Atrofdagilarning gaplariga quloq solavermaslik kerak. Aniqrogʻi, kerakli gaplardan xulosa qilib, qolganlarini “korzinka”ga tashlash lozim — Zulfiya mukofoti sovrindori
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qoʻlga kiritishni koʻpchilik qizlar orzu qilishi rost. Ammo bu mukofot orzularini maqsadga aylantira olgan va mehnatdan qochmay, tinimsiz oʻz ustida ishlagan nafosat sohibalarigagina nasib etadi.
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Ayshaxon Xushnazarova ham mana shunday yuksak eʼtirofga sazovor boʻlganlardan biri.
Ayshaxon kuni kecha 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirida qatnashib, ushbu nufuzli mukofotni Prezidentimiz qoʻlidan qabul qilib oldi.
Ushbu hayajonli damlarda Ayshaxoning quvonchlari bilan oʻrtoqlashdik.
— Sevinch va shukronalik tuygʻularimning chek-chegarasi yoʻq, — deydi Ayshaxon. — Ushbu yuksak mukofotni davlatimiz rahbarining qoʻlidan olish men uchun chin maʼnoda tarixiy lahzalar boʻldi. Buni hech qachon unutmayman.
Toʻgʻrisi, saodatli bu kunlarni 10 yildan buyon kutardim. 2011-yili Namangan tuman hokimligining “Istiqlol” gazetasida men haqimda «Umidli qiz Ayshaxon» sarlavhali maqola chop etilgandi. Oʻshandayoq qalbimga olov tushgan. Kelajakda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlishim mumkinligi butun xayolimni band etgandi.
Keyinchalik Prezidentimiz tashabbusi bilan ochilgan universitet talabasi boʻldim. Hozirgi kunda ham oʻqib, ham “Mening yurtim” telekanalida ishlayapman. Shu kungacha besh yuzga yaqin reportajlarim va ellikdan ortiq telekoʻrsatuvlarim efir yuzini koʻrdi. 20 ga yaqin mahalliy va respublika gazetalarida maqolalarim nashr etildi. Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Ukraina, Niderlandiya hamda Rossiya kabi qator mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalar toʻplamlarida, jurnallarida ilmiy va publitsistik maqolalarim bilan chiqish qildim. 2018-yili esa «Yoshlik tarannumi» nomli ilk sheʼriy toʻplamim chop etildi.
Oʻzimni sport va sanʼat sohalarida ham sinab koʻrganman. Sportning voleybol turiga qiziqishim baland va bu bilan doimiy shugʻullanishga harakat qilaman. Sanʼat sohasiga boʻlgan mehrim ortidan dutor chalishni oʻrgangandim.
Jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega boʻlish har bir insonning intilishi boʻlishi kerak, nazarimda. Buni oʻzim uchun shior bilganim bois, oʻzim istiqomat qiladigan mahallamda “Yoshlar va aholi muammolarini oʻrganuvchi jamoatchilik markazi” faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Maqsad — mahalla aholisi, jumladan, yoshlar bilan ishlash va bir qator muammoli, oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal qilish. Ushbu markaz faoliyati mahalladagi ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash, notinch oilalar bilan ishlash va ajrimlarning oldini olishga qaratilgan. Shu kungacha markazda psixolog va bepul tibbiy koʻriklar amalga oshirib kelinmoqda.
— Siz shunday mukofotga loyiq koʻrilibsiz, koʻp yillardan buyon mukofot uchun hujjat topshirib, erisha olmayotgan tengdoshlaringiz, opa-singillaringiz uchun qanday motivatsiya bergan boʻlar edingiz?
— Allohga shukrki, mukofot sovrindorlari qatoridaman. Men ham oʻtgan yili mukofotni ololmadim, lekin har xil shubha-gumonlarga bormay, kimlardandir ayb qidirmay, harakatdan toʻxtamadim. Axir gumon iymondan ayirar deyishadi-ku.
Bu yil ham yana hujjat topshirdim va orzuimga erishdim. Albatta, mukofotga yetishishni niyat qilgan opa-singillarimga umidlarini soʻndirmaslikni, harakatdan toʻxtamaslikni va maqsadlaridan hech qachon voz kechmasliklarini tilagan boʻlardim.
— Kelajakda shu mukofotni qoʻlga kiritishga astoydil bel bogʻlagan qizlarimiz talaygina. Ushbu dovonni zabt etgan inson sifatida ularga muvaffaqiyat eshiklarini ochuvchi kalitni ayta olasizmi?
— Birinchi navbatda, har bir inson oʻz orzulari roʻyobi sari harakat qilayotganda aniq mexanizmga tayanishi kerak. Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlar ham oldilariga aniq maqsad qoʻyib olishlari va reja asosida har bir ishni birin-ketin amalga oshirishi lozim.
Ikkinchidan, atrofdagilarning gaplariga quloq solavermaslik kerak. Aniqrogʻi, kerakli gaplardan xulosa qilib, qolganlarini “korzinkaga” tashlash lozim. Oʻqishdan, izlanishdan tolmaslik shart.
Uchinchidan, niyatni xolis qilish va har bir qilayotgan ishidan xayr qidirish zarur. Niyatlar ezgulikka yoʻgʻrilgan boʻlsa, ularning ushalishi uchun butun olam koʻmaklashadi.
— Mukofot bilan taqdirlanganingizni bilgach, koʻnglingizdan nimalar kechdi?
— Xushxabarni eshitib, oʻzimda yoʻq xursand boʻldim, albatta. Haligacha bu kayfiyat ketmadi. Quvonchimni, birinchi navbatda, onam bilan boʻlishdim. Oila aʼzolarim, keyin esa boshqa yaqinlarim xabar topishdi. Mana hali hanuz tabriklar kelishda davom etmoqda.
— Kelajak rejalaringiz qanday?
— Kelajakda amalga oshirishni reja qilgan ishlarim koʻp. Har birini oʻz vaqti va oʻrnida bajarishni reja qilganman. Bu hozircha sir boʻlaqolsin. Yaqin kunlarda balki yangi loyihalarimni oynai jahon orqali koʻrib qolarsizlar. Eng asosiysi, orzu-maqsadlarim sari intilishdan toʻxtamayman.
Men qatori bu mukofotga loyiq koʻrilganlarning ham aksariyatini taniyman, qolganlari bilan tanishib oldim. Ularning ham juda katta-katta maqsadlari bor. Ularni amalga oshirishlarida faqat va faqat kuch-quvvat tilayman.
— Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti osonlik bilan erishiladigan yutuq emas, bungacha juda koʻp yoʻllarni bosib oʻtish lozim. Ammo, ming afsuski, “Guruch kurmaksiz boʻlmas” deganlaridek shunday qutlugʻ nomga dogʻ tushirayotgan yoshlarni ham uchratib turibmiz. Nima deb oʻylaysiz, inson mashaqqat bilan erishgan darajasini umrbod saqlab qolish va yana-da yuksalish uchun nimalarga eʼtibor berishi lozim?
— Fikringizga qisman qoʻshilaman. Ammo yana bir fikr mavjud. Beayb Parvardigor. Hamma ham xato qiladi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ichida ham xatolarga yoʻl qoʻyganlari bor. Bu sir emas. Lekin ana shunday holatlarga tushmaslik uchun endigi qatlam sergak tortishi va har bir ishni oʻylab qilishi kerak. U bu bilan nafaqat oʻzining shaʼnini, balki mukofotni ham oqlagan boʻladi.
Ziyoda RAHIMBOYEVA yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring