Asalari uyasidagi hayot

10:43 30 Iyul 2020 Jamiyat
1996 0

— Asalari oilasidagi hayotni hech kuzatganmisiz, — soʻrab qoldi Peshku tumanida yashovchi tajribali asalarichi Istam Quljonov. — Bilsangiz, bu mitti jonivorlar turmush tarzining turgan-bitgani ibrat. Mehnatkashligi, tinib-tinchimasligi, halol-pokizaligi, ahilligi, totuvligidan har qancha oʻrgansa arziydi. Men bu hayotni har bir kishi, xususan, yosh oila sohiblari loaqal yarim soat kuzatishlarini istardim. Shunda oiladagi yetishmovchiliklar, yalqovlik, qoʻydi-chiqdilar kamaygan boʻlur edi.

Darhaqiqat, asalari uyasidagi hayotni koʻrganlar “Oilamizda nahotki, ahil boʻlolmasak. Axir, “Yetti xazinaning biri” degan nomga asalari totuvlik va mehnatining ortidan erishgan-ku”, degan fikrga borishi tayin.

Aytmoqchi, Istam aka haqida bir ogʻiz soʻz. Bu tinib-tinchimas inson hozir 300 dan ziyod asalari oilasini parvarish qilyapti. Surishtirsangiz uni goh choʻlda, goh togʻda, deyishadi. Asalarini gulga yaqin joylarda boqadi. Turli giyohlar, xususan, isiriq, yantoq, lolaqizgʻaldoq gulidan nektar yigʻishi uchun qaygʻuradi. Yiliga 300 million soʻmdan kam daromad qilmaydi. Qoʻli ochiq. ”Asal immunitetni mustahkamlaydi. Kasal boʻlmaysiz”, deb yaqinda yuz kilogramm asalni ehtiyojmand oilalarga tarqatdi. Soʻng yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. Asalarichilikka ishtiyoqmand kishilarga uni parvarishlash sir- asrorini oʻrgatishga kirishdi. Ammo bir odatini kanda qilgan emas. Huzuriga kelganlarga dastavval asalari uyasidagi hayotni kuzatishni tavsiya qiladi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?