“AGROPRO EXPO-2023": qishloq xoʻjaligida innovatsion yechimlar, samarali muloqot va istiqbolli kelishuvlar

20:18 23 Fevral 2023 Jamiyat
620 0

Foto: Xalq so‘zi

Avval xabar berganimizdek, 21-23-fevral kunlari Samarqandda “AGROPRO EXPO-2023" agrosanoat II xalqaro koʻrgazma yarmarkasi boʻlib oʻtdi. “SOF EXPO SAMARKAND” koʻrgazmalar markazida tashkil qilingan yarmarka qishloq xoʻjaligi texnikalari va uskunalari, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish tarmoqlari, chorvachilik, parrandachilik, standartlashtirish va sertifikatlashtirish kabi soha vakillarini bir yerga jamladi. Unda Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, Yevropa va Osiyo mamlakatlari, jumladan, Germaniya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Eron va Janubiy Koreya kabi qishloq xoʻjaligi rivojlangan davlatlar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 150 dan ortiq kompaniya va korxonalar 20 mingdan ortiq mahsulot va xizmatlarni taklif etdi.

Ushbu koʻrgazmaning yil boshida oʻtkazilishi bejiz emas. Chunki bahorgi yumushlar boshlanishidan oldin dehqon-fermerlarimiz sifatli urugʻ tanlash, maydonlarga suv tejovchi texnologiyalar joriy etish va zamonaviy texnikalar xarid qilish uchun ayni palla juda qulay hisoblanadi.

— Agrar sohada innovatsiya nima uchun kerak, deb oʻylagan dehqon xato qiladi, — deydi Samarqand viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari v.b. Feruz Abilov. — Dehqon yangilik qilmasa, innovatsion texnologiyalarni joriy etmasa, har yilgiday urugʻni ekaman, hosilni olaveraman, deb oʻylashi notoʻgʻri. Bugun qishloq xoʻjaligida butunlay yangi texnologiya, yangicha uslublar qoʻllanilmoqda. Jahonning sohada yetakchi davlatlarida ham yerga nisbatan munosabat tamomila oʻzgargan. Har qarich yerdan unumli foydalanish, tejamkor yoʻllar bilan yuqori hosildorlikka erishish – zamon talabi. Bu koʻrgazmada ham zamonaviy va tejamkor uskunalar namoyish etilmoqda. Ular yordamida bir nechta jarayonni bir vaqtda bajarish mumkin. Birgina piyoz ekishda biz odatiy usulda gektariga 16 kilogramgacha urugʻ sarflaymiz. Zamonaviy seyalka yordamida gektariga 4 kilogramm urugʻ ekish mumkin. Mana, dehqon eski usulda ishlab urugʻ ekishning oʻzidan zararni boshlaydi. Shuning uchun innovatsiya qishloq xoʻjaligida dolzarb hisoblanadi.

Koʻrgazmada mevali va manzarali daraxt koʻchatlari, urugʻlar, qishloq xoʻjalik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, zamonaviy uskunalar, toʻquv-trikotaj mahsulotlar, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash, qadoqlash xizmatlari ham namoyish etildi. Shuningdek, xorijdan keltirilgan yirik va mayda shoxli chorva mollari, quyonchilik, baliqchilik, parrandachilik xoʻjaliklari uchun uskunalar va ozuqa mahsulotlari ham taqdim etildi.

Suvni tejash, yuqori hosildor urugʻ tanlash dehqonning bugungi kundagi asosiy tashvishiga aylangan. Ushbu koʻrgazma pavilyonlaridan oʻrin olgan asosiy yangi ishlanmalarni ham shular tashkil etdi.

— Korxonamiz 2018-yildan buyon asosan ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatish bilan shugʻullanadi, — deydi “Agro Boss IRRIGATION” MCHJ vakili Shamsiddin Qurbonov. — Korxonamiz qishloq xoʻjalik klasterlari bilan hamkorlikda paxta, gʻalla, poliz ekinlari va boshqa turdosh ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etamiz. Oʻtgan vaqt davomida korxonamiz tomonidan 4 ming gektarga yaqin maydonda ushbu texnologiya oʻrnatib berildi. Samarqandning iqlim sharoiti va yerning holati va samaradorligidan kelib chiqib asosan tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalariga talab yuqori boʻlmoqda. Talabdan kelib chiqib, Samarqand shahrida suv tejovchi texnologiyalarning 80 foizini oʻzimizda ishlab chiqaruvchi korxona ham tashkil qildik.

Germaniyaning «Kronen» kompaniyasi esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xususan, meva va sabzavotlarni qayta ishlash, saralash, qadoqlash va saqlash sohasida korxonalarga zamonaviy texnologiyalarni yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Koʻrgazmada mazkur kompaniya vakillari ham ishtirok etib, fermer va tadbirkorlar bilan muloqotda boʻlishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, tashkil etiladigan korxonalar uchun uskunalar yetkazib berish boʻyicha hamkorlik kelishuvlariga erishdi.

Bugungi kunda agrar sohani har tomonlama rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni tarmoqqa keng jalb qilish orqali yuqori hosildorlikka erishish ustuvorlik kasb etmoqda. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sogʻlom, sifatli va serhosil koʻchatlar bilan taʼminlash eng dolzarb masalaga aylangan. Jomboy tumanida xorijdan keltiriladigan intensiv koʻchatlarni laboratoriya sharoitda koʻpaytirish borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ana shu yoʻldagi muhim qadamlardan biri boʻlmoqda. Zamonaviy INVETRO laboratoriyasida hozirda 100 turga yaqin mevali daraxt koʻchatlari yetishtirilyapti. Koʻrgazmada fermer, dehqon va bogʻbonlar uchun ushbu koʻchatlarning afzalliklari, iqtisodiy samarasi hamda yangi bogʻlarni tashkil etish boʻyicha ishtirokchilarga zarur tavsiyalar berildi.

Tadbirda, shuningdek, tijorat banklari va boshqa moliya tashkilotlari tomonidan qishloq xoʻjalik xodimlari uchun qulay xizmat turlari bilan tanishtiruvlar ham oʻtkazildi.

Uch kun davom etgan “AGROPRO EXPO-2023" II xalqaro koʻrgazma yarmarkasi yakuniga yetdi. Unda 20 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi korxonalari xodimlari, fermer va dehqonlar ishtirok etib, qator oʻzaro manfaatli hamkorlik shartnomalarini imzolashga muvaffaq boʻldi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?