Hunari borning daromadi bor
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Mohir hunarmandlarimizning ipak matoga tushirgan milliy kashtachilik buyumlarini, ayniqsa, soʻzanalarni hozir jahonning, xususan, Yevropaning qator davlatlari muzeylari, xususiy kolleksiyalarda koʻplab uchratish mumkin. Jondor tumani Somonchiq mahallasida istiqomat qiluvchi Muhsina Yoʻldosheva bu yoʻnalishga ijodiy yondashib, turli tasvirlarni baxmal matoga tikishni yoʻlga qoʻydi.
– Ushbu usulning farqi shundaki, tikuv matoning orqa tomonidan olib boriladi. Shu yoʻsinda u yoki bu manzara hosil qilinadi, – deydi hunarmand. – Buning uchun maxsus igna zarur edi. Kishi qunt bilan izlansa, yoʻlini toparkan. Kashtachilikda asosiy qurol sanalgan bigizu ninadan farqlanadigan, baxmal matoga naqsh tushirish imkonini beradigan igna tayyorladim. Sirasini aytganda, shunga oʻxshash kashtachilik bilan qadimda momolarimiz shugʻullangan. Men ikki yildirki, bu yumush bilan mashgʻulman. Ungacha oddiy uy bekasi edim. Matodagi gullar, turli giyohlar, naqshlar tasvirini oʻzim chizaman. Yaqinda mahallamizda yashovchi nogironligi boʻlgan ikki nafar xotin – qizni shogirdlikka oldim.
Muhsina Yoʻldoshevaga yoʻl boshida turgan xalq amaliy sanʼati ustasi deya taʼrif berish mumkin. U tayyorlayotgan soʻzana, dasturxon, yostiqlar sovgʻabopgina emas, chinakam sanʼat asaridir. Ular qoʻl mehnatini qadrlaydigan xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotishi tayin. Binobarin, tegishli tashkilotlar tashabbuskorni qoʻllab–quvvatlashsa, Jondorda baxmal matoga kashta tikish maktabi yaratilishi, oʻnlab xotin – qizlarning bandligi taʼminlanishi, milliy hunarmandchiligimizning yangi bir yoʻnalishi dunyoga dovruq taratishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring