«Oltin qalamli jurnalistlar»

16:27 11 Fevral 2025 Jamiyat
236 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Poytaxtimizning Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan nashr etilgan «Oltin qalamli jurnalistlar» kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, taniqli ustoz jurnalistlar, ijodkorlar, ziyolilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Taqdimotni ochgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov ushbu kitobni nashrga tayyorlash jarayonlari haqida to‘xtalib, unga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan 50 nafarga yaqin ustoz jurnalistlar, o‘tkir qalam ustalarining publisistika, jurnalistik surishtiruv, ocherk, felyeton kabi 8 ta janr bo‘yicha eng sara materiallari jamlangani haqida ma’lumot berdi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan «Yangi O‘zbekiston» – «Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori, «Ishonch» va «Ishonch – Doveriye» gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, taniqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad, ustoz fotograf Abdug‘ani Juma, «Guliston» jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov va boshqalar ushbu to‘plam nainki jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan yoshlar, balki zamon bilan hamnafas bo‘lgan ijod ahli, ziyolilar uchun ham ahamiyatli ekani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Ushbu kitobga Abdug‘ani Juma, Alimurod Mamadaminov, Anvar Ilyosov, Hamdam Shorahmedov kabi tajribali fotojurnalistlarning, Hasan Paydoyev, Husniddin Ato, Xolida Musurmonova, E’zoza Umrzoqova singari yoshlarning bugungi kun nafasini o‘zida mujassam etgan 70 ga yaqin hayotiy fotomateriallari kiritilgani ham yangiliklardan biri bo‘ldi, — dedi Xolmurod Salimov. – Kelgusida ularning ijod namunalarini ham «Oltin qalam» tanlovi nominatsiyalariga kiritish ustida ish olib borayapmiz.

Hozirgi paytda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmamiz hududiy bo‘limlari qoshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida bo‘lajak media soha vakillari uchun «Mahorat maktablari», «Yosh jurnalistlar» to‘garaklari tashkil etildi. Ushbu to‘plam mazkur maktab va to‘garaklarda ta’lim olayotgan yoshlar uchun ham zarur manba bo‘ladi.

— Ushbu kitobga ayni davrda matbuotimizda kamayib ketayotgan felyeton, ocherk, jurnalistik surishtiruv, esse kabi 8 ta jurnalistik janr bo‘yicha eng sara materiallari kiritilgani albatta yaxshi, — dedi yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad.

 — Pamflet janri o‘tgan asrning 30 yillarida, Abdulla Qodiriyning «Julqunboyi» tilidan yozilgan pamfletlardan keyin umuman matbuotimiz sahifalaridan yo‘qolib ketdi. Lekin ushbu kitobdan taniqli jurnalist Nurulloh Oston tomonidan yozilgan pamfletlar ham o‘rin olgani meni juda xursand qildi.

— Bugun mamlakatimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni, o‘zgarish va yangilanishlarni tezkor, xolis-haqqoniy, adolatli yoritish ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu jarayonda jurnalistika janrlaridan samarali foydalanish ahamiyatli, — dedi «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri, taniqli jurnalist Abdurasul Jumaqulov. — Ushbu to‘plamga bugungi kunda milliy jurnalistikamizda, matbuotimizda deyarli uchramayotgan felyeton, jurnalistik surishtiruv janrlariga oid materiallar kiritilgan. Media soha bo‘yicha ta’lim olayotgan yoshlarimiz mazkur kitobda berilgan ustoz jurnalistlarning ijod namunalarini mutolaa qilish orqali jurnalistika janrlari bo‘yicha materiallar qanday yozilishini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Tadbirda ushbu kitobni tayyorlashda ustoz jurnalistlar Abdusaid Ko‘chimov, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, O‘tkir Rahmatov, Sherzodxon Qudratxo‘ja, Salim Doniyorov, Halim Saidovlarning xizmati salmoqli bo‘lgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir yakunida Uyushmaga yangi qabul qilingan a’zolarga guvohnomalar topshirildi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер