«Avaza»da Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy manfaatlari belgilab olindi

18:11 06 Avgust 2021 Siyosat
949 0

Bugun davlatimiz rahbari Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Prezidentimiz tomonidan qator takliflar ilgari surilgani eʼtiborga molikdir.

Xususan, birinchi galda Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish boʻyicha qatʼiy qadamlarni amalga oshirish lozimligi qayd etildi. Qolaversa, yangi oʻsish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yangi rivojlanish drayverlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Buning uchun mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam oʻtkazib borish lozimligi taʼkidlandi. Shuni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari tomonidan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.

Aytish kerakki, bu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanishi, umuman olganda, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. Zero, soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida barcha darajalardagi aloqalar jadallashgani tufayli oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlashning yangi siyosiy muhiti shakllandi. Bu esa, avvalo savdo, sanoat, investitsiya, energetika, transport va tranzit, suvdan foydalanish, taʼlim, xavfsizlik, ekologiya, mintaqa aholisining ijtimoiy muhiti va turmush sharoiti sifatini yaxshilash borasida umumhududiy rivojlanishning dolzarb masalalarini samarali, birgalikda hal etish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga xizmat qiluvchi bu galgi muhim tashabbuslari mintaqa taraqqiyoti Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanidan dalolatdir desak toʻgʻri boʻladi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga amaliy xizmat qilmoqda.

Bunday keng koʻlamli vazifalarni hayotga tatbiq etish esa oʻzaro hamjihatlikni talab etadi. Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining xayrli tashabbuslari hamjihatlikka chorlovchi ezgu daʼvat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar
qoʻmitasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?