AQSH dipkorpusi vakillari Uchquduqda boʻlishdi

16:27 17 Aprel 2024 Jamiyat
168 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi birinchi kotibi Endryu Sheynson va jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassisi Sara Talalay Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida boʻlishdi.

Mehmonlar dastlab hudud tarixidan soʻzlovchi oʻlkashunoslik muzeyiga tashrif buyurishdi. Bu yerda tuman hokimi Soli Hamroyev ularni hududning tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar koʻlami, yirik sanoat korxonalari, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar, xususan, 100 ming kitob fondiga ega tumandagi ikki kutubxona hamda umumtaʼlim maktablari qoshidagi kutubxonalar faoliyati haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirdi.

Shuningdek, tuman hokimi mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrganishga katta eʼtibor qaratilishi samarasi oʻlaroq hudud yoshlarining ingliz tilini oʻrganishga qiziqishlari tobora ortib borayotganligini taʼkidladi.

Shu jihatdan tumandagi 20-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan uchrashuv mehmonlarda iliq taassurot uygʻotdi. Endryu Sheynson va Sara Talalay maktab jamoasining yutuqlari, ayniqsa oʻquvchilar hamda ularning ustozlarining ingliz tilini bilish darajasidan qoniqish hosil qildilar. Oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan xalq amaliy sanʼati namunalari va ijodiy chiqishlar mehmonlar tomonidan olqishlandi.

Safar dasturi doirasida mehmonlar mahalliy qandolatchilik sexida ham boʻlishib, Sharq qandolatchilik mahsulotlari namunalaridan tatib koʻrishdi.

Tashrif yakunida mehmonlarga “Uchquduq: kecha va bugun” kitob albomi tuhfa etilib, ular oʻz navbatida Amerika Qoʻshma Shtatlarining mashhur hududlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar va suvenirlar sovgʻa qilishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?