Armaniston bosh vaziri davlat toʻntarishi oldi olinganini maʼlum qildi
Armanistonda hokimiyatni noqonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritishga urinish fosh etildi. Bosh vazir Nikol Pashinyanning maʼlum qilishicha, mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirish va hokimiyatni egallash boʻyicha tayyorlangan keng koʻlamli va xavfli reja huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bartaraf etildi.
Pashinyan oʻzining “Telegram” kanalida bildirishicha, ushbu rejada jinoiy oligarxik guruhlar va ayrim ruhoniylar ishtirok etgan. TASS agentligining xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari ertalabdan “Muqaddas kurash” harakati aʼzolari va ularning rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyanning uylarida tintuv ishlarini boshlagan.
Maʼlumotlarga koʻra, arxiyepiskop Galstanyan terrorchilik hujumlarini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrgan, hokimiyatni egallash uchun kerakli vositalarni sotib olgan hamda bunga sharoit yaratgan. Shuningdek, “Muqaddas kurash” harakati va uni qoʻllab-quvvatlagan bir qancha muxolifatchilarning uylarida ham tintuvlar oʻtkazilgani qayd etilmoqda.
Muxolifatni qoʻllab-quvvatlagan milliarder Samvel Karapetyan hokimiyatni egallashga daʼvat etgan maqolalari uchun hibsga olingan. Galstanyan qarorgohida ham operatsiya oʻtkazilayotgani aytilmoqda.
Maʼlumot uchun, Nikol Pashinyan hukumati va Armaniston Apostol cherkovi oʻrtasidagi munosabatlar ancha vaqtdan beri sovuq boʻlib kelayotgan edi. Bosh vazir cherkov rahbarlarini oldingi hokimiyat bilan bogʻliq jinoiy harakatlarda ayblab kelgan.
Ikkinchi Qorabogʻ urushidagi magʻlubiyatdan keyin Armaniston katolikosi Garegin II Pashinyandan isteʼfoga chiqishni talab qilgan, natijada hukumat va cherkov oʻrtasidagi qarama-qarshilik yanada avj olgan.
Oxirgi paytlarda vaziyat nisbatan barqaror boʻlib turgan boʻlsa-da, soʻnggi voqealar mamlakatda siyosiy muammolar yana keskinlashganini koʻrsatmoqda. Tergov harakatlari hozirda davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring