Bahor mushoirasi

19:32 06 Mart 2024 Madaniyat
637 0

Halima AHMEDOVA

* * *

Bir sehrli kunda,

Bir goʻzal kunda

Mening qoʻllarimni soʻraydi falak,

Shunda zarralarim xoʻplaydi quyosh,

Shunda barg kaftida oʻynaydi yurak.

Koʻzlarimning maʼyus qorachigʻini

Choʻqib tugatadi shodlik qushlari.

Parishon sochimga nigohin bogʻlab,

Koʻnglimni toʻldirar sogʻinch tushlari.

Erksiz xayollarim,

Tutqun xayollar,

Rayhon nafasiga berkinadi jim.

Negadir tuproqni suya boshlaydi,

Osmon yuragini kiygan vujudim.

Bir yupanch qonimda umid oʻstirib,

Shafaq ayvonida tikar belanchak.

Bir sehrli kunda,

Bir goʻzal kunda

Mening qoʻllarimni soʻraydi falak...

Zebo MIRZO

* * *

Shovullab

Boshimdan oʻtadi oylar,

Quyoshlar soʻnadi olis-olisda.

Dunyoning

eng oʻtkir teleskoplari

Ilgʻar bir yulduzni zangori tusda.

Olis-olislarda

toʻqnashib ketar

Ulkan meteorit-qoyatoshlari.

Shu zangor yulduzni

anglamoq boʻlib,

Uchar yuzlab sunʼiy yer yoʻldoshlari.

Ular bong urishar

topildi deya,

Yangi bir yer shari,

yo Odam, Havvo

badargʻa boʻlmasdan zulmat tubiga

Yashab oʻtgan oʻsha

jannatiy maʼvo.

U shunday,

bir lahza paydo boʻlar va

U shunday,

lahzada boʻladi gʻoyib...

Bir lahza “yalt” etar Osmon koʻzida,

Dunyoda neki bor, sirli, gʻaroyib.

Osmon bir lahzasi –

ming yillarga teng,

Hozir oʻrtamizda masofalar bor.

Balki sen...

dunyoga kelgan mahaling,

men ketgan boʻlaman bundan umidvor...

Balki uchrashamiz, yerda yo koʻkda,

Balki yechiladi bir kun asotir.

Ammo yuragimda –

zangor kenglikda –

Hozir moʻjizalar boʻlmoqda sodir.

Hozir boʻlinaman

ming bir boʻlakka,

Jismim zarralarday cochilar tayin.

Bu xabar sargʻaygan cahifalarda

Senga yetib borar

ming yildan keyin...

Yolgʻizim, ishq umri hasratlarga teng,

Ishq bu – sir,

yoʻq uning baxt formulasi.

Ishq – bu ming yil oldin

soʻngan yulduzning

Senga yetib kelgan olis shuʼlasi...

Kuyunma, qani deb,

chekmagil qaygʻu,

Vaqt mening yoʻlimni baxtlarga burgan.

Axir, yetib keldim!

Axir, menman bu –

Titroq yoshlaringda yiltirab turgan!..

Guljamol ASQAROVA

PARVOZ SOGʻINCHI

Men umrimni qushlarga don kabi sochib berdim,

Urvogʻu ushoq ekan, non kabi sochib berdim,

Va qushlarga dunyoning eshigin ochib berdim!

Xayr-xush ham aytmayin qushlar uchib ketdilar.

Bir yutum haqqim bilan bir dunyo baxt izladim,

Yirtiq kovushim bilan bir tillo taxt izladim,

Quyoshdek qizib bordim, qaytarimda muzladim!

Kaftimga kuh-kuhlasam muzlar koʻchib ketdilar.

Yigitning belbogʻida koʻzimni bogʻladi ishq,

Qizigan temir bosib, koʻksimni dogʻladi ishq,

Oʻsha dogʻlari ichra koʻnglimni chogʻladi ishq,

Naqshlar qoldi faqat, dogʻlar oʻchib ketdilar.

Dunyo nogʻorasiga oʻynab-oʻynab charchadim,

Barmogʻim qarsillatib, qiynab-qiynab charchadim,

Kuloldek xom loyimni iylab-iylab charchadim,

Qaytish xabarin bersam... ruhlar choʻchib ketdilar.

Shu qirq yillik sayrimda sayyoralarni koʻrdim,

Oq bulutlarni oʻpgan tayyoralarni koʻrdim.

Ovga chiqqan ovchimni kiyikdek kutib turdim,

Ovchim esa qonimni ichib-ichib ketdilar.

Baribir bu dunyoga kelganim yaxshi boʻldi,

Kelmaslik yaxshiligin bilganim yaxshi boʻldi,

Boru borligʻim aro parvoz sogʻinchi toʻldi,

Ruhimning zanjirini qushlar yechib ketdilar.

Qushlar uchib ketdilar...

Nargiza ODINAYEVA

* * *

Mening umrim hali boshlangani yoʻq,

Kutgan rangiga och hali koʻzlarim.

Labim qurigani bilan qornim toʻq,

Taqdirning muhriday botiq izlarim.

Tuxum bosayapti kakku inida,

Oʻtib ketayapti dunyo huvillab.

Ogʻriqlar uygʻongan qadr tunida

Oʻzingga yetolsang Oʻziga yigʻlab.

Bir zum tingani yoʻq tomirda poyga,

Kuldim poyimdagi yerni allalab.

Dogʻi toʻlgan sayin shaydoman oyga,

Boʻri “uv”idagi baxtni chamalab.

Doʻmbiraning tori boʻzlab oʻqigan

Dostondagi “oh”day koʻngil jazodir.

Chaqmoq, shamol, yomgʻir, shomdan toʻkilgan

Bari vaznsizlik ichimda sodir.

Bahor osiladi olcha shoxiga,

Pastlarga ob qochar daryo suvini.

Yashagisi kelar odam gohida

Eshitmoqlik uchun ruhning “uv”ini.

Bashorat OTAJONOVA

* * *

Ixlos bilan yoʻlga chiqqan odam

Har bir qadamini xayrga yoʻyar

Qanotida ixlos tashigan qush

Havo oqimlarin tanir bemalol

Ixlos bilan ariq labiga toshgan sachratqi

Ildizlarin erkin qoʻyar tuproqqa

Togʻdan iz olgan suvni

Ummongacha yetkazar ixlos

Senga maktub yuborgandim,

Bu orada:

Ixlos bilan yoʻlga chiqqan odam

Murodu maqsadiga yetdi

Qanotida ixlos tashigan qush

Omon qaytdi olis shimoldan

Ariq labiga toshgan sachratqi

Yashil gilamga aylandi

Togʻdan iz olgan suvni

Ummongacha eltib qoʻydi ixlos

Men esa hanuz javob kutyapman...

Mehrinoz ABBOSOVA

* * *

Osmon oq gul sochar, vaʼdalar sochar

sodda daraxtlarning koʻnglini xushlab.

Zamin koʻrayotgan oppoq tushlarning

taʼbirin topmoqqa shoshilar qushlar.

Xazina otamning, olim otamning

chiroqsiz tunlarda qalami nishlar.

Shaharning yaltiroq davralarida

jarang sochaverar boʻm-boʻsh “idish”lar.

Hech yoʻq boʻlsa edim bir oʻtin, bir has,

Yodim zulmatida onam qunishar.

Qishloqda ayollar tugʻib charchamas,

Oʻylar tugamaydi, bitmas yumushlar.

Oqarib koʻrinar maysalar nurday–

yorib chiqqan misol yerni sut tishlar.

Garchi qor ustiga qor yogʻar bunda,

Yuragimda pinhon bir bahor qishlar...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер