“AZIA METALL PROF” Samarqanddagi yirik korxonaga aylandi

16:11 23 Noyabr 2024 Jamiyat
230 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “AZIA METALL PROF” qoʻshma korxonasi bugungi kunda Samarqand viloyatidagi eng yirik ish beruvchi va eksportyor korxonalardan biri sanaladi.

Mazkur qoʻshma korxona “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Xishrav-2” hududida, oldingi chiqindilar tashlab kelingan maydonda qad koʻtargan. Korxona 2018-yildan boshlab har yili yangi-yangi investitsion loyihalarni ishga tushirish evaziga viloyatda yangi metallurgiya sanoatiga asos soldi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, korxonalarning taraqqiyoti uchun sharoitlar yaratish, jamiyatda ishbilarmonlarning nufuzini oshirishga qaratilgan siyosat qisqa muddatda korxonani jadal rivojlanishiga olib keldi.

— Bugungacha korxonada jami 577,6 million dollar investitsiyalar oʻzlashtirilib, uning 223,4 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hissasiga toʻgʻri kelgan, — deydi viloyat hokimining yordamchisi Nozir Ibragimov. — Korxonada 13 turdagi metall quvurlar, 17 turdagi metall profillar, asosi pukakli, shisha va bazalt tolasidan boʻlgan sendvich panellar, ruxlangan va turli ranglar bilan polimerlangan tunukalar, gipsokarton va boshqa pardozlash materiallari uchun metall profillar, qurilish simlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, jami 400 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan.

Korxonaning ishlab chiqarish sexlarida bugungi kunda 1000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan hamda yangi sexlarni qurish va qurilmalarni oʻrnatish jarayonlarida 500 dan ortiq xorijiy va mahalliy mutaxassislar, ishchilar mehnat qilmoqda.

Qurilish korxonalari sifatli, arzon va ortiqcha texnika xarajatlarini talab qilmaydigan qurilish materiallarini shu yerdan xarid qilishlari mumkin. Muhimi, byudjet mablagʻlari tejaladi. Sarflanadigan pul, soliq tushumlari viloyatning oʻzida qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?