Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri

15:42 11 Mart 2026 Jamiyat
207 0

Oʻtmishga nazar tashlansa, oʻz davrida Oʻrta Osiyo hududida bir necha sulola hukmronlik qilgan turli davlatlar mavjud boʻlgan. Faqat 1924-yil oxiri va 1925-yilning boshlarida bu davlatlar oʻrnida yangi respublikalar tashkil etildi. Shulardan biri Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi edi.

Milliy hududiy chegaralanish 1924-yil noyabr oyi oxirida oʻtkazilgan, 1925-yil 6-12-fevralda Oʻzbekiston kompartiyasining II syezdi, 13-17-fevralda Oʻzbekiston SSRning II syezdi boʻlib oʻtgandi. Yangi davlat oʻz faoliyatini rasman shu vaqtdan boshlaydi. Ushbu jarayon esa yuqori darajadagi tadbirlarni tashkil etishga mos binoning qurilishi munosabati bilan orqaga surilib kelayotgan edi. 1924-yil oxiri va 1925-yilning fevral oyi boshlarida Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati davrida “Xalq uyi”ning qurilishi bilan katta tantanalar boʻlib oʻtdi. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston nomli davlat tashkil topgani aynan shu binoda rasman eʼlon qilindi, Buxoro uch oy mobaynida uning poytaxti boʻlib turdi.

Bino qurilishi jarayoni oʻsha davr matbuotida keng yoritib borilgan. Jumladan, “Ozod Buxoro” gazetasining 3-fevraldagi 205-sonida “Xalq uyi” sarlavhasi ostidagi maqolada quyidagi maʼlumotlar keltiriladi: “Lenin maydonida (Registon maydoni 1920-yildan soʻng “Istiqlol maydoni” deb, keyin esa “Lenin maydoni” deb nomlangan – taʼkid bizniki) qurultoy uchun belgilangan “Xalq uyi” taajjubli ravishda taʼmir qilinmoqdadir. Bunda ertayu kech toʻxtamasdan ish davom qiladir. Bino elektrik chiroqlari bilan yoritildi. Qurultoyda nutq soʻzlayturgʻon oʻrtoqlarning ovozlarini koʻchaga yetkarmak uchun maxsus apparat qoʻyiladur. Buning orqasida notiqlarning soʻzlari koʻchadagi xalqqa ham eshitilib turgʻusidir. Bu moshina uchun elektrik kuchi yetgulikdir. “Xalq uyi” huzurida vakillar uchun 1000 kishilik oshxona tayyorlandi. Hozirda bunda qurultoygʻa kelgan 120 ga yaqin vakilga ovqat berilmakdir.”

Maqolaning ikkinchi qismi “Koʻrsatish” deb nomlanib, unda: “Xalq uyi”ning ikkinchi qavatida mol koʻrsatishi ochiladur. Bunda bir tarafga Oʻzbekistondan chiqarilaturgʻon, ikkinchi tarafga Chindan Oʻzbekistongʻa kirgizilaturgʻon mollar qoʻyilmoqdadir. Koʻrsatishdan iqtisodiy va savdo tashkilotlarimizning hammasi deyarlik ishtirok qildilar. Mol koʻrsatish bilan birlikda oʻrta joyda “istiport” (firqa tarixini oʻrganish komissiyasi)ni koʻrsatish boʻladir. Koʻrsatishning bu qismi uchun mukammal suratda materiallar tayyorlandi. Lenin maydonidagʻi avvalgi gʻalla kopponida qishloq xoʻjaligʻi koʻrsatishi ochiladur. Buning uchun har xil dehqonchiliq moshinalari keltirildi. Bu moshinalar quriltoy vakillari huzurida tajriba qilinib koʻrilur.”

“Sahna” sarlavhasi ostida maqola davom ettirilib, u: “Xalq uyi”da teatr sahnasi yasalib tamom boʻldi. Kerakli dekaratsiya (manzara)lar ishlandi. Qurultoy vaqtida tomosha kechalari yasamoq uchun Toshkanddan Oʻzbek davlat turuppasi choqirilib keltirildi. Turuppa tarafinda vakillar uchun bir marotaba spektakl va ikki marotaba sharq kechasi yosaladir. Qurultoygʻa Maskovdan kelaturgʻon mehmonlar uchun maxsus joylar tayyorlandi. Qurultoyga vakillar kela boshladilar, hozirda 120 vakil bor. Bular yotoqxonalarga joylashtirilib kerak yaroqlari taʼmin etildi.”, degan soʻzlar bilan yakunlanadi.

Aslida esa 1922-yildayoq Registonda umumiy bogʻ, xalq teatri, dorulmuallimin qurish masalasi kun tartibiga qoʻyilganini “Buxoro axbori”ni mutolaa qilish jarayonida bilib olamiz. Keyinchalik bularning barchasi birin-ketin barpo etiladi. Binoning ochilishiga kelsak, u katta xursandchilik bilan boʻlib oʻtadi.

Bir necha muddat “Xalq uyi”da turli tadbirlar oʻtkaziladi. Soʻngra inshoot yon tomonlarida yangi binolar qad rostlashi bilan undan faqat marosimlar oʻtkazishda foydalaniladi. Keyinchalik esa Sadriddin Ayniy nomidagi viloyat drama teatri shu yerda faoliyat yuritadi. 2010-yilda teatr jamoasi uchun yangi zamonaviy bino qurilgach, bu tarixiy yodgorlik qarovsiz qoldi. Toʻgʻri, hozirgi kunda unda taʼmirlash yumushlari olib borilayapti. Lekin nazarimizda, ishlar sust borayapti. Zero, yuz yildan ziyod vaqt davomida yaxshi saqlangan sahna yogʻochlarini yogʻin-sochindan, tashqi taʼsirlardan asrash dolzarb masala sanaladi.

Xoʻsh, endilikda bu bino taqdiri nima boʻladi? Bizga maʼlum boʻlishicha, unga yana viloyat musiqali drama teatrini joylashtirish rejalashtirilgan. Vaholanki, teatrning zamonaviy binosi bor. Qolaversa, tarixiy inshoot yana abgor holatga tushmasmikan, degan xavotir ham yoʻq emas .Fikrimizcha, u kelgusida “Oʻzbekistonning tashkil topishi va unda jadidlarning oʻrni” mavzusidagi muzeyga aylantirilsa ayni muddao boʻlardi. Buxoroda “Jadidlar muzeyi” tashkil etilishi rejalashtirilgan. Lekin u uy – muzey maqomida va nisbatan kichik. Biz “Xalq uyi”ning noyobligi va joylashuv oʻrnini inobatga olgan holda yuqoridagi taklifni bildirayapmiz. Undan Oʻzbekiston tarixining yangi sahifalarini yoritishda foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki bino Ark qoʻrgʻoni, Bolohovuz masjidi, Qoʻshmadrasa, Ismoil Somoniy maqbarasi kabi turli tarixiy yodgorliklar qurshovida. Agar shu taklif inobatga olinsa, u shaharga tashrif buyurgan sayyohlaru mehmonlar uchun turistik manzil vazifasini ham oʻtardi.

Qolaversa, muzey – qoʻriqxona jamoasining anjumanlar, xotira kechalari oʻtkazishi, Buxoroning boy oʻtmishi, merosini yoritishga qaratilgan asarlarni namoyish etishi uchun hozirgacha sahna mavjud emas. Binoning markaziy qismidan shu maqsadda, birinchi va ikkinchi qavatdan esa koʻrgazma sifatida foydalanilsa bu respublikamizning hali toʻliq yoritilmagan davrini xalqimiz va yurtimiz mehmonlariga koʻrsatishda juda qoʻl kelgan boʻlur edi.

Oʻktamali RAVSHANOV,

Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi Tarix ilmiy boʻlimi mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер