Xabaringiz bor, joriy yilning 1-iyun kuni Toshkent shahrida tekinga oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi xabarlar ortidan “Ashxobod” bogʻi va uning atrof hududida katta tirbandlik hamda tiqilinch yuzaga kelgandi.
Shu va shu kabi sabablar bilan endilikda Oʻzbekistondagi ommaviy tadbirlarga fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulot va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.
Bu haqda “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash boʻyicha talablarni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi hukumat qarorida belgilandi.
Hujjatga koʻra, Milliy gvardiya va IIV tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilanayotgan talabga ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni oʻtkazish obyekti maʼmuriyati tomonidan soʻzsiz rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.
Hukumatning ushbu qarori bilan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga tegishli oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻygan ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni oʻtkazish obyekti maʼmuriyati Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Eslatib oʻtamiz, tekinga oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi xabarlar ortidan “Ashxobod” bogʻi va uning atrof hududida katta tirbandlik hamda tiqilinch boʻyicha bogʻ direktori, uning oʻrinbosari va reklama boʻlimi boshligʻiga 15 sutka qamoq jazosi berilgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring