“Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Abdug‘ani Jumaning “Yurakka ko‘milar asl shoirlar” nomli fotoko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ijodkorning yaqinlari, do‘stlari, shogirdlari, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda yurtimizda milliy ma’naviyatimizni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar silsilasida atoqli ijodkorlar xotirasini abadiylashtirish, ularning adabiy merosini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, ushbu fotoko‘rgazma ham xalqimizning suyukli shoiri Muhammad Yusufning porloq xotirasiga ehtirom ifodasidir.

Ko‘rgazmadan 70 ta fotosurat joy olgan. Tomoshabinlar bu yerda an’anaviy fotosuratlardan farqli o‘laroq, alohida va guruhli portretlar, fotomontaj tarzidagi turkum fotoasarlar hamda shoirning ijodiy hayotidan ba’zi voqeliklarni ko‘rsatuvchi sahnalar bilan tanishadi. Ijodkor hayoti haqida kengroq tasavvur hosil qiladi. Binobarin, ko‘rgazmaning puxta ishlangan konsepsiyasi sinchkov tomoshabinni mulohazaga chorlaydi. Zal foyesida bannerga ko‘chirilgan fotoaxborotlar adib xotirasi davlatimiz va xalqimiz tomonidan qanchalar qadrlanayotgani haqida so‘zlaydi. Zotan, ijodkorning Vatanga sodoqati, mehr-muhabbati, kelajagi uchun chin dildan qayg‘urishi uning she’rlariga muhrlangan bo‘lib, ular yoshlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Zalning o‘ng tomonida shoirning o‘smirligi, hayotga ilk mustaqil qadam qo‘ygan davri, oilasi va yaqinlari taqdim etgan tarixiy fotosuratlardan texnik fotomontaj usulidan foydalanib tayyorlangan fotosuratlar namoyish etilgan. Zalning asosiy qismidan shoirning hayotlik chog‘lari, sermahsul ijod onlari va fotograf bilan samimiy munosabatlarini namoyish etuvchi tarixiy-hujjatli fotosuratlar o‘rin olgan. Bu asarlarda Muhammad Yusuf obrazi o‘ziga xos tarzda ochib berilgan, ularda ijodkor turli holat va kayfiyatda gavdalantirilgan. Fotografiyalar haqqoniy va real bo‘lib, shoir portretlariga uning haqiqiy siyrati singdirilgani shundoq ko‘rinib turadi.

Fotoko‘rgazmaga fazoviy ko‘lamning taqdim etilishi muallifning yangicha urinishlari bo‘lib, u orqali fotograf tomoshabinni shoir dunyosini keng va teranroq tasavvur qilishga yo‘naltirgan deyish mumkin.
Ko‘rgazma taqdimotiga Abdug‘ani Jumaning “Muhammad Yusufning birinchi va so‘nggi surati” nomli esse-katologi maxsus tayyorlangan.



















Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring