Amir Temur va temuriylar davri renessansida taʼlim tizimining tutgan ahamiyati

Foto: Illustrativ foto
Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan boʻlib, Turon oʻlkasida qadimgi davrdan boshlab boshlangʻich maktablar va kattalarga taʼlim beruvchi oʻquv dargohlari shakllana boshlagani maʼlum. Ilk islom uygʻonish davri deya eʼtirof etiladigan IX-XII asrlarda Movarounnahr islom dunyosining madaniy markazlaridan biriga aylandi. Bu davrda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy meros islom davri madaniyati andozalarini belgilab, umuminsoniyat sivilizatsiyasi rivojiga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Buyuk ajdodlarimiz dastlabki taʼlimni islom dunyosining madaniy va ilmiy markazlari sifatida tanilgan Movarounnahr va Xorazmning yirik shaharlarida olishgani ham bu davrda taʼlim tizimi yutuqlarining yaqqol dalilidir. Ilk islom davridayoq Movarounnahrda boshlangʻich maktablar, madrasalar barpo etila boshlagan.
Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahr va Xurosonda taʼlimga eʼtibor, ilm- fanga homiylik davlat siyosatiga aylandi. Barcha shaharlarda oliy taʼlim dargohlari madrasalar barpo etilib, oʻz davrining yetuk olimu ulamolari tolibi ilmlarga dars berishga jalb etildiyu Amir Temur va temuriylar davri qadim Turon oʻlkasida maorif va taʼlim tizimi, ilm-fan yuksak rivojlangan davr sifatida ahamiyatlidir. Temuriylar davri renessansi rivoji bevosita Amir Temur asos solgan ulkan saltanatda adolatli boshqaruv tizimi barpo etilganligi katta oʻrin tutgan. Qudratli saltanat va maʼrifatli jamiyat barpo etishda qadim turkiy davlatchilik anʼanalari va islomiy shariatga tayanib ish tutgan Amir Temur. har qanday taraqqiyotning asosi sifatli taʼlim tizimi ekanligini chuqur anglagan edi. Shu sababli Sohibqiron birinchi galda taʼlim va tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ilmli, maʼrifati shaxslarning jamiyatdagi mavqeyini koʻtarish yoʻlidan bordi. Ulkan saltanatning barcha shahar va yirik qishloqlarida koʻplab boshlangʻich maktablar barpo etildi. Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, bu davrda oʻgʻil bola 4 yil, 4 oy va 4 kunlik boʻlganda maktabga berish anʼanasi amalda boʻlib, boshlangʻich taʼlim ulkan saltanatning barcha madaniy oʻlkalarini qamrab olgan edi.
Butun islom davrida boʻlganidek, bu davrda ham mamlakatda ilm fan rivojida madrasa taʼlimi asosiy oʻrin tutib, saltanatning madaniy markazlar boʻlgan yirik shaharlarda oliy taʼlim oʻchoqlari boʻlgan madrasalar koʻplab bunyod etilgan. Taʼlimga eʼtibor, ilm fanga homiylik Amir Temur va temuriylar davrida davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan edi. Sohibqironning saltanat maʼmurlari oldiga “Katta kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar”; “Mudarrislar va shayxlarga kundalik maoshlarini belgilasinlar”; “Sayidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, ulugʻlarni aziz tutsinlar”, degan vazifani qoʻyganligi “Temur tuzuklari”da ham aks etgan. Sohibqironning bu topshirigʻi tabiiyki butun saltanat doirasida ijro etilgan. “Musulmonlarga diniy masalalardan taʼlim berib, shariat aqidalari va islom dini ilmlaridan tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim”; “Sayidlar, ulamo, mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, tarixchilarni sara, eʼtiborli odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini oʻrniga qoʻydim”, deya taʼkidlaydi Sohibqiron oʻz tuzuklarida.
Amir Temur buyrugʻi bilan madrasalarda diniy ilmlar (tafsir, hadisshunoslik, fiqh va boshqalar) bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar (handasa, aljabr\algebra, riyozat\matematika, mantiq, astronomiya\ilmi nujum, adabiyot, tarix, xattotlik va boshqalar) oʻqitilishi keng yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatda olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari aniq fanlarni, xususan riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), meʼmorchilik, muhandislik boʻyicha oliy darajali mutaxassislarga katta ehtiyojni yuzaga keltirdi. Turon mamlakatidagi oliy taʼlim dargohlari boʻlgan madrasalar Amir Temur va temuriylar davrida yirik ilmiy markazlar, maʼrifat oʻchoqlari vazifasini sharaf bilan bajardi. Shaharlardagi har bir madrasaga vaqf yer mulklar ajratilib, ulardan keladigan daromadlar madrasalar mudarrislari va xizmatchilari maoshi, kutubxona taʼminoti, taʼmirlash va boshqa ishlar uchun yetarli boʻlgan.
Amir Temur Turon yurtidagi madrasalarga dars berish uchun Islom dunyosining taniqli olimu ulamolarining madrasalarda dars berishga jalb qilingan. Amir Temurning buyrugʻi bilan Samarqandda oʻz davrida yagona boʻlgan kutubxona barpo etilgan boʻlib, Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida (1409-1449) bu kutubxona fondi yanada boyitilgan va mamlakatning haqiqiy ilm maʼrifat markaziga aylangan edi.
Ahli ilmni yuksak qadrlagan Sohibqiron olimu fuzalolar bilan tez tez kengashib turgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Xususan, Sharofiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur biror masalani hal qilmoqchi boʻlsa, avval shu sohaning bilimli mutaxassislari, olimlar bilan maslahat qilganligini qayd etadi. Amir Temur tarixchi olimlarni juda eʼzozlagan va Sohibqironning buyrugʻi bilan saroyda bitikchilar, tarixchilar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu Amir Temur va temuriylar davrida tarixnavislik fani yuksak darajada rivojlanishiga olib keldi.
Shu tariqa, olimu ulamolar Amir Temur va temuriylar saltanatida katta hurmatga va mavqega ega ijtimoiy qatlamga aylangan ediki, bu Movarounnahr va Xurosonda Ikkinchi Islom uygʻonish davrini yuzaga chiqardi. Samarqand, Kesh, Buxoro, Hirot va boshqa shaharlarning maʼrifat va ilm fan markazlariga aylanishiga olib keldi. Buyuk ipak yoʻli boʻylab xalqaro savdo va madaniy aloqalar tiklandi, ilm fanning turli sohalaridagi hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, qoʻshni va uzoq mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari oʻrnatildi. Bu oʻzgarishlar zamirida Amir Temur asos solgan va koʻplab temuriy hukmdorlar davom ettirgan ilm fanga, madaniyat va sanʼatga, maorifga eʼtibor, ularga homiylikka yoʻnaltirilgan davlat siyosati muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Ulkan saltanatning turli hududlaridan Samarqandga kelgan olimu ulamolar ijodi, ularning ilmu fanning turli sohalarida olib borgan ilmiy faoliyatlari qadimiy Turon oʻlkasida yangi renessans davrini yuzaga kelishida asosiy oʻrin tutdi.
Dunyo tarixidan maʼlumki ilm fan taraqqiyoti katta sarmoya va davlat homiyligini talab etadi. Buni maʼrifatli hukmdor Amir Temur teran anglagani bois ulkan saltanatning barcha hududlarida ahli ilm, ahli ijodga homiylikni davlat siyosati darajasiga chiqardi. Zamonaviy terminlar bilan aytganda, ilm fanning turli sohalariga, taniqli olimu ulamolarga “davlat grantlari” ajratilib, ularning ilmiy faoliyati davlat gʻaznasidan moliyalashtirildi. Bu siyosat natijasida Islom dunyosining intellektual salohiyati Turon poytaxti Samarqandga va boshqa shaharlarga oqib kela boshladi. Olimlar jamiyatning nufuzli ijtimoiy qatlamiga aylandi. Ularning yashashi va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun barcha shart sharoitlar yaratildi.
Amir Temurning ilm fanga homiylik siyosati uning vorislari, xususan, Mirzo Ulugʻbek tomonidan ettirildi. Mirzo Ulugʻbek garchi uzoq Sultoniyada tavallud topgan boʻlsada, saltanat poytaxti Samarqandda tarbiya topdi, ilk savodini bobosi Amir Temurning saʼy harakatlari bilan butun islom dunyosining nufuzli ilm fan va maʼrifat markaziga aylangan shu azim shaharda chiqardi. Mirzo Ulugʻbek (1409-1449) islom dunyosining yirik taʼlim dargohlariga aylangan madrasalar barpo etish va bu madrasalarda dars berishga oʻz davrining yetuk olimu ulamolarini jalb yetishga katta eʼtibor qaratdi. Bu jihatdan Mirzo Ulugʻbek temuriy hukmdorlar ichida alohida oʻrin tutadi.
Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida Samarqandda Rasadxona, Buxoroda, Gʻijduvonda va Samarqandda madrasalar qurildi. Bu davrda birgina Samarqand shahrida 100 dan oshiq olimlar fanning turli sohalarida ajoyib yutuqlarga erishgan. Ular orasida Taftazoniy, Mavlono Ahmad, oʻz zamonasining “Aflotuni” deb nom olgan Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Koshiy, Muhammad Hafoviy, mavlono Ali Qushchi va boshqa taniqli zotlar bor edi. 1410-yilda Samarqandga kelgan va 1420-yilda ish boshlagan Ulugʻbek madrasasida mudarrislik qilgan Qozizoda Rumiy (1360-yil Bursa - 1437-yil Samarqand)ning tashabbusi bilan keyinchalik Samarqandga Gʻiyosiddin Jamshid al-Koshiy va boshqa taniqli olimlar taklif etilgan. Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasida 60ga yaqin olimlar fanning turli sohalarida faoliyat olib borgan. Zamondoshlari tomonidan “Aflotuni zamon” deya ulugʻlangan Qozizoda Rumiy madrasada matematika va astronomiyadan dars berib, Gʻiyosiddin Jamshidning vafotidan keyin rasadxona mudirligi vazifasi bajargan. Qozizoda Rumiy Samarqandda Ulugʻbek rasadxonasi qurilishiga ham rahbarlik qilgan, Ulugʻbekning «Ziji Kurogoniy» asarida yulduzlar jadvalini tuzishda qatnashgan.
Shu tariqa, olimu ulamolar Amir Temur va temuriylar saltanatida katta hurmatga va mavqega ega ijtimoiy qatlamga aylangan ediki, bu Movarounnahr va Xurosonda Ikkinchi Islom uygʻonish davrini yuzaga chiqardi. Samarqand, Kesh, Buxoro, Hirot va boshqa shaharlarning maʼrifat va ilm fan markazlariga aylanishiga olib keldi. Buyuk ipak yoʻli boʻylab xalqaro savdo va madaniy aloqalar tiklandi, ilm fanning turli sohalaridagi hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, qoʻshni va uzoq mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari oʻrnatildi. Bu oʻzgarishlar zamirida Amir Temur asos solgan va koʻplab temuriy hukmdorlar davom ettirgan ilm fanga, madaniyat va sanʼatga, maorifga eʼtibor, ularga homiylikka yoʻnaltirilgan davlat siyosati muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Shohruh (1405-1447), Mirzo Ulugʻbek (1409-1449), Sulton Abu Said (1451-1469), Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506) davrlarida fan va madaniyat yuksalib, Movarounnahr va Xuroson islom dunyosining yirik madaniy markazlari sifatida shuhrat topdilar.
Alisher Navoiy ham oʻz davrining koʻplab fan, sanʼat va adabiyot namoyandalariga homiylik qilib, Sohibqiron asos solgan anʼanalarni davom ettirgani maʼlum. Jumladan, Kamoliddin Behzod, Sulton Ali Mashhadiy, Husayn Uddiy, Kamoliddin Binoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Husayn Voiz Koshifiy, Mirxond, Zayniddin Vosifiy va boshqalar ijodiy faoliyatida Alisher Navoiyning homiyligi katta oʻrin tutgan.
Yangi Oʻzbekistonni 2022-2026-yillarda rivojlantirish strategiyasida taʼlim tizimini yuksak darajada rivojlantirish, Oʻzbekistonda uchinchi renessans davrini yaratadigan barkamol avlodni tarbiyalash masalasi dolzarb vazifa sifatida belgilandi. Bu masalalar Prezident Sh.M. Mirziyoyevning Xalq taʼlimi sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha belgilagan vazifalarida ham yaqqol bayon etib berildi. Bu vazifalarni hayotga tatbiq etishda Amir Temur va temuriylar davri taʼlim tizimini chuqur oʻrganish va tarixiy tajribalardan zamonaviy asosda foydalanish ham amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi.
Oʻ. Mavlanov,
OʻzMU professori, tarix fanlari doktori
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring