Amaliy tashabbuslar samaralari hayotimizda aks etmoqda
Mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligi amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligiga bevosita bogʻliq. Shu bois bugun barcha hududda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, turmush tarzini yaxshilash, sihat-salomatligini mustahkamlash, pirovardida xalqimizning oʻz hayotidan rozi boʻlib umrguzaronlik qilishlarini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etib, poytaxtimiz aholisi bilan samimiy muloqot qilmoqda.
Xususan, Yashnobod, Chilonzor, Bektemir, Yangihayot, Olmazor, Uchtepa, Shayxontohur tumanlarida shahar va tuman mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirlarda mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, konstitutsiyaviy islohotlar natijalari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahriga berayotgan eʼtibori, oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Xususan, birinchi marta umumxalq referendumi orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani, unga inson qadrini ulugʻlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlashga doir muhim yangi normalar kiritilgani haqida keng tushunchalar berildi.
— Bosh Qomusimizda belgilangan konstitutsiyaviy normalar barcha sohada “inson qadri”ning yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson — jamiyat — davlat” tizimi asosida yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini beradi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenova. — Uning ijrosini toʻliq taʼminlash birinchi navbatdagi ustuvor vazifa boʻlib, biz, deputatlar ham ushbu jarayonda faol boʻlishimiz kerak. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan muloqotlar ham ana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Masalan, Konstitutsiyamizda majburiy mehnat, bolalar mehnatining ogʻir shakllaridan foydalanish taqiqlanishi va javobgarlikka sabab boʻlishi, shuningdek, fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi aks etgan. Bugun har bir fuqaro shu kabi va boshqa huquqlarini ham bilishi kerak va shart.
Muloqotlar chogʻida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, shuningdek, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan va yaqinda quyi palatada qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumotlar berdi.
— Konstitutsiyaviy Qonun yurtimizdagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda muhim oʻrin tutadi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova. — Mazkur hujjat bilan mamlakatimizda birinchi marta saylov tizimi mutlaqo yangicha asosda oʻtkazilishining huquqiy zamini mustahkamlandi. Yaʼni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazish belgilandi. Ushbu amaliyot siyosiy partiyalar va deputatlar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Maʼlumki, 18-noyabr — “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan kun. Har yili ushbu kun muhim sana sifatida keng nishonlanadi.
Uchrashuvlarda Davlat bayrogʻining ahamiyati, uning mamlakat hayotidagi oʻrni haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Deputatlar tashabbusi bilan 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun asosida davlat bayrogʻidan foydalanish tartibi yanada soddalashtirilgani haqida toʻxtalib oʻtildi.
Muloqotlardan soʻng, Qonunchilik palatasi deputatlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktab, tibbiyot muassasasi va mahallalarda koʻchatlar ekib, “yashil bogʻlar” tashkil qilishga oʻz hissalarini qoʻshdi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va bir guruh deputatlar Yashnobod tumanidagi 339-umumtaʼlim maktabida nuroniylar, mahalla faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda yoshlar bilan koʻchatlar ekdi. Shuningdek, yana bir guruh deputatlar ishtirokida Chilonzor tumani faollari bilan birgalikda koʻplab daraxt va koʻchatlar oʻtqazildi.
— Butun mamlakat boʻylab quloch yoygan ushbu tashabbus barchani bir maqsadga birlashtirmoqda, — deydi yashnobodlik pensioner Ikrom Shermuhammedov. — Mahallalar atrofi obodonlashtirilyapti, shahrimizning ijtimoiy infratuzilmasi yanada yaxshilanmoqda. Yangi qurilayotgan uy-joylar koʻplab yosh oilalarning oʻz uylariga ega boʻlishlarini taʼminlamoqda. Ilgarilari buni faqat orzu qilish mumkin edi. Poytaxtimiz chindan aytganda, keyingi yillarda yashash uchun eng qulay hududga aylanmoqda. Zamonaviy yangi yoʻllar va koʻpriklar qurilmoqda, jamoat transporti yoʻnalishlari koʻpaytirilmoqda, yangi metro liniyalari tashkil etilmoqda. Albatta, bundan biz, yoshi ulugʻlar juda mamnunmiz.
Qisqacha aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu ezgu tashabbus atrofimizni yashillikka burkash, ekologiya musaffoligini taʼminlashda muhim oʻrin tutishi barobarida, shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar davom etadi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring