Aholi endi ravon koʻchalardan bahramand boʻladi

12:33 26 Sentyabr 2024 Jamiyat
186 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon tumanidagi “Qoʻm koʻcha” mahallasida yashovchi aholining quvonchi cheksiz. Sababi, soʻnggi 30-40-yildan buyon hukm surib kelayotgan muammolari ijobiy yechim topib, 1,5 kmdan iborat ichki koʻchalarga asfalt bosildi.

— Har yili kuz mavsumida qoʻshnilar oʻzaro pul toʻplab, shagʻal toʻkib olardik, — deydi shu koʻchada yashovchi Sobirjon Mamataliyev. — Biroq, bu muammoga yechim boʻlmadi. Qishning yarmiga yetib bormay yana loy yoʻldan yurishimizga toʻgʻri kelardi. Hududlar infratuzilmasini shakllantirish doirasidagi amaliy ishlar natijasida, mana, koʻchalarimiz asfaltlashdi. Endi yogʻin-sochinli kunlarda ham bemalol ravon yoʻlda yursak boʻlaveradi!

Aytish joiz, bugungi kunda viloyatda 3 ming 870 kmdan iborat ichki koʻchalar taʼmirtalab boʻlib, shu kungacha ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 46,1 milliard soʻm mablagʻ hisobiga jami 238 kilometr yoʻlda qurilish-montaj ishlari bajarildi. “Mening yoʻlim” dasturi doirasida 48 kilometr ichki yoʻl taʼmirlandi. 229,7 kilometr tuproq yoʻlga shagʻal yotqizildi. Hududlar infratuzilmasini yaxshilashda “Tashabbusli byudjet” loyihasining ham ahamiyati katta boʻlmoqda. Joriy yil 1-mavsumda ovoz berish natijalariga koʻra umumiy qiymati 82 milliard 210 million soʻmga teng boʻlgan 63 ta loyiha gʻolib deb topildi. Mazkur loyihalar doirasida mahallalar yoʻlining 221,2 kilometr qismida asfaltlash ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?