Eronni qattiq qurgʻoqchilik qamrab oldi: Tehronni evakuatsiya qilish masalasi kun tartibida

10:39 24 Noyabr 2025 Dunyo
302 0

Tehronda suv sotilmqoda. 2025-yil 10-noyabr (Reuters / Scanpix / LETA)

Eron bugun oʻz tarixidagi eng ogʻir suv taqchilligi inqirozini boshdan kechirmoqda. Yirik shaharlarga suv yetkazib beruvchi suv omborlarining toʻldirilganlik darajasi 10 foizdan ham past; Tehronga yaqin hududlarda esa bu koʻrsatkich 5 foizga yetmasligi aytilmoqda. Ayrim suv havzalari butunlay qurib boʻlgan yoki qurish arafasida. Prezident Masʼud Pezeshkiyon agar qish boshida yomgʻir yogʻmasa, 10 million aholisi bor poytaxtni evakuatsiya qilishga toʻgʻri kelishini maʼlum qildi. Ammo aholining bunday ulkan oqimini qaysi hududga koʻchirish mumkinligi oydin emas — chunki Eronning boshqa viloyatlaridagi ahvol ham bundan farq qilmaydi. Masalan, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mashhadni suv bilan taʼminlovchi omborlar 3 foizgacha qisqargan.

Soʻnggi haftalarda Eron gʻarbidagi Zagros togʻlarida yomgʻir yogʻdi, Tehron yaqinidagi Tochal togʻiga qor ham tushdi. Ammo mamlakat boʻylab yogʻingarchilik miqdori iqlimiy meʼyordan atigi oʻndan bir qismini tashkil qilmoqda. Bu esa kamida soʻnggi ellik yil ichidagi eng quruq kuz boʻlayotganini koʻrsatadi.

Tehron yaqinidagi Amirkabir toʻgʻoni (Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA)

16-noyabr kuni hukumat sunʼiy yogʻingarchilik chaqirish — bulutlarni urugʻlantirish jarayonini boshlaganini eʼlon qildi. Bu jarayon shimoli-gʻarbdagi shoʻr suvli Urmiya koʻli havzasi ustida amalga oshirilmoqda. Bir paytlar Eronning eng yirik koʻli hisoblangan Urmiya bugun keskin sayozlashib, katta qismi shoʻrxok maydonga aylangan.

Qurib qolgan Urmiya koʻli (Hamid / Middle East Images / ABACAPRESS.COM / Scanpix / LETA)

Biroq bulut urugʻlantirish faqat havoda yetarlicha namlik boʻlgandagina samara beradi. Ayni paytda esa mamlakatning deyarli barcha hududlarida, shu jumladan odatda bulutlar toʻplanadigan togʻ mintaqalarida ham havo nihoyatda quruq.

Tehron va boshqa yirik shaharlarda suv taqsimlash jadvali joriy qilindi. Aholi suv tashiydigan maxsus mashinalar oldida navbatda turibdi. Davlat telekanallarida esa odamlarning yomgʻir uchun qilayotgan duo marosimlari namoyish etilmoqda.

Suv tanqisligi tufayli GESlar ishlab chiqarishi qisqardi. Sanoat korxonalari ham suvga bogʻliq sovitish va texnologik jarayonlar sabab jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Qishloq xoʻjaligi ekinlari keskin kamaygani esa yaqin oylar ichida oziq-ovqat narxlarining yanada oshishiga olib kelishi kutilmoqda.

Iqtisodiy inqiroz shundoq ham yuqori edi — mahsulotlar narxi har oy 3–4 foizga koʻtarilmoqda. Parlament spikeri Muhammad Boqir Gʻolibof hatto ayrim oilalar tovuq goʻshti xarid qila olmayotganini aytdi: 1 kilogramm tovuq filesi qariyb 3,5 dollar turadi, oʻrtacha oylik daromad esa 200 dollar atrofida. Ayrim hududlarda hatto kartoshka ham boʻlib-boʻlib sotilmoqda.

Hukumat suv importi yoki dengiz suvidan foydalanish uchun opresnitel (shoʻr suvni ichimlik suviga aylantirish) texnologiyalarni olib kirish masalasini oʻylamoqda. Lekin sanksiyalar va qoʻshni davlatlar bilan murakkab munosabatlar Eronning xalqaro yordamdan foydalanish imkoniyatlarini keskin cheklab qoʻygan.

Tehrondagi Imomzoda Solih masjidida yomgʻir yogʻishi uchun ibodat. 2025-yil 14-noyabr (AFP / Scanpix / LETA)

Eron platosi katta daryolarga ega emas. Togʻ tizmalari mintaqani dengizlardan ayirib qoʻygan, shu sabab yogʻingarchilik tabiatan kam. Soʻnggi yillar esa odatdagidan ham issiq va quruq boʻlib kelyapti.

Mamlakat qishloq xoʻjaligi sunʼiy sugʻorishga toʻla tayanadi — butun chuchuk suv zaxirasining 90 foizi aynan shu sohada sarflanadi. Hukumat yillar davomida koʻp suv talab qiladigan ekinlarni — guruch, qand lavlagi, pista kabi mahsulotlarni ekishni ragʻbatlantirib keldi, chunki ular eksportdan valyuta olib kelardi. Sugʻorishning eng oddiy va samarasiz usuli — dalalarni suv bilan toʻldirib qoʻyish keng tarqalgan edi. Natijada suvning katta qismi yerga singib ketar yoki bevosita havoga uchib ketardi.

Mamlakat boʻylab litsenziyasiz minglab quduqlar qazildi. Grunt suvlari haddan tashqari tortib olingani tuproqning choʻkishiga ham olib keldi — hatto qadimiy Persepol muqaddas yodgorligi xavf ostida qoldi. Avvallari hokimiyat noqonuniy quduqlarni legallashtirish orqali vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

GESlar va yirik suv omborlari qurish boʻyicha siyosiy loyihalar ham vaziyatni ogʻirlashtirdi. Kam suvli daryolarni toʻsish natijasida Urmiya koʻli keskin sayozlashdi, yangi suv omborlaridan esa suv tez bugʻlanib ketmoqda.

Suv isteʼmolini hisobga olish tizimi ham zaif: ayniqsa qishloq xoʻjaligida suv narxi haddan tashqari subsidiyalangan. Bu suvdan tejamkor foydalanishga hech qanday turtki bermadi.

21-noyabr kuni prezident Pezeshkiyon Eron poytaxtini koʻchirish masalasi qabul qilingan qaror ekanini taʼkidladi. Yangi poytaxt Mokrondagi choʻl hududida qurilishi mumkin. Bu mintaqa Eronning boshqa qismlariga nisbatan ham issiq va quruq boʻlsada, dengizga yaqin joylashgani tufayli uni dengiz suvini opresnitel orqali tozalab taʼminlash imkoniyati bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер