Andijonda «Tashabbusli byudjet» orqali 232 loyiha moliyalashtirildi

18:36 13 Oktyabr 2022 Jamiyat
523 0

Foto: Xalq so‘zi

Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ayniqsa, mahallalarda yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni amaliy hal etishda «Tashabbusli byudjet» platformasining ahamiyati tobora oshib bormoqda. Binobarin, shu yilning 11-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari 2023-yildan viloyat byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi aynan «Tashabbusli byudjet» loyihalariga berilishini taʼkidlar ekan, mahallalardagi infratuzilma uchun mablagʻlar faqatgina «Tashabbusli byudjet» orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishini maʼlum qildi.

Andijon viloyatida ham hozirga qadar «Tashabbusli byudjet» orqali 232 ta taklif moliyalashtirildi. Natijada qator mahallalarda yoʻl, suv taʼminoti yaxshilandi, yangi ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurildi. Jumladan, Baliqchi tumanidagi Qiyali mahallasida zamonaviy stadion barpo etildi. 347 mln. soʻmlik ushbu loyiha tufayli endilikda qishloq yoshlari sportning oʻnlab turlari bilan muntazam shugʻullanish imkoniga ega boʻldilar.

— Yaratilgan sharoit yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishini sezilarli oshirdi, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Sarvarbek Abduazimov. — Hozirda boʻsh vaqtimizda futbol, voleybol, basketbol bilan shugʻullanyapmiz. Tez kunlarda futbol boʻyicha qoʻshni mahalla vakillari bilan oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazish niyatimiz ham bor.

Tumanning Doʻngsaroy mahallasi aholisi onlayn platforma yaratgan imkoniyat tufayli dastlab 850 mln. soʻmlik mablagʻ evaziga 2 km yoʻldagi muammolarga ijobiy yechim topgan boʻlsalar, hozirga kelib manzildagi 15-umumtaʼlim maktabi uchun sport majmuasi qurilishiga erishdilar. Buning uchun 1 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Ayni paytda oʻyingohda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

— Avvallari maktabimizda faqat yozgi stadion boʻlardi,-deydi shu maktab oʻquvchisi Azamat Sobirov. — Yogʻin-sochin kunlari jismoniy tarbiya darsida qiynalardik. Hozirda qishki sport zali qurilmoqda. Uning foydalanishga topshirilishi bilan sportning oʻnlab turi bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishimizdan xursandmiz.

 

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?