Sardobaning siri nimada?

14:38 19 Sentyabr 2025 Jamiyat
512 0

Qorovulbozor tumani markaziga kiraverishda koʻzingiz gumbazsimon inshootga tushadi. Yon – atrofi obod qilingan bu qadimiy obida qarshisidagi lavhda “Sardoba arxitektura yodgorligi XVI asr” yozuvi bitilgan. Bu Buyuk Ipak yoʻli yoqasida joylashgan Qorovulbozordagi ikki sardobaning biri. Ikkinchisi Boʻzachi deb ataladi.

Davrning 400-yillik chigʻirigʻidan eson – omon oʻtgan, suyagi butun bu sardobada xorijiy sayyohlarni tez-tez uchratish mumkin. Ajdodlarimizning aql – zakovati bilan qaqrab yotgan sahro bagʻrida qurilgan bu inshoot, undagi nozik meʼmoriy yechimlar ular hayratiga sabab boʻlyapti. Diametri 16 metrdan sagʻal ziyod, devorlarining qalinligi 1,5 metrgacha boʻlgan sardobada suv muzday saqlangan. Tepadagi tuynuklar orqali havo almashinib turgan. Suv sardobaning ichiga silliq toshli teshiklar orqali tushgan.

– Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, Movarounnahrda 44 ta shunday sardoba boʻlgan, – deydi yurtimizdagi osori atiqalar, ziyoratgohlar, turli marosimlar, koʻhna manzillar tarixini chuqur oʻrganib, samarali tadqiqotlar olib borayotgan buxorolik yosh olim Shavkat Bobojonov. – Ulardan 29 tasi Qarshi choʻlida, 3 tasi Mirzachoʻlda, 3 tasi Toshkent bilan Fargʻona oʻrtasidagi qadimgi savdo yoʻlida, 1 tasi Karmana yaqinida – Choʻli Malikda qurilgan.

Buxoro hukmdorlarining barchasi sardobalar qurishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu yumushga hayotiy zarurat sifatida qaragan. Deylik, Abdullaxon hukmdorligi davrida koʻplab sardobalar bunyod etilgan. Bu xayrli yumushga savobtalab, badavlat insonlar ham bosh qoʻshgan. Shu tariqa Buyuk ipak yoʻli boʻylab safarga chiqqan savdo karvonlariga qulaylik yaratilgan. Negaki, kimsasiz choʻlu biyobonlar, cheki koʻrinmas sahrolar osha manzilga yetib kelmoqni ob-hayotsiz tasavvur etib boʻlmasdi.

Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, inshoot qurilishida saksovuldan tayyorlangan koʻmir qatlami, tarkibi tuya junidan iborat kigiz, obdan pardozlangan qoramol terisidan foydalanilgan. Saksovulga alohida urgʻu berayotganimiz bejiz emas. Suv tarkibini tuzdan tozalashda aynan u eng yaxshi vosita sanalgan.

– Ota-bobolarimizning imoratsozlik borasidagi bilimi, salohiyatiga har qancha tahsin aytsak arziydi, – deydi buxorolik restavrator Gʻulomrizo Gʻulomov. – Ular qurilishda foydalangan har bir xom ashyo maʼlum bir vazifani bajarib, inshootning umriga umr qoʻshib turibdi. Yaqinda biz qadimiy uylardan birini rekonstruksiya qilayotib, aynan shu tajribaga tayandik. Uy poydevoriga zax ziyon yetkazmasligi uchun uning ostiga qamish toʻshadik. Sardobalar poydevori ham shu yoʻsinda pishiq-puxta qilingan.

Tabiiy ofatlar va qarovsizlik qadimiy yodgorliklarning qattol dushmanidir. Ular sardobalar taqdirida ham oʻz tamgʻasini bosib ulgurdi. Bugungi kunda bu oʻziga xos suv inshootlarining ayrimlari saqlanib qolgan, xolos. Eshoni Imlo, Xalifa Xudoydod, Boʻzachi, Qorovulbozor, Xoja Ubbon, Choʻli Malik sardobalarini misol tariqasida keltirish mumkin. Ularning davlat muhofazasiga olinib, sayyohlar bajonidil tashrif buyuradigan goʻshaga aylantirilgani esa koʻngilga taskin beradi.

Istam IBROHIMOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер