“Ayolga ehtirom” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

19:32 09 Mart 2022 Madaniyat
1997 0

Foto: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Ayolga ehtirom” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash, faol ijodkorlarga uyushmaning aʼzolik guvohnomalarini topshirish marosimi va mushoira kechasi boʻlib oʻtdi.

Marosimda gʻolib ishtirokchilar, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari va yosh ijodkorlar, mehmonlar ishtirok etishdi.

Yozuvchilar uyushmasi hayʼat aʼzolari jami 68 nafar muallifning tanlovga kelib tushgan 124 ta asarini koʻrib chiqdi. Hayotimiz quvonchi, oilalarimiz koʻrki boʻlgan moʻtabar ona siymosi yuksak darajada tarannum etilgan, bugun jamiyatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar va bunyodkorlik ishlarida fidoyilik koʻrsatib, salmoqli natijalarga erishayotgan xotin-qizlarga bagʻishlangan sheʼriy, nasriy hamda badiiy-publitsistik asarlar saralanib, xolisona baholandi.

Mazkur tanlovda Mahmud Toir, Gavhar Ibodullayeva, Guljahon Mardonova, Zarifa Eraliyeva, Muhabbat Yoʻldosheva, Rivoj Oʻtarboyevlar gʻoliblikni qoʻlga kiritishgan boʻlsa, Yulduz Oʻrmonova, Goʻzal Oxunova, Moʻtabar Boymatovalar ragʻbatlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

— Ayol moʻtabar ona, oila gultoji, jamiyat va millat tayanchidir, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi raisi Gavhar Ibodullayeva, — Ular uchun farzandlari, oilasi, yurtining kamolini koʻrishdan ortiq baxt yoʻq. Bugun shu minbarda turib ularga jonimni fido etgim, “jonim sizga nisor” degim keladi. Oldingizda hamisha taʼzimdaman, aziz opa-singillarim.

Shuningdek, ushbu tadbirda 14 nafar faol ijodkor ham uyushmaning aʼzolik guvohnomalarini qabul qilib oldi.

Tadbir mushoira bilan davom etdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?