Alisher Navoiy haykali — koʻp asrlik doʻstlik namunasi
Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”
Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining ochilishi qardosh oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlikning naqadar teran hamda ahamiyatli ekanini aks ettiruvchi ramziy voqeadir. Mamlakatlarimiz tarixi sahifalarida muhim oʻrin tutuvchi ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi.
Alisher Navoiyning ijodiy salohiyati Markaziy Osiyodagi koʻplab xalqlar adabiyoti va falsafasida oʻz aksini topib, bugungi kunga qadar donolik hamda ilhom ramzi boʻlib kelmoqda. Buyuk shoirning gumanistik gʻoyalarga boy asarlari xalqlarni birlashtirishda davom etmoqda, oʻzaro hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda.
Bolat TILEP,
Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti rektori:
— Mamlakatlarimiz madaniy hayotida muhim voqea — Ostonada oʻzbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining ochilishiga guvoh boʻldik. Mir Alisher Navoiy — turkiy xalqlarning maʼnaviy taraqqiyotiga chuqur taʼsir koʻrsatgan ulugʻ shoir va faylasuf. Uning asarlari va gʻoyalari madaniyatlararo muloqot, oʻzaro hamjihatlik uchun munosib asos boʻlib xizmat qiladi.
Yaqinda universitetimizda Alisher Navoiy markazi tashkil etilganidan faxrlanamiz, oʻylaymanki, bu joy ulugʻ shoirning ijodini oʻrganish va ommalashtirishning oʻziga xos platformasiga aylanadi. Markaz talabalar va olimlar oʻrtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashga, bilim va gʻoyalar almashinuviga, Alisher Navoiy merosiga bagʻishlangan konferensiyalar, seminarlar oʻtkazilishiga yordam beradi.
Ostonada Alisher Navoiy haykalining ochilishi va Olmaotada, yaʼni bizning universitetimizda Sharqning buyuk mutafakkiri hayoti va ijodini oʻrganishga bagʻishlangan markazning tashkil etilishi — bularning barchasi umumiy madaniy merosimizni saqlash hamda rivojlantirishga intilish yoʻlida birlashtiruvchi qadamlardir. Ishonamizki, bunday ezgu tashabbuslar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Alisher SATVALDIYEV,
Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati deputati:
— Qozogʻiston poytaxtida oʻzbek xalqining asl farzandi Alisher Navoiy haykalining ochilishi, avvalambor, uning ijodiy merosiga hurmat ramzi hisoblanadi. Bu tarixiy voqea Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy, maʼnaviy aloqalarni mustahkamlashga qoʻshilgan muhim hissadir.
Xalqlarimizni nafaqat geografik jihatdan yaqinlik, balki koʻp asrlik doʻstlik, umumiy tarixiy ildizlar birlashtiradi. Qozoqlar va oʻzbeklar hamisha bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelgan, bu hamkorlik hozir ham davom etmoqda hamda tinch va samarali hamjihatlik uchun asos yaratmoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar hamkorligimizda muhim elementdir. Qoʻshma tashabbuslar va qonunchilik loyihalari turli sohalarda, iqtisodiyotdan madaniyatgacha boʻlgan aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻsh-moqda, ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga va mamlakatlarimiz oldidagi umumiy vazifalarni hal etishga yordam beradi.
Qayrat SAQ,
L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti siyosatshunoslik va jurnalistika fakulteti dekani:
— Alisher Navoiy asarlari oʻz davridan tortib shu kungacha hali-hanuz dolzarb boʻlib, koʻplab avlodlar uchun ilhom bagʻishlab kelmoqda. Ulugʻ mutafakkir doʻstlik, insoniylik va oʻzaro tushunish gʻoyalari orqali xalqlarni birlashtirgan. Uning merosi xalq-larimiz oʻrtasidagi madaniy va tarixiy aloqalar koʻp asrlik tarixga ega ekanini esga soladi, zamonaviy hamkorlik hamda yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Qozogʻiston poytaxtida oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining ochilishi butun mintaqamiz uchun muhim va ramziy voqeadir. Shoirning ulugʻvor haykali uning umumiy tariximizdagi eng muhim shaxslardan biri sifatidagi rolini hurmat va eʼtirof etish ramzidir.
Ishonamizki, ham tarixiy, ham maʼnaviy ushbu voqea Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlashda yangi bosqich boʻladi, yosh olimlarimiz oʻrtasidagi ilmiy va madaniy almashinuvlarni yanada rivojlantirishga ilhomlantiradi.
Nurlan USMONOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring