AQSH va Ukraina xavfsizlik sohasida uzoq muddatli kelishuvga erishdi. Kiyev uni «tarixiy» demoqda

11:04 14 Iyun 2024 Dunyo
357 0

Foto: AP

Italiyada boʻlib oʻtgan G7 sammitida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina va AQSH oʻrtasida xavfsizlik boʻyicha 10-yillik ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Bu Kiyev tomonidan «tarixiy» deb baholandi.

Shartnoma Amerika Qoʻshma Shtatlarining Ukrainaga harbiy va oʻquv yordamini oʻz ichiga oladi, ammo Vashington ittifoqdoshi uchun jang maydoniga qoʻshin yuborish majburiyatini olmaydi.

Ukraina birinchi navbatda shahar va elektr stansiyalariga yoʻllanayotgan raketa va dron hujumlarini toʻxtatish uchun havo mudofaa tizimlariga, shuningdek, uzoq kutilgan «F-16» qiruvchi samolyotlariga ehtiyoj sezayotganini maʼlum qilgan. Zelenskiy yangi xavfsizlik kelishuvida ushbu jangovar qurollarni yetkazib berish ham kiritilganini aytdi.

Shuningdek, G7 davlatlari Kiyevga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 50 milliard dollar yigʻib berishga kelishib olishgan.

Bayden bu pullar Ukraina foydasiga ishlatilishi va bu harakati bilan Putinga oʻz fikridan qaytmaslikni bildirib qoʻyishini aytgan.

«U bizni ajrata olmaydi, Ukraina bu urushda gʻalaba qozonmaguncha biz bilan birga boʻladi», — degan Bayden. Lekin ushbu pullar yil oxirigacha Ukrainaga kelib tushmaydi, yaʼni 50 milliard dollarlik yordam urushning hozirgi holatiga taʼsir koʻrsata olmaydi.

Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarining katta qismi Belgiyada saqlanmoqda. Xalqaro huquqqa koʻra, davlatlar Moskvadan bu aktivlarni musodara qilib, Ukrainaga bera olmaydi. G7 qarori eʼlon qilinishidan oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi oʻta ogʻriqli javob choralari boʻlishidan ogohlantirgan.

Maʼlumot uchun aytib oʻtamiz, G7 — «Yettilik guruhi» Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSHni birlashtirgan norasmiy xalqaro klubdir. Ushbu davlatlar rahbarlarining norasmiy forumi (Yevropa komissiyasi ishtirokida) doirasida dolzarb xalqaro muammolarga yondashuvlar muvofiqlashtiriladi. Guruh sammitlari har yili aʼzo davlatlarning birida navbatma-navbat oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?