Avtosurbetlik bolalar hayotiga tahdid solmoqda

18:42 05 Avgust 2024 Jamiyat
184 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Gʻildirakning yaratilishi texnika taraqqiyotining ibtidosi, desak mubolagʻa emas. Avvaliga arava, keyinchalik temiryoʻl va nihoyat avtotransport vositalari uning asosida yaratilib, ogʻirimizni yengil, uzogʻimizni yaqin qilayotgan ushbu harakatlanish vositalaridan foydalanish maxsus qoidalar bilan tartibga solinayotganiga ham yuz yildan oshib ketdi. Biroq har yili ming-minglab kishilar ushbu qoidalarga rioya etmaslik sabab hayotdan koʻz yummoqda. Millionlab odamlar nogironlik olib, toʻshakka mixlanib qolmoqda. Xususan, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, har yili mamlakatimizda uch mingga yaqin kishi yoʻl-transport hodisalarining qurboni boʻlib, ularning 12 foizini bolalar va oʻsmirlar tashkil etadi.

Muammo yoʻlning holatida emas

Eʼtibor qilganmisiz, kattayu kichik trassalarda haydovchilar roʻparasidan kelayotgan hamkasbini “koʻz qisib”(faralarni yoqib oʻchirib) qarshingda radar yoki “gai” bor, deya ogohlantirib oʻtadi. Hushyor tortgan haydovchi tezlikni tashlab, xavfsizlik kamarini tortib oladi.

Yaqin-oʻtmishning bu “anʼana”sini haydovchilarning birdamligi sifatida qabul qilish ham mumkin. Har holda bundan koʻpchilik yomonlik axtarmaydi. Aslida ushbu ogohlikka chorlov bilan qanchadan-qancha retsidiv qoidabuzarlar jarimadan qutilib qoladi. Oʻtib olgach “temir ot”ga yana qamchi tortadi. Koʻza har kuni sinavermaydi.

Oliy Majlis Senatining tahlillari shuni koʻrsatadiki, mamlakatimizda yoʻl-transport hodisalarining qariyb yarmi shunchaki yoʻl harakati qoidalarini mensimaslik oqibatida roʻy berar ekan.

Shu oʻrinda uzoqqa bormay joriy yilning 9-iyun kuni “Navbahor — Nurota” avtomobil yoʻlida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasini esga olaylik. Unda “Gentra” haydovchisi oʻzi bilan bir yoʻnalishda ketayotgan “Damas” mashinasini quvib oʻtmoqchi boʻlib, roʻparasidan harakatlanib kelayotgan “Onix” bilan toʻqnashishi oqibatida shu avtomobilda boʻlgan bir oilaning 5 aʼzosi, yaʼni 36 yoshli erkak, uning 58 yoshli onasi, turmush oʻrtogʻi, 2 yoshli oʻgʻli hamda 2 oylik qizi, shuningdek, “Gentra” haydovchisi vafot etadi.

Vaholanki, YTH sodir boʻlgan ushbu hududda quvib oʻtishni taqiqlovchi yoʻl belgisi oʻrnatilgan. Boisi maʼlum masofada qarama-qarshi tarafdan kelayotgan transport vositasi koʻrinmaydi. Aynan mazkur hududda uch-toʻrt yil avval shu kabi peshma-pesh toʻqnashuv oqibatida gʻozgʻonlik toʻrt yigit YTHning qurboni boʻlgan edi. Oʻsha hududda yoʻlni bir-ikki metrga pasaytirish falokatlarning oldini olar degan fikr xayolingizdan oʻtgan boʻlsa, ne ajab. Biroq barcha muammo yoʻlning holatida emas. Ishonmasangiz, Qalqonota qoʻrgʻonida istiqomat qiladigan onaxonning soʻzlariga eʼtibor qiling!

— Qishlogʻimizni kesib oʻtgan katta yoʻl yaqinda toʻliq taʼmirlanib, kaftdek tekis boʻldi, yoritish chiroqlari oʻrnatildi, — deydi Mahkam aya. — Boshida judayam xursand boʻlgan edik. Lekin endi bolalarimiz koʻchaga chiqsa, yurak hovuchlab oʻtiramiz. Ayrim mashinalar uchib oʻtadi. Tun yarmidan oqqanda avtopoyga oʻynab turishadi…

Haqiqatan ham ayrimlar uchun avtoulov manzildan-manzilga yetib olish vositasi emas, oʻzini koʻrsatib qoʻyish manbaiga aylanib qolmoqda. Joriy yilning 1-iyul kuni Xatirchi tumanida 142 kilometr soat tezlikda harakatlangan “BYD” rusumdagi avtomobil tagida qolib ketgan 9 yoshli qizcha shu kabi avtosurbetlikning qurboni boʻldi. Demoqchimizki, gap yoʻllarning tekis yoki notekisligida emas, aksincha, ayrim haydovchilarning surbetlik bilan yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasligi va boshqa harakat ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini mensimasligi haqida bormoqda. Aks holda odamlar harakatlanish 30 km/soat etib belgilangan mahallalar ichidagi tep-tekis yoʻllarda sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatib olmasdi. Sababi kunday ravshan, haydovchi oʻzga harakat ishtirokchisining ehtimoliy ozoriga achinmasada, oʻz avtoulovini ehtiyot qiladi. Buni razolatdan boshqacha atash mumkinmi?

Birovning joni

Koʻchalarimizga avtomashinalar sigʻmay, hatto shahar va qishlogʻu qoʻrgʻonlarni bogʻlovchi yoʻllarda ham qatnov tigʻizlashib qolganiga ancha boʻldi. Albatta, har birining oʻz tashvish va rejalari bor. Qolaversa, oʻz ulovingda manzilga betashvish, beminnat va urinib qolmasdan yetib olishga ne yetsin. Tusi qoraytirilmagan boʻlsa oynalarga sochiq osib, oftobning tik nuridan himoyalanishadi. Biroq aksariyati xavfsizlik kamaridan foydalanishni xayoliga ham keltirmaydi.

Vaholanki, Oʻzbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotlariga koʻra, yoʻl-transport hodisalarida halok boʻlganlarning 96 foizdan ortigʻi xavfsizlik kamarini taqmagan. Soha mutaxassislarining fikricha, agar orqada oʻtirgan yoʻlovchilar xavfsizlik kamarini taqishsa oldingi oʻrindiqlarda oʻtirgan yoʻlovchilarning koʻpchiligi avtohalokatda omon qolishi, aks holda esa YTH vaqtida oldingi oʻrindiqda oʻtirgan yoʻlovchining halok boʻlish ehtimoli besh barobar ortadi. Mazkur tahlilni YHX xodimi haydovchiga aytib ogohlantirsa, u hech boʻlmaganda, malomatga qolishi turgan gap. Aslida esa xoh haydovchi boʻlsin, xoh yoʻlovchi shu arzimas qoidabuzish orqali qaysidir xonadonga kulfat keltirayotganini bilmaydi, deb oʻylaysizmi?!. Biladi, shunchaki, boʻyin yor bermaydi. Oʻzini kamsitilgandek, xavfsizlik kamari tortilsa gʻururi toptalgandek his etadi.

Tahlillar (Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasidagi eshituv) shuni koʻrsatadiki, YTHlaridagi ayanchli holatlarning 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi oqibatida sodir boʻlarkan. Mamlakatimizda 2023-yilda YTHlari tufayli 2282 nafar fuqaro halok boʻlganligini inobatga olsak, demak, kamida ming kishi avtosurbetlarning kasofati tufayli hayotdan erta ketgan.

Ikki yil avval repetitordan qaytayotgan prokurorning oʻn toʻrt yoshli oʻsmir oʻgʻli oʻlimiga sabab boʻlgan YTHni navoiyliklar hali hamon esda chiqargani yoʻq. Mast haydovchi uni urib, qochib ketgach, oʻspirin bir yarim soatcha oʻlim bilan olishgan. Haydovchining dastlabki tergovda “nima boʻpti, bir-ikki yil oʻtirib kelamanda”, degan soʻzlari ijtimoiy tarmoqlarga joylangach esa , juda koʻplab izohlarda obunachilar unga oʻlim jazosini talab qilishdi.

Sud tomonidan haydovchiga nisbatan qonunchiligimizda belgilangan tartibda adolatli qamoq jazosi tayinlandi. Oʻzi taʼkidlaganidek, u oʻsha muddatni oʻtirib, qaytib ham kelar. Biroq bir oilaning koʻz qarogʻini endi qaytarib boʻlmaydi. Aksincha, oʻsha kasofat ushbu oilaga kulfat eshiklarini ochib, prokuror judolikni koʻtara olmadi, uning turmush oʻrtogʻi esa nogiron boʻlib qoldi.

Shukrki oramizda kasofatlar kam, afsuski yoʻq emas. Koʻpga ozor yetkazib, ofat keltiruvchi kishilarga “koʻz qisib” himoya va ragʻbat berayotganlar esa kulfat oʻz darvozasidan moʻralamaguncha buni bilmaydi.

Ehtiyot boʻling, bolalar!

Onalarimizning allasida allanechuk mung bor. Hazin ohangda ular farzandi kamoloti yoʻlida yurtga tinchlik, xotirjamlik va farovonlik, elga osoyishtalik, insof va diyonat istab, samimiy tilaklarga yoʻgʻirib iltijo qilishadi.

Shu nuri diydaga kun kelib, ushbu farzandi bir nokas shoshqaloqligining qurboni boʻlishi mumkinligi haqida soʻzlab koʻringchi… Kamida “ogʻzingdan chiqib, yoqangga yopishsin”, degan haqoratni eshitasiz. Vaholanki, sizning soʻzlaringiz bashorat emas, oddiy ogohlik, xavotir tartibida boʻlishi mumkin. Lekin baribir eshitgan quloqqa yoqmaydi. Kuni kecha Urgutda avtohalokat qurboni boʻlgan uch yashar bolaga kim ham yomonlik sogʻinibdi, deysiz.

Holat yuzasidan maʼlumot bergan Samarqand viloyati IIB EKMning xulosasiga koʻra, avtomashinaning rul boshqaruvi va ishchi tormoz tizimi soz holda boʻlgan. Shuningdek, viloyat IIB EKM xulosasida haydovchi mashinani favqulodda tormozlab, toʻxtatib qolish yoʻli bilan hodisaning oldini olish uchun texnik imkoniyatga ega boʻlganligi koʻrsatilgan.

Donishmandlar bu dunyoning barcha quvonchi bir bola koʻzidagi bir tomchi yosh, barcha qaygʻusi bir goʻdak labidagi nim tabassumga arzimaydi, deyishadi. Bolalar — kuchli ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam. Shu sababdan ham statistik maʼlumotlarning aksariyati bolalarga nisbatan olinib, “jumladan, falon foizi bolalar” iborasiga tez-tez duch kelamiz. Shu kuzatuv asosida nazar solsak, mamlakatimizda 2024-yilning dastlabki besh oyida roʻy bergan YTH oqibatida 65 nafar bola nobud boʻlganligini kuzatish mumkin. Oʻshandan buyon oʻtgan ikki oy davomida bolalar bilan bogʻliq yana qanchadan-qancha YTHlarining ayanchli oqibatlari guvohi boʻlmadik, deysiz. Afsuski, aksariyati yuqorida taʼkidlaganimizdek, shunchaki yoʻl harakati qoidalarini mensimaslik tufayli sodir boʻlmoqda.

Shu ketishda boʻlsa, “Ehtiyot boʻling, bolalar!” chorlovini “Bolalar, ehtiyot boʻling”ga almashtirishga toʻgʻri keladi.

Sekinlik hayotni saqlab qoladi

Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2022-yil 4-aprelda “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu hujjatda haydovchi va piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini taʼminlash hamda yoʻl harakati qoidalari asoslarini bolalikdan singdirishni yoʻlga qoʻyish, amaliyotni maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida joriy etish — yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning dolzarb yoʻnalishlari etib belgilangan. Oʻtgan davr mobaynida mazkur vazifalarning ijrosini taʼminlash boʻyicha 6 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Afsuski, YTHlari kamayib borishida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanish oʻrniga ayanchli holatlar sovib ulgurmasidan yangisi odamlarni larzaga solmoqda. Kimdir jazo choralarini, yana birov haydovchilik huquqi berish talabini kuchaytirish taklifini ilgari surmoqda. Biroq dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, qonunga itoatkorlikni taʼminlashda qoʻrquvdan koʻra huquqiy madaniyat yuksakligi, oddiy insoniy munosabatlar ustuvorligi yaxshi samara beradi. Qolaversa, yuqorida taʼkidlanganidek, YTHlarining 45 foizi qoidalarni mensimaslik tufayli roʻy bergani holda, ularda tajribasizlik omili bor-yoʻgʻi 10 foizni tashkil etadi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, yoʻl harakati qatnashchilarining huquqiy madaniyatini oshirish nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari, balki barchaning birdek vazifasi boʻlishi zarur, aks holda, yoʻl-transport hodisalarining oqibati hayotimizga tahdid solaveradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер