Andijonda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda

16:40 28 Dekabr 2023 Jamiyat
729 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Soʻnggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani kabi, Andijon viloyatida ham hududlar infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar koʻlami ortdi. Buning natijasida aholining turmush sharoiti yaxshilandi. Jumladan, toza ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilib, viloyatning markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 87,4 foizga yetkazildi. Bu mamlakatimizda Toshkent shahridan keyingi ikkinchi oʻrinni egallashini hisobga olsak, bu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami nihoyatda salmoqli ekanini anglash qiyin emas.

Viloyatda isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatish, ularning toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun mavjud 909 ta mahallaning barchasida taʼminot sifatini yaxshilash ishlari amalga oshirildi. Natijada 217 ta mahalla qisman, 692 tasi esa obhayotdan bahramand boʻlishdi.

— Viloyatda hududlariga barqaror ichimlik suvi yetkazib berish boʻyicha joriy yiling oʻzida investitsiya va mahalalalar infratuzilmasini yaxshilash dasturlari doirasida davlatimiz byudjetidan 524 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ bosh muhandisi Xumoyun Alimov. — Ushbu mablagʻlar hisobidan hozirgacha 1360 kilometr tarmoq va 236 ta inshoot qurilib, 372 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar yana 66 kilometr tarmoq va 12 ta inshoot qurilishi yakunlanib, 50 ta obyekt foydalanishga topshiriladi. Natijada, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 87,4 foizdan 91 foizga yetkazilib, 61 ta mahalladagi 227 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlansa, 113 ta mahalladagi
390 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti tubdan yaxshilanadi.

Viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda xalqaro moliya institutlarining koʻmagi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu kungacha 149,5 mln. dollarga teng 5 ta istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishildi. Mazkur loyihalarning 3 tasi Islom taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan boʻlsa, qolgan 2 ta loyihani moliyalashtirish boʻyicha bugungi kunda xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar oʻtkazilmoqda.

— Shahrixon tumani markazida oqova suv tizimini qurish uchun 28,5 mln. dollar jalb etish hisobiga 20 ming metr kub quvvatli oqova suv tozalash inshootini qurish, 66,4 kilometr oqova suv kollektorlari va tarmoqlarini yotqizish hamda 3 ta oqova suv nasos stansiyasini qurish rejalashtirilgan, — deydi jamiyatning Shahrixon tumanidagi filiali rahbari Sardorbek Abduvaliyev. — Bu xayrli ishlar yakunida 18 ta mahallada yashovchi aholining markazlashgan oqova suv xizmatlari qamrovi 60 foizga yetkaziladi. Asaka tumani markazida esa oqova suv tizimlarini qurish uchun 32 mln. dollar jalb etish hisobiga 25 ming metr kub quvvatli oqova suv tozalash inshootini qurish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 37 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish koʻzda tutilgan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida Asaka tumanida istiqomat qiluvchi 71 ming nafar aholining oqova suv taʼminoti yaxshilanib, bu yoʻnalishdagi xizmatlar darajasi 5,1 foizdan 70 foizga yetkaziladi. Bugina emas, Xoʻjaobod tumanida ham oqova suv tizimlarini qurish uchun 18 mln. dollar jalb etish hisobiga 5 ming metr kub quvvatli oqova suv tozalash inshootini qurish, 40 kilometr oqova suv tarmoqlarini yotqizish ishlari amalga oshiriladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?