“Angren” poligonida maxsus taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi

17:52 07 Avgust 2023 Jamiyat
2947 0

Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida harbiy hizmatchilar bilan maxsus taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar avvalida kun tartibi va unda belgilangan vazifalar nazariy jihatdan ko‘rib chiqilib, ishtirokchilarga zarur ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar yo‘nalishlari bo‘yicha yakka va guruh tarkiblariga ajratilib, amaliy o‘quv mashg‘ulotlariga kirishildi. Jumladan, ishtirokchilar majmuaviy-taktik hamda uzoq masofaga yurish mashqi, jismoniy tayyorgarlik, 3 va 5 kilometr masofaga to‘liq jangovar holatni qabul qilgan holatda yugurish, maxsus to‘siqlardan o‘tish, tog‘ tayyorgarligi va taktik tayyorgarlik, taktik-tibbiy tayyorgarlik sinovlaridan o‘tkazildi.

Xususan, ushbu mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar tomonidan shartli dushman bilan jang olib borish, qo‘lga olish uchun obyektni qurshovga olish, turli xildagi muhandis to‘siqlarni razvedka qilish va ularni olib tashlash, maxsus minalarni portlatish va obyektni yo‘q qilish, mergan juftligi va granatomyotchilar hamkorligida dushmanni yakson etish, piyoda harakatlangan holda turli pozitsiyalarni egallab o‘t ochish, jang maydonida yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi yakkalik, juft va jamoaviy harakatlar amalga oshirildi.

Bir necha kun davom etgan maxsus taktik mashg‘ulotlarni Mudofaa vazirligi mas’ullari bevosita kuzatib bordi. Yakunda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan xatolar chuqur tahlil qilinib, yuqori qo‘mondonlikka kelgusi o‘quvlarda ahamiyat berilishi zarur bo‘lgan ko‘rsatmalar yetkazildi.

Jangovar o‘quv mashg‘uloti muvaffaqiyatli yakunlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?