Ahillik, obodlik va yaratuvchanlik ramzi

14:21 13 Fevral 2025 Jamiyat
89 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Erta koʻklamda olis qishloqlar, mahallalarda, tarixiy-madaniy obidalar, ziyoratgoh va qabristonlarda hashar uyushtirib, har bir hududni ozoda saqlashga oʻz hissasini qoʻshayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib koʻzimiz quvonadi.

— Fargʻona viloyatida ayni paytda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” tamoyili asosida 1 ming 62 ta mahalla fuqarolar yigʻinida ommaviy hasharlar uyushtirilmoqda, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nafisaxon Elchiyeva. — Mahalla koʻchalari, istirohat bogʻlar, qabristonlar saranjom-sarishta qilinmoqda. Xususan, “Azimobod” mahalla fuqarolar yigʻinida ichki koʻchalarga beton ariqlar yotqizildi. Hududdagi bogʻchada keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borildi.

— Joriy yilda hasharlar orqali mahallamiz hududida 17 ming tupdan ziyod mevali daraxtlar ekildi, — deydi Oltiariq tumanidagi “Joʻrak” MFY raisi Qobiljon Hoshimov. — Hozirda hasharlarni davom ettirib, ichki koʻchalar va yoʻllarda keng qamrovli obodonlashtirish ishlarini davom ettiryapmiz. Shu maqsadda mahalla byudjeti ham shakllantirilgan. Mahalla nuroniylari, faollar va tadbirkorlarimiz bunday ezgu yumushlarda astoydil kamarbasta boʻlmoqda.

Ammo hasharga munosabat borasida kayfiyatni buzadigan holatlar ham uchrab turibdi. Bugun oramizda hashar deyilsa yetti koʻcha naridan oʻtishga harakat qiladigan, uyida bekor oʻtirsa-da, baholi-qudrat oʻz hovlisi, koʻchasini tozalashga chiqishni istamaydiganlar ham topiladi. Mehnat jamoalari yoki ijtimoiy soha muassasalarida hashar uyushtirilsa, uni tezda majburiy mehnat sifatida talqin etishga urinuvchilar ham bor.

— Ilgari mahalla ahli hashar yoʻli bilan yangi uylar qurib, eskisini taʼmirlashda ishtirok etgan, — deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abduxalil Bobojonov. — Toʻgʻri, hozir aynan, uy-joy masalasida hasharlarga ehtiyoj yoʻq. Istaganda qurilish materiallari topiladi. Shaxsan men uyimni pishiq-puxta loyiha asosida professional quruvchilar bunyod etishini xohlayman. Ammo mahalla obodligi, yashil maydonlar va xiyobonlarni kengaytirish, ariqlar tozaligi xususida gap ketganda, albatta, hasharlar kerak.

“Obodlik koʻngildan boshlanadi” degan qadim hikmatning isbotini bugun mahallalardagi obodlik va yaratuvchanlikda ham koʻrish mumkin. Oʻzbek degan nom bor ekan, hashar tushunchasi ham ahillik ramzi boʻlib qolaveradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер