Angliya premyer-ligasiga qiziqish nega bu qadar yuqori? Abduqodir Husanovning transferi sabab ayrim mulohazalar

11:48 21 Yanvar 2025 Jamiyat
201 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Futbol haqida soʻz ochilganida soha mutaxassislari “Kuchli beshlik” degan iborani tez-tez ishlatishadi. Bunda ular Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya va Germaniya milliy chempionatlarini nazarda tutishadi, albatta. Gap shundaki, beshala davlat chempionatlarida bahslar kuchli raqobat ostida oʻtadi, tomoshabinni kuchli hayajon ostida ushlab turadi. Suyumli jamoasining gʻalabasi esa minglab, balki millionlab fanatlarga bir olam zavq-u shavq ulashadi. Shu jihatdan futbolni oʻziga xos spektaklga oʻxshatish mumkin.

Kuchli beshlik orasida keyingi yillarda shak-shubhasiz Angliya premyer-ligasi ancha ilgarilab ketdi. U shu nom ostida 1992-yilda tashkil etilgan. Umuman esa ingliz Futbol ligasiga 1888-yilda asos solingan. Oradan 104-yil oʻtib birinchi divizionning eng boy va yirik klublari koʻproq daromad koʻrish maqsadida premyer-liga atrofida birlashishgan. Shundan buyon premyer-liga dunyoning eng serdaromad chempionatiga aylandi. Deylik, Sky va BT Group televizion kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomaga koʻra, premyer-liga oʻyinlar translyatsiyasidan 5 milliard funt foyda koʻradi. 2029-yilga borib bu kompaniyalar toʻlovi 6,7 milliard funtga yetishi kutilyapti. Biz hali oʻyinlarni namoyish etish huquqini xorijiy kompaniyalarga sotish evaziga koʻriladigan foyda haqida toʻxtalganimizcha yoʻq.

Angliya premyer-ligasi oʻyinlarini dunyoning 212 ta mamlakatida tomosha qilishadi. Uni koʻradiganlarning televizion auditoriyasi maʼlumotlarga qaraganda, 4,7 milliard kishini tashkil etadi. Oʻyinlarni stadiondan turib tomosha qilish borasida premyer-liga faqat Germaniya Bundesligasidan biroz orqada. 2023/2024-yilgi mavsumda stadionlarga oʻrtacha 38 ming 375 kishi tushgan. Germaniyada esa bu koʻrsatgich 39 ming 467 tomoshabinni tashkil etgan. Ammo shiddatkorligi, kuchsiz jamoaning amalda yoʻqligi, kurash surʼati soʻnggi daqiqalargacha susaymasligi, maydonda rang-barang oʻyin uslubi va taktikalarning qoʻllanishi, futbolchilarning individual mahorati jihatidan premyer-ligaga yetari yoʻq. Bu yerda dunyoning futbol olamiga dongʻi ketgan Italiya, Ispaniya, Germaniya, Braziliya, Argentina, Niderlandiya singari davlatlar futbolchilari va murabbiylarini ham, biz-u sizga u qadar tanish boʻlmagan Gibraltar, Keniya, Surinam, Gvineya Bisau kabi davlatlar vakillarini ham uchratish mumkin. Umuman, Angliya premyer-ligasi tarixida dunyoning 100 dan ziyod mamlakati futbolchilari toʻp surishgan. Endilikda ular safiga Oʻzbekiston vakili ham qoʻshildi. Abduqodir Husanov nafaqat yurtimiz, balki Oʻrta Osiyodan ilk bor premyer-ligada oʻynaydigan futbolchi sifatida ham tarixga kirmoqda. Boz ustiga u grand jamoalardan biri, premyer-ligada 8 bor gʻoliblikka erishgan “Manchester Siti” sharafini himoya qiladi.

Shu oʻrinda oʻzbek futbolchilariga ilgari Angliya premyer-ligasi vakiliga qarshi toʻp surish nasib etganmikan, degan savol ham tugʻiladi. Ha, bu roʻy bergan. Futbolimiz afsonalaridan biri Mirjalol Qosimov “Spartak – Alaniya” klubi sharafini himoya qilgan paytida UYEFA Yevropa Ligasining 1995/96-yilgi mavsumi doirasida “Liverpul”ga qarshi maydonda toʻp surgan. Vladikavkazda kechgan bu oʻyinning birinchi boʻlimida stadionni larzaga keltirgan gol muallifi aynan Mirjalol Qosimov boʻlgandi. Toʻgʻri, oʻshanda inglizlar 2:1 hisobida gʻalaba qozonishgan. Ammo uchrashuvdan soʻng “Liverpul”ning oʻsha paytdagi ustozi Roy Evans “Ochigʻini aytsam, men bu yerda futbolni shu qadar ajoyib oʻynashlarini kutmagandim. Raqib bizga yetarli darajada muammolar tugʻdirdi. Natijani mantiqan toʻgʻri deya olmayman. Uni himoyadagi yaxshi oʻyinimiz uchun tuhfa deb hisoblayman”, degan soʻzlarni aytgandi.

Abduqodir Husanovga esa premyer-ligada omad tilab qolamiz, albatta!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?