Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor

Dunyoda insoniyat va adabiyot uchun xizmat qilib, el aro nom va shuhrat qozongan shoirlar juda koʻp. Ularning asarlarini qancha asrlardan beri sevib oʻqiymiz, asarlaridagi qahramonlarni bot-bot tilga olamiz. Ammo ularning orasida bir vaqtning oʻzida elining dard-u tashvishlarini aritgan, unga yelkadosh va madadkor boʻlgan, shuningdek, jahon ahlini lol qoldirgan asarlar yaratolgan ijodkorlar juda kam.
Mana besh asrdan koʻproq vaqt mobaynida jahon sahnasidan tushmay, turkiy tilning boy va jozibadorligini barchaga koʻrsatib kelayotgan buyuk mutafakkir, davlat arbobi, ulugʻ soʻz sanʼatkori Hazrat Alisher Navoiydir.
Bilamizki, dunyodagi har bir xalq va millatning tadqiqotchi olimlari oʻzlarining zabardast, koʻzga koʻringan shoir va yozuvchi, ziyolilari qoldirgan boy maʼnaviy merosni oʻrganish, ilmiy xulosalarini bildirish orqali targʻib qilishgan. Xususan, ular ijodkorlarning asarlaridagi soʻz qoʻllash mahorati, isteʼdodi va shaxsiyati borasida ilmiy tadqiqotlar olib borishgan.
Ammo buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning asarlari leksikasi, soʻz boyligi hamda soʻz ijodkorligi boʻyicha xorijiy olimlar tomonidan ham, oʻzbek olimlari tomonidan ham mukammal ilmiy tadqiqotlar yaratilmagan edi. Shu maʼnoda, oʻtgan asrning 70 — 80-yillarida taniqli navoiyshunos, tilshunos, filologiya fanlari doktori, professor Bahrom Bafoyev “Navoiy asarlari leksikasi” mavzusida doktorlik ilmiy ishini yoqladi. Unda shoirning turkiy tilda yozilgan 24 ta asari ham leksik-semantik, ham statistik, ham tematik jihatdan kartoteka tuzish orqali umumturk, arab, fors, hind, moʻgʻul va grekcha soʻzlar miqdorlari bilan ilmiy tahlil qilingan. Xususan, Alisher Navoiy oʻsha 24 asarda takrorsiz 26 035 ta soʻz ishlatganini ilmiy jihatdan isbotlab bergan.
Maʼlumki, Alisher Navoiy fors-tojik va turkiy gʻazaliyotning toʻrt unsuri — lafz (soʻz), maʼno, vazn va qofiyalarning ham nazariy, ham amaliy jihatlarini mukammal egallagan. Ijodkorning turkiyda yozilgan toʻrt devonida 2600 ta gʻazal, fors-tojikchada yozilgan devonida 554 ta gʻazal jamlangan.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy gʻazal janrida jahonning buyuk, koʻzga koʻringan ijodkorlari orasida ham yetakchidir. U ikki tilda yigirmadan ortiq janrda ijod qilgan. Shunchalik xilma-xil janrlarda shoir 200 ming qatorga teng ijod durdonalarini yaratganini umrining oxirida yozgan “Lison ut-tayr” dostonida maʼlumot ham bergan:
Nazmu nasrim kotibi taxminshunos,
Yozsa yuz ming bayt etar erdi qiyos.
Munchakim nazm ichra qildim ishtigʻol,
Xotirimdin chiqmas erdi bu xayol.
Olim Bahrom Bafoyev oʻz ilmiy tadqiqotlari orqali Alisher Navoiyning soʻz ijodkorligi va soʻz boyligi jihatdan jahonning zabardast shoirlari orasida sardor ekanini ilmiy jihatdan isbotladi. Olimning ilmiy tadqiqotlari 1983 — 1985-yillarda chop etilgan 4 jildli “Navoiy asarlari izohli lugʻati”ni yaratilishida asosiy poydevor boʻldi. Shuningdek, olim lugʻatni tuzishda bevosita ishtirok etgan, hammuallif sifatida qayd etilgan.
Shunday katta ilmiy tadqiqotlar olib borgan jonkuyar olim, bolaligimdan Navoiyga muhabbat uygʻotgan inson — oʻzimning bobom ekanidan faxrlanaman va kelajakda ajdodim boshlagan yoʻlni davom ettirish, Mir Alisher Navoiydek oʻlmas soʻz sanʼatkorining ijodini oʻrganishni qalb amrimga aylantirishga harakat qilaman.
Durdona BAFOYEVA,
Navoiy davlat universiteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Mirzo Bobur – buyuk imperiya asoschisi
- Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi
- Prezident “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring