohotlari naqadar toʻgʻri ekanining jahon sahnasida muhrlangani.

Endi, shu joyda ulugʻ mutafakkir bobomiz Beruniyning: “Ketgan toʻlqin borib quruqlikka urilsagina ortga qaytadi, yoʻqsa qaytib kelmasligi kerak. Oʻsha yoqda bir quruqlik bor, shuning uchun ummonning toʻlqini unga borib uriladi-da, ortga qaytadi”, deya olis okean ortida yer mavjudligini aytganini eslaylik, u ishora qilgan oʻsha yer Amerika ekani va avliyo bobomiz kashf etgan oʻlkada asrlar oʻtib Oʻzbekiston rahbari jahonning eng yirik davlatlari va kompaniyalari rahbarlari bilan suhbatlashayotganini, katta-katta shartnomalar imzolayotganini tasavvur qiling, koʻz oldingizga keltiring...

Ha, oqqan daryo oqmasdan qolmas... Namanganda hayot har doimgidan-da joʻshqin va shiddatli. Mehnatkashlarning kayfiyati aʼlo, ruhi baland. Rejalar esa bir-biridan ulkan. Ular yil oxiriga qadar viloyatga 4,2 mlrd. dollar miqdorida investitsiya jalb etish, eksport hajmini 1 mlrd. dollarga yetkazish, 323 mingta yangi ish oʻrni yaratish, 26 ming oilani kambagʻallikdan chiqarishga ahd qilishgan.

Orzularing hamisha yoʻldosh boʻlsin, Namangan,

El-ulusing togʻlardek qoʻldosh boʻlsin, Namangan.

Ona Vatan shavkati yoʻllaringga sochib nur,

Yurtboshimiz daʼvati quyosh boʻlsin, Namangan…

Abdusaid Koʻchimov,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер