Andijon viloyatida ayni paytda 72 mahallada bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda
![](https://xs.uz/upload/post/2022/8/15/24617403651fd65fcefbf9b7d55497ac0815.jpg)
Foto: Xalq so‘zi
Hududlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmalarni barpo etish va shu orqali aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida ayni paytda Andijon viloyatida 72 mahallada keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor yoʻl, transport, tibbiyot, taʼlim sifatini, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda elektr energiyasi taʼminotini yanada yaxshilashga qaratilmoqda. Viloyat hokimi Sh. Abdurahmonovning mahallalarda boʻlib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot olib borayotgani ushbu jarayonda belgilangan vazifalarning toʻla-toʻkis ijrosini taʼminlashga, aholi takliflari asosida qoʻshimcha chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarishga turtki beryapti. Ana shunday uchrashuvlardan biri Shahrixon tumanidagi “Yuzlar” mahallasida boʻlib oʻtdi.
— Yashirib nima qildik, oxirgi salkam qirq yil ichida viloyat miqyosidagi rahbarlardan hech kim mahallamizda bunday uchrashuv oʻtkazmagan, — deydi shu mahallada yashovchi Mirsaid ota Abdurahimov. — Mahallamizga viloyat hokimi bilan bir qatorda oʻrinbosarlari, tuman hokimi, sektor rahbarlari ham kelishdi. Dardimizni, niyatlarimizni tinglashdi. Mahallamiz hayotida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar joyida oʻrganilib, ijobiy yechimi koʻrsatib berildi. Shu tariqa bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Bundan, albatta, xursandmiz.
Darhaqiqat, hozirda mahallaning 7 km qismiga yangi ichimlik suvi tarmogʻini tortish, yoʻllarni asfaltlash, har bir koʻchada obodonlashtirish ishlari qizgʻin surʼatda olib borilmoqda. 847 ta xonadonda istiqomat qiluvchi besh mingga yaqin aholining turmush sharoitini yaxshilash, doimiy daromad manbaiga ega qilish saʼy-harakatlari ham izma-iz davom etyapti.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring