Aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi

14:59 13 Avgust 2025 Siyosat
208 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident toʻqimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish va eksportni oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, mamlakatimizda ip-kalava va matoning narxi asosiy raqobatchilardan oʻrtacha 10-15 foiz yuqoriligiga eʼtibor qaratildi. Sababi – ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz tarkibida paxta 90 foiz boʻlsa, qolganlarda 30-40 foizi poliester, viskoza, spandeks kabi arzon sintetik matodan iborat.

Dunyoda sunʼiy tola va aralash matoga talab yildan yilga oshib bormoqda. Mamlakatimizda yiliga 100 ming tonna aralash ip, mato va gazlama import boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, bir nechta boʻyoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi boʻlsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.

Oʻtgan yilda 5 million dollardan ortiq eksport qilgan 55 ta korxonaning har birida kamida 200 nafardan ishchi ishlamoqda. Lekin bu korxonalar asosan viloyat markazlarida va sanoati rivojlangan tumanlarda joylashgan.

Ularga koʻmak berilsa, olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filial ochmoqchi. Bunga Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yilga 10 milliard soʻmgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi qoplab beriladi.

Qoʻyiladigan shart – korxonalar 200 ta ish oʻrni yaratishi va munosib ish haqi toʻlashi kerak.

Mutasaddilarga ushbu ragʻbatlarni ishga solib, joriy yilda 20 ta, keyingi yilda yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalarini ishga tushirish topshirildi.

Bu ishlar Qoraqalpogʻistondan boshlanishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер