Baxtli hayotimiz va nurafshon ertamiz timsoli
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Jonajon yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatu anʼanalari, xalqimizning asriy orzu-istaklari, ozod va baxtli hayotni oʻzida mujassam etgan davlatimiz bayrogʻi musaffo osmonimiz uzra magʻrur hilpiray boshlaganiga 33 yil toʻldi.
1991-yil 18-noyabr... Bu sana mamlakatimiz tarix kitobiga zarhal harflar bilan yozildi. Ayni shu yil istibdod ostida kun kechirayotgan yurtimiz, erkinligi tortib olingan xalqimiz istiqlolga erishgan va bunga bogʻliq ravishda yangi milliy ramzlar yaratilishiga zarurat tugʻilgandi. Oradan koʻp oʻtmay, yuqoridagi sanada “Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Shu tariqa, ona Vatanimiz tinchligi va erkinligi, elimizning inoq va bardamligi, goʻzal maqsadu niyatlar ramzi sanalgan bayroq yaratildi. Mana 30-yildan oshdiki, ushbu kun yurtimiz boʻylab ulugʻ shodiyona sifatida nishonlanib, koʻngillarga shukuh va koʻtarinkilik bagʻishlab keladi.
Kuni kecha ham mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, aksiyalar, musiqiy bayram kechalari, yoshlar marafonlari va paradlar boʻlib oʻtdi.
Poytaxtimizdagi “Yoshlik” talabalar shaharchasida ham erta tongdan musiqa sadolari yangradi. Qoʻllarda yurt bayrogʻi, yuraklarda ishonch, koʻzlarda sevinch nashʼasi...
Toshkent shahar hokimligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Toshkent yoshlarni sevadi” loyihasi doirasidagi ushbu yirik tadbir ham yoshlikka xos joʻshqinlik, zavqu shavq, aʼlo kayfiyatda boshlandi. Unda talaba-yoshlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, ustozu murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda bayrogʻimizda milliy-tarixiy anʼanalarimiz, uzoq oʻtmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik, begʻuborlik, goʻzallik, yaxshilik, donishmandlik, shon-shuhrat va sadoqat kabi buyuk fazilatlarimiz oʻz ifodasini topgani haqida atroflicha soʻz yuritildi.
Bayrogʻimiz — hurligimiz, koʻhna tariximiz, ezgu va pokiza intilishlarimiz, yurtimizdagi yangilanish jarayonlarining oʻziga xos koʻzgusi. Oʻtmishdan maʼlumki, davlat bayrogʻi adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi sifatida eʼzozlangan. Jangu jadallarda mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli, bahodir, sadoqatli oʻgʻlonlarga tuhfa etilgan. Ayni paytda yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini uygʻotish, yurtga daxldorlik hissini oshirishda shunday tadbirlarning oʻrni katta.
— Musaffo osmonimiz uzra shamollar erkalayotgan, emin-erkin hilpirab turgan aziz bayrogʻimiz har birimiz uchun qadrli, — deydi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Nilufar Ergasheva. — Ayniqsa, u xalqaro anjumanlar va sport musobaqalarida boʻy koʻrsatsa, qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor tuygʻusi joʻsh uradi, koʻzlarimiz namlanadi, erta uchun ishonchimiz ortadi. Istaymizki, dorilomon kunlar nafasi hayotimizni tark etmasin, yurtimiz rivojlanishda davom etsin va, albatta, bularning jonli timsoli sifatida bayrogʻimiz hilpirab turaversin.
Tantanali tadbirda ona diyorimiz, istiqlolimiz, samimiy va begʻubor tuygʻularni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi.
Kunning ikkinchi yarmida — shov-shuvlarga sabab boʻlgan rekord darajadagi 100 metrlik davlatimiz bayrogʻi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida tantanali ravishda “kutib olindi”.
Qayd etish joizki, ushbu oʻziga xos loyiha doirasida milliy tugʻimiz hamyurtlarimiz qalbini faxru iftixorga toʻldirib, Xorazmdan to azim poytaxtimizgacha boʻlgan masofani bosib oʻtdi. Quvonarlisi, u har bir viloyatu shahar, xususan, qadimiy maskanlarimiz — Ichan-qalʼa, Buxoro arki, Registon maydonlarida koʻtarinki ruh bilan “kutib olindi”. Ayniqsa, mazkur joylarda mehmon boʻlib turgan xorijliklar bu jarayonlarni katta qiziqish bilan kuzatib turishdi.
Shuningdek, Toshkentning “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidan Maxtumquli koʻchasi chorrahasigacha boʻlib oʻtgan “Millat bayrogʻi” shiori ostidagi avtoparad ham koʻngillarga unutilmas lahzalarni muhrladi.
Darhaqiqat, sanaga oid tadbirlar chin maʼnodagi shodiyonaga aylandi. Azim poytaxtimizdagi yirik dam olish hamda savdo majmualarida bayrogʻimiz tasviri aks etdi, jamoat transportlarida tasmalar, bayroqchalar tarqatildi. Qisqacha aytganda, aziz diyorimizning hurlik va osoyishtalik ramzi magʻrur hilpirab koʻngillarga yana bir bor iliq nasimlar baxsh etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring