Amerikaning mashhur “The Wall Street Journal” gazetasida Amir Temur maqbarasiga bagʻishlangan maqola chop etildi

18:52 03 Yanvar 2024 Dunyo
756 0

Maqola muallifi Melik Kaylan Amir Temur maqbarasidan olgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, uning Samarqandning sokin hududida joylashganligini alohida taʻkidlaydi.

Muallif maqbaraga shunday taʻrif beradi: “Fasadga yaqinlashganingizda, ajoyib koshinlar va muqarnaslar bilan bezatilgan majmuaning monumental darvozalariga duch kelasiz. Undan oʻtgach, siz taxminan 40 metrlar chamasida gorizontal yoʻnalishda choʻzilgan va uning orqasidagi binolarni deyarli soyada qoldiradigan, koʻplab mehroblar bilan bezatilgan asosiy qabr qoʻyilgan oq partalga roʻbaroʻ kelasiz. Uning ikki tomonida nafis xattotlik koshinlar bilan bezatilgan asl toʻrtta minoraning ikkita qayta tiklangan nusxasi joylashgan. Majmuaning uzoqdan qaraganda eng ustun jihati – bu bosh bino tepasida quyoshda yaraqlab turgan, balandligi 40 fut keladigan juda nafis gumbazlaridir. Ikki kirish yoʻlagi oʻrtasida bir vaqtlar madrasa va mehmon uyi boʻlgan yarim choʻkkan, loy xarobalari qolgan toʻrtburchak hovli bor. Majmua ichida mehmon uchun aniq geometriyani taʻkidlaydigan, gumbazning dabdabasini va maqbaraning asosiy binosining sakkiz qirrali tuzilishini toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrishdan niqoblaydigan effekt mavjud”.

Maqolada Melik Kaylan Samarqand haqida ham toʻxtalib, Amir Temur uni ulkan saltanatining poytaxti etib tanlagani, shaharni kengaytirib, Ipak yoʻlidagi savdo, fan va madaniyat markazi sifatida bunyod etganini taʻkidlagan.

Shuningdek, Amir Temur davrida astronomiya, matematika va metafizika yagona fan boʻlganini, hukmdor oʻzining jahon poytaxtida muhim madaniyat markazini tashkil etish uchun bosib olingan shaharlardan hunarmandlarni Samarqandga olib kelingani, shu sababli, bu davrda Samarqandda sanʻat va fan, ayniqsa meʻmorchilik va miniatyurada yangi Uygʻonish davriga asos solinganini ham alohida eʻtirof etadi.

Melik Kaylan maqolani yakunlar ekan, Amir Temur maqbarasi oʻtgan asrning 50-yillarigacha qayta tiklanmagani, biroq Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach maqbarani qayta tiklash va Amir Temur merosini qaytarishga kirishilganini ham ijobiy baholaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?