A.Qodirov: Fikrimning notoʻgʻri ekanligi isbotlansa rahmat aytib oʻzgartiraman
Kecha “Mening yurtim” kanalida efirga uzatilgan koʻrsatuvda Shuhrat Musayevning bildirgan fikri qanchalar impulsiv boʻlmasin ayrim “blogerlikka daʼvogar”larning xolislikdan mahrum «mingʻir-singʻir»laridan koʻra tushunarliroq. Munozara qilish mumkin.
Har qanday munozara, tanqid, tortishuvlarga tayyorman. Fikrimning notoʻgʻri ekanligi isbotlansa rahmat aytib oʻzgartiraman. Lekin alamzadalikdan havosiz qolib ketgan uyushgan gʻiybatchilar guruhlarini Konfutsiyning dono oʻgitiga amal qilib aylanib oʻtaveramiz.
Birinchidan, taklifda Rossiyadagi 4,5 mln. patentli va 4 mln. patentsiz vatandoshlarni davolatish haqida gapirilmagan. Ular hozirgi sharoitda qaytish haqida oʻylashmayapti ham, bilishimcha. Maʼlumotlarga qaraganda qaytmoqchi boʻlganlarning umumiy soni 3 - 3,5 mingdan koʻp emas. Ularni joyida testdan oʻtkazish, aniqlangan ogʻir shakllarni oʻsha yerning oʻzida davolashni tashkil qilishni nazarda tutganman. Xohlagan taqdirimizda ham hammani bir harakatda olib kelish uchun joy yoʻq. Virusni aniqlash boʻyicha kunlik koʻrsatkichda 700-800 ga ham chiqib oldik. Demak, baribir joyni boʻshashi va charterlarni kutish kerak. Kutish davomida davolanishning muhim davri boy berilmasligiga kafolat bormi? Shu paytda ularni oʻsha yerda testdan oʻtkazib, yengil formani izolyatsiyada, ogʻir formani kasalxonada davolanishini tashkil qilish uchun TIV, Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurash fondi, Mehnat vazirligi va mahalliy hokimliklarga nima xalaqit bermoqda?
Virus tashuvchisini izolyatsiya qilishda vatandoshimiz yashayotgan davlat bizdan kam manfaatdor emas. JSST pandemiya protokolining talablaridan biri ham davlatlararo qatnovlarni toʻxtatish va fuqaroligiga qaramasdan virus tashuvchilarni aniqlash va izolyatsiya choralari bilan qamrab olishdan iborat. Davolash esa davlatlarning kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Bugun Oʻzbekistonda virusning ogʻir shaklidan davolanayotgan bitta bemorga 40 mln. soʻmgacha mablagʻ ishlatilyapti. Davolash sxemasi JSST tomonidan tasdiqlanganiga qaraganda boshqa davlatlarda ham shu atrofda, balki biroz qimmatroq boʻlar, lekin bundaylar soni koʻp boʻlmaydi. Takror aytaman, bu chora Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻlayotgan vatandoshlarimizning ichida kasallik ogʻir kechayotganlariga tegishli. Bu chora Oʻzbekistonga yangi virus shtammini kirib kelishini oldini olish maqsadida qilinayotganligini unutmaslik kerak.
Xorijdagi vatandoshimizni oilasi bagʻriga virussiz, salomat qaytarish taklifidan “vatandoshimizni vatanga kiritmaslik kerak” degan xulosani chiqarib olib «xayp» qilayotganlarni sogʻlom fikrlashiga shubham bor.
Ikkinchidan, har bir xorijdagi vatandoshimiz Oʻzbekistonning fuqarosi. Albatta davlatimiz himoyasida! Lekin dunyoda pandemiya hukm surmoqda. Odamlar virus tashiyapti. Bu virus mutatsiyalanish, modellashish boʻyicha alohida “qobiliyat” koʻrsatyapti. Eʼtibor bering, birinchi toʻlqinda biz virusni jilovladik. Lekin ikkinchi toʻlqin Oʻzbekistonda modellashmadi, yangi shtamm xorijdan kirib keldi! Bu hali ehtimol, lekin ayrim mutaxassislar modellashgan virusni xorijdan kelgan vatandoshlarimiz karantin zonalaridan olib chiqishdi, deyishmoqda. Bu masʼuliyatsizlik emas, koʻproq virusning notanishligi va “uddaburonligi” bilan bogʻliq. Olimlarni qoʻrqitayotgan jihati ham shunda. Shu notanish shtamm bugun rasmiy statistikaga koʻra 200 ga yaqin vatandoshimizning umriga zomin boʻldi. Yoki vafot etganlar vatandoshlarimiz emasmidi? Ularning hayoti xorijdagi vatandoshlarimiznikidan kamroq qadrlimi?
Yana ilgariroq ketaman, taxmin qilinishicha, virus modellashishda davom etadi. Kuzda, aynan shu tipdagi viruslarning “oʻynab-kuladigan” vaqtida barcha karantin tadbirlaridan “yashirinib” yangi shtamm kirib kelib, yangi toʻlqin paydo qilsa nima qilamiz? Nafaqat sogʻliqni saqlash, balki hamma soha yuzaga kelgan bosimga zoʻrgʻa chidayapti. Bosim ortsa nima boʻladi? Javob bormi?!
Uchinchidan, bu taklifni hech kimni jigʻildoniga yoqish uchun bermadim. Bu fikrni muhokama ham qilmaymiz. Biz ham xalqimizga foydamiz tegsin deb harakat qilyapmiz.
Faol jamoatchi doʻstlarimizga eslatib qoʻyish kerak shekilli, PARTIYA SIZning fikr, taklif va qoʻllab-quvvatlashingiz asosida, SIZ bilan Hukumatga intiladigan nodavlat tashkilotdir. Bu tashkilotdan jamiyatimizni yaxshilash uchun hissa qoʻshishda foydalanishingiz kerak, gʻazabingizni sochish, alamingizni toʻkish va loyga botirishda emas. Partiya Parlamentda sizning fikrlaringizni ilgari surishi mumkin. Xatolar, albatta, boʻladi, muhokama qilinadi va tuzatiladi. Jamiyatdagi hamma xatolar uchun aybdor sifatida deputatlar va partiyalarni koʻrsataverish oʻzgarishga xizmat qilmaydi. Jamiyatimizda erkin muloqot muhitini yangi shakllanayotganini hisobga olib uni kimlarnidir egoistik intrigalari bilan yaralash emas, madaniyatli muloqotlarimiz bilan asrab-avaylashimiz kerak.
Takliflar va hamkorlikka doimo ochiqmiz.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring