Abdulla Oripov sheʼrlarini turkmanchaga oʻgirgan qashqadaryolik oʻqituvchiga nashriyot nega gonоrar toʻlashni paysalga solyapti?

14:36 13 Dekabr 2021 Madaniyat
1336 0

Foto: "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov asarlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shoirning 80 yilligi munosabati bilan uning sheʼrlari  turkman milliy madaniy markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimi tashabbusi bilan Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan turkman tilida chop etildi. Bu mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turkman millatiga mansub aholi uchun ajoyib tuhfa boʻldi.

Chiroyli muqovada va 500 nusxada nashrdan chiqqan kitobga Abdulla Oripovning 250 ga yaqin sheʼri kiritilgan boʻlib, ularni Mirishkor tumanidagi Chandir qishlogʻida yashovchi keksa oʻqituvchi Jumadurdi Akiyev tarjima qilgan. Tarjimonning aytishicha, otashnafas shoir hayotlik paytidayoq sheʼrlarining turkman tilidagi tarjimasi bilan tanishib, yuqori baho bergan.

— Abdulla Oripov bilan tarjima ustida birga ishlaganmiz, — deydi Jumadurdi Akiyev. — Sheʼrlarining har bir misrasini turkmanchada jaranglashini tinglab, baʼzi joylariga oʻzgarish kiritishimni soʻrardi. Tarjimalarim buyuk shoir nazaridan oʻtganidan juda faxrlanaman.

Afsuski, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Jumadurdi Akiyevga gonоrar toʻlash paysalga solinmoqda. Tarjimonning gaplariga koʻra, kitob shu yilning bahorida chop etilgan boʻlsa-da, hozirga qadar gonоrar toʻlab berilmagan. J. Akiyev nashriyotga qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganidan norozi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?